"Dollar bank orqali erkin sotilsin"

Image copyright Getty

O‘zbekiston erkin bozorida dollar narxining bir kunda qariyb ming so‘mga qimmatlashishi oddiy odamlarni qiyin ahvolga solgan. Kuzatuvchilar dollar banklar orqali erkin sotuvga chiqarilishi kerakligini ta‘kidlashmoqda.

22 oktyabr kuni 6000 so‘mga chiqib ketgan dollar 23 oktyabrda 5800 so‘mga tushgan.

Toshkentdan tadbirkor G‘ayrat O‘zbekistonda dollarning qimmatlab ketishiga Rossiyada bo‘layotgan inqirozning bevosita ta‘siri borligini aytadi.

"2008-2010 yillarga kelib O‘zbekiston iqtisodiyoti o‘zini ancha o‘nglab, chetga avtomobil, qishloq xo‘jalik mahsulotlari eksporti hisobiga valyuta bozorida vaziyat ancha barqarorlashdi. 2014 yilning bahorigacha ham ahvol ancha yaxshi edi. O‘tgan yilning bahoridan boshlab 2700 dan ko‘tarilgan kurs bugunga kelib 6000 ga chiqib ketdi. Bunga 2014 yildan boshlab Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi mojarodan so‘ng G‘arbning Rossiyaga nisbatan joriy qilgan sanktsiyalari sababchi", - deydi tadbirkor.

Suhbatdoshimizga ko‘ra, Rossiya bozorida dollar kursining keskin ko‘tarilib ketishi, o‘zbek avtomobillari eksportining tushib ketishi, qishloq xo‘jalik mahsulotlari eksportining ham kamaygani hamda Rossiyadagi muhojirlar soni va ular yuborayotgan pullarning kamayishi o‘zbek so‘mining qadrsizlanishiga olib kelgan.

G‘ayratning aytishicha, dollar ko‘tarilib ketgan vaqti iste‘mol ko‘rsatgichlari tushib ketadi. Odamlar zarur mahsulotlarni olish bilan cheklanadi. Bunga sabab narxlarning oshgani va mablag‘ topishning qiyinlashuvidir. Kiyim kechak va xo‘jalik mollari savdosi susaygan.

Chetdan dollar hisobiga keladigan barcha mahsulotlarning narxi avtomatik ko‘tariladi. Hatto O‘zbekistonning ichida ishlab chiqariladigan ayrim mahsulotlarning ham narxi ko‘tariladi.

"Yana shunday holat ham borki, O‘zbekistonning o‘zida ishlab chiqariladigan juda ko‘p mahsulotlar ham dollar kursiga qarab sotiladi. Masalan, "Sho‘rtangaz"dan chiqadigan granula bor. Plastmas idishlarning xom-ashyosi. Granulani ishlatib plastmassa idishlar chiqaradigan tanishlarim bu mahsulotni Sho‘rtandan dollarga olamiz, deb aytishadi. Menga shu narsa tushunarsiz".

Tadbirkorga ko‘ra, O‘zbekistonda eksport mahsulotlarining miqdori import qilinadigan mahsulotlardan kam bo‘lib turishda davom etaversa, dollar narxi bundan so‘ng ham tushmaydi.

Biroq oddiy odamlar bu kabi o‘zgarishlardan qattiq jabr ko‘rmoqda.

"Eng ma‘qul variant bu dollarni erkin savdoga chiqarish kerak. Banklarga ruxsat berilishi va valyuta ayirboshlash shohobchalari faoliyati tiklanishi kerak. Xususiy tadbirkorlarga ham dollar savdosi bilan shug‘ullanishga ruxsat berilishi kerak. Bu davlatga qo‘shimcha mablag‘ olib keladi. Dollar kirib kelish kam bo‘lsa, erkinlashtirilganda ham dollar narxi oshadi. Lekin raqobat bo‘ladi va hammasi qonuniy bo‘ladi", - deydi G‘ayrat.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

Bu mavzuda batafsilroq