AQSh: o‘zbekistonlik shaxs Rossiyaga josuslik jihozlarini sotgan

Image copyright US MIN OF JUSTICE
Image caption Fishenkoning shirkati svetofor ishlab chiqarishini aytib kelgan

Nyu-York mahkamasi o‘zbekistonlik Shavkat Abdullayev hamda rossiyalik yana ikki shaxsni Rossiyaga mikroelektronik jihozlarni noqonuniy eksport qilishda aybdor, deb topgan.

Shavkat Abdullayev, Aleksandr Posobilov va Anastasiya Dyatlovalar ustidan mahkama jarayoni to‘qqiz oy davom etgan.

Ular ishlab kelgan Xyustondagi Arc Electronics Inc. shirkati rahbari Aleksandr Fishenko o‘z aybiga iqror bo‘lgan va hozirda mahkama hukmini kutib turgani aytiladi.

2012 yilda ochilgan ayni jinoiy ish bo‘yicha ja‘mi 11 kishi mahkamaga jalb etilgan va ularning aksari allaqachon aybiga iqror bo‘lgan.

Ammo yuqorida nomlari zikr etilgan uch shaxs ayblarni rad etganlar va mahkama jarayonida yutqazishgan.

BBC Rus xizmatining Nyu-Yorkdagi muxbiri Vladimir Kozlovskiyning aytishicha, AQSh federal mahkamalaridagi jarayonlarning aksariyati shu tariqa nihoya topadi.

Mahkama tafsilotlaridan anglashilishicha, Xyuston chetidagi uncha ko‘zga tashlanmaydigan sanoat hududida joylashgan shirkat svetofor ishlab chiqarishini aytib kelgan.

Ammo amalda u hech narsa ishlab chiqarmagan va faqat mikroeletronik jihozlarni sotib olish va Rossiyaga jo‘natish bilan shug‘ullangan.

Bu jihozlardan esa Rossiyada, jumladan, harbiylar va josuslik xizmatlari foydalanishgan.

Prokurorlarga ko‘ra, analog va raqamli jihozlar, mikrokontroller va mikroprotsessorlar harbiy maqsadlar, jumladan, radar va raketa tizimlarida ishlatiladi.

Ularning ko‘pchiligi Rossiyaning o‘zida ishlab chiqarilmaydi.

Aytilishicha, mahkamaga tortilgan Posobilov mahsulot sotib olish bilan shug‘ullangan, Dyatlova savdo agenti hisoblangan.

O‘zbekistonlik Shavkat Abdullayev esa ularning naqliyoti uchun mas‘ul bo‘lgani aytiladi.

"Sten"

Shavkat Abdullayevga davlat tomonidan tayinlangan bepul himoyachi Richard Lindning BBCga aytishicha, u 1978 yilda tug‘ilgan va O‘zbekistonda oliy o‘quv yurtini tamomlagan.

10 yil muqaddam Qo‘shma Shtatlarga kelgan Abdullayev o‘zini Sten deb ataydi.

U avvaliga Bruklin va Nyu-Jersida ishlagan, keyin esa Xyustonga ko‘chib borib, 2008-2009 yillarda Fishenkoning shirkatida mehnat qilgan.

2009 yilda bir muddat ishdan bo‘shatilgan Abdullayevning 2011 yilda qayta ishga olinib, 2012 yil oktyabrida qolgan ayblanuvchilar bilan birga hibsga olingani aytiladi.

Rossiya maxsus xizmatlariga elektronik jihozlar yetkazib berishda ayblangan uch shaxs jinoiy til biriktirish moddasi bo‘yicha 5 yil, eksport haqidagi qonunchilikni buzgani uchun esa ja‘mi 20 yilgacha ozodlikdan mahrum etilishlari mumkin.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio