O‘zbekistonga yangi qiruvchi uchoqlar nimaga kerak?

Image copyright none

Janubiy Koreya matbuotining xabar berishicha, AQSh O‘zbekistonga 12 ta T50 rusumidagi qiruvchi uchoqlarni sotishga ruxsat bermagan.

Korea Times gazetidagi maqolaga ko‘ra, ushbu qiruvchi uchoqlar 2006 yili AQShning Lockheed Martin shirkati bilan hamkorlikda Amerika texnologiyalari asosida ishlab chiqilgandi.

Shuning uchun ham Janubiy Koreya bu uchoqlarni xorijga sotishdan avval AQShdan ruxsat olishi kerak edi.

BBC bilan suhbatda Rossiyalik harbiy sharhlovchi Aleksandr Goltsning aytishicha, T50 mashq uchoqlaridir.

Aleksandr Golts: Janubiy Koreya bu uchoqlarni AQShning elektron uskunalari va dvigatellaridan foydalanib ishlab chiqqan. Ana shuning uchun Janubiy Koreya bu uchoqlarni biron boshqa mamlakatga sotish uchun AQShdan ruxsat olishi kerakligi shart qilib qo‘yilgan.

BBC: Xabarlarda aytilishicha, O‘zbekistonga 12 uchoqni sotish masalasi ikki mamlakat prezidentlari o‘rtasida muhokama qilingan va O‘zbekiston mudofaa vaziriga ushbu uchoqning namunasiga o‘tirib, tajriba qilib ko‘rish imkoni berilgan. Koreya o‘z uchog‘ini bu kabi "targ‘ib" qilgan vaqti AQSh taqiqini yodidan chiqarib qo‘yganmidi?

Aleksandr Golts: Bu shartlar o‘shanda ham ma‘lum bo‘lgan, lekin rasman AQShdan ruxsat so‘ralgan vaqti ko‘rinishicha, Amerika bu texnologiyalarning Rossiya qo‘liga borib tushishidan xavotir bildirib, ruxsat bermagan. O‘zbekistonning Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasida ishtirok etishdan bosh tortishidan so‘ng Moskva va Toshkentning oxirgi vaqtlarda bir oz sovuqlashgan munosabatlariga qaramay, ikki o‘rtadagi harbiy aloqalar baribir yaqinligicha saqlanib qolgan.

BBC: Lekin O‘zbekistonga bu yangi 12 ta qiruvchi uchoq hozirda nima uchun kerak bo‘ldi ekan?

Aleksandr Golts: Bu juda qiziq savol, lekin afsuski bizda bu savolga javob yo‘q. Bu zamonaviy uchoqlar o‘zbek uchuvchilari uchun noma‘lum. Ularni boshqarish uchun uchuvchilarni alohida o‘rgatish va mashqlardan o‘tkazish kerak bo‘ladi. Fikrimcha, O‘zbekiston uchun bu sobiq Ittifoq davrida ishlab chiqilgan harbiy texnikadan voz kechish uchun qilingan ramziy bir qadam edi. Chunki hozirga qadar o‘zbek qurolli kuchlari foydalanayotgan harbiy texnikaning 90 foizdan ko‘prog‘i hanuz Sho‘rolar davridan qolgan va qisman Rossiyada ishlab chiqilgan texnikadir.

BBC: O‘zbekistonda avval bu rusumga o‘xshash qiruvchi uchoqlar bo‘lganmi?

Aleksandr Golts: Ha, bor edi. Lekin ancha eskib qolgan va bu kabi zamonaviy emas. Ular asosan 25-30 yil avval Sho‘rolar davrida ishlab chiqarilgan qiruvchi uchoqlar.

BBC: Xorijdan yangi qiruvchi uchoqlar sotib olish urinishi O‘zbekiston o‘z harbiy aslahalarini yangilash yo‘llarini izlayotganini anglatadimi?

Aleksandr Golts: Shubhasiz shunday. Lekin bu yerda yana bir boshqa savol tug‘iladi. O‘zbekiston bu kabi yirik, 480 million amerika dollariga teng deb aytilayotgan uchoq shartnomasi uchun mablag‘ni qayerdan oladi? Harbiy tizimni zamonaviylashtirish o‘ta qimmatga tushuvchi loyihadir.

Janubiy Koreya matbuotiga ko‘ra, rasmiy Seul bu kabi savdoning amalga oshishi uchun Vashingtonning ruxsatini olish yo‘lida urinishlarini to‘xtatmaydi.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio