DolarToday web-saytini sudga berishmoqchi

Image copyright Getty

Venesuela Markaziy banki AQShda joylashgan DolarToday web-sayti ustidan AQSh mahkamasiga shikoyat arizasi bilan murojaat qilgan.

Markaziy bankka ko‘ra, bu web-sayt kiberterrorizm bilan shug‘ullanayapti va Venesuelada iqtisodiy vahima tarqatayapti va mamlakatda inflyatsiya ko‘payib ketishiga sababchi bo‘layapti.

Venesuela Markaziy banki DolarToday web-sayti faoliyatini to‘xtatishni hamda sayt sohiblaridan tovon puli undirishni talab qilmoqda.

DolarToday Venesuela milliy valyutasi hisoblangan bolivarning qiymatlarini e‘lon qilib boradi.

24 oktyabr kuni "qora bozor"dagi 1 AQSh dollari narxi 820.60 bolivarni tashkil qildi, deya xabar qilmoqda web-sayt.

DolarToday Venesuela bolivarining rasmiy kursini ham e‘lon qilgan.

Rasmiy kurs bo‘yicha 1 AQSh dollari qiymati 6,3 bolivarni tashkil etgan.

Venesuelada muhim import tovarlarini subsidiyalash maqsadida uch xil valyuta kursidan foydalaniladi.

DolarToday web-sayti xabar qilishicha, 820.60 bolivarlik narx Venesuelaning Kolumbiya bilan chegarasida kechayotgan oldi-sotdiga asoslangan.

Bundan oldin Venesuela Prezidenti Nikolas Maduro DolarToday web-saytini Venesuelaning sotsialist hukumatiga qarshi fitnaga til biriktirgan xalqaro kapitalistlar amallarining bir qismi deya ta‘riflagan edi.

Reyter axborot agentligi xabar qilishicha, DolarToday web-saytiga bir kunda qariyb 1 million mushtariy kiradi.

Twitterdagi obunachilari soni esa 1, 93 million kishini tashkil etadi.

Tanqidchilarga ko‘ra, Venesuela hukumatining valyuta nazoratini ushlab turgani va iqtisodiyotga keng miqyosda interventsiya bilan shug‘ullanayotgani tovarlar taqchilligi va mamlakat Yalpi Ichki mahsuloti torayishiga olib kelmoqda.

Venesuela valyutasi bolivar boshiga tushayotgan narsalarni O‘zbekiston so‘mi ham ko‘rmoqda.

O‘zbekiston hukumati mavjudligini tan olmaydigan, biroq mamlakatdagi aksar tovar va xizmatlar haqiqiy bahosini belgilab beradigan valyutaning "qora bozor"ida AQSh dollari kursi keskin ko‘tarilib ketdi.

23 oktyabr kuni dollar 6200 so‘mga ham chiqqan.

24 oktyabr kuni dollarni sotib olish qiymati 5500-5600 so‘mni, sotish kursi esa 5700 so‘mni tashkil etgan.

O‘zbekiston Markaziy banki kursi 1 AQSh dollari uchun 2663 so‘m etib belgilangan.

O‘zbekiston Markaziy Banki DolarToday web-saytini mahkamaga bermoqchiymi yoki yo‘qmi, noma‘lum.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

Bu mavzuda batafsilroq