Yaponiya mintaqada Xitoydan ortda qolishni istamaydimi?

Image copyright AP

So‘nggi yillarda Yaponiya Markaziy Osiyodan energetika resurslari ta‘minotini qo‘lga kiritishga qiziqish bildirib kelganiga qaramasdan, mintaqada yetarli darajada faol bo‘lolgani yo‘q. Ammo yaqindan boshlab kuzatilayotgan o‘zgarishlar ikki tomon uchun ham yanada ko‘proq imkoniyatlarni ochayotgandek. Xitoy bilan ko‘p ham kuchli raqobatga kirishmasdan turib Yaponiya mintaqada oyog‘ini mustahkam qo‘yib olishni va ilg‘or texnologiyalarga asoslangan yangi loyihalar bo‘yicha qo‘sha korxonalar barpo etishni istaydi.

AQSh Energetika departamenti hisob-kitoblariga ko‘ra, 2020 yilga borib Xitoyning neftga bo‘lgan ehtiyoji kuniga 13 million barrelni tashkil etadi. Tabiiy gazga bo‘lgan ehtiyoji esa yiliga 100 milliard kubometrga yetadi deb ko‘rilmoqda. Markaziy Osiyo mamlakatlari esa oshib borayotgan ushbu ehtiyojlarni qondirishi uchun esa yangi konlarni qidirib topish, o‘zlashtirish hamda iste‘molchiga yetkazib berish tizimini yanada takomillashtirishi talab qilinadi, bunday ilg‘or texnologiya esa Yaponiyada bor. Qozog‘istondagi Qashag‘an va Turkmanistondagi Qalqinish konlaridan foydalanish yaqinda yo‘lga qo‘yildi, Yaponiya ushbu ikki yirik neft ta‘minotchisi bo‘lgan mamlakat bilan qo‘shma korxonalardan manfaat ko‘rishga qiziqmoqda. Bu esa Eron energetika zaxiralari xorijliklarga ochilayotgan bir vaqtga to‘g‘ri kelmoqda. Kaspiy dengizi bo‘yicha yakuniy kelishuvga dengizga tutash mamlakatlar - Ozarbayjon, Eron, Qozog‘iston, Turkmaniston va Rossiya o‘rtasida 2016 yilda erishiladi deb kutilmoqda.

Shuningdek, Turkmaniston, Afg‘oniston, Pokiston va Hindiston o‘rtasidagi TAPI gaz quvuri loyihasi bo‘yicha ilgari siljishga erishilishi ham mumkin. Shu bois yaqin orada boshqalarga imkoniyatlar eshigi ochilishi mumkin va bunday vaziyatda Yaponiya imkoniyatni qo‘ldan boy bermasligi lozimligini yaxshi tushunadi. Kelajakda Markaziy Osiyodagi shirkatlar Rossiya yoki Xitoydagi sheriklari ixtiyorida bo‘lmagan yanada ilg‘or texnologiyalarga muhtoj bo‘lishlari mumkin. O‘z texnologiyalari turg‘unligiga yo‘l qo‘yib berolmasliklarini yaxshi anglaydigan Turkmaniston va Qozog‘iston ham Yaponiyaning ushbu loyihalarga qo‘shilishidan qanday manfaat ko‘rishlari mumkinligi haqida o‘ylamoqdalar.

Image copyright AFP

Shu paytgacha oradagi masofa uzoqligi, narx-navolar qimmatligi va Markaziy Osiyo davlatlaridagi biznes muhiti aksar Yapon sarmoyadorlarining qo‘lini "bog‘lab" kelgan omillar bo‘lgan. Yaponiyaning katta yerdan uzilgan "orol mamlakat" ekanligi Markaziy Osiyoga sarmoya yotqizishda ham sustlikka yetaklagan, bu esa Xitoyga yanada ko‘p imkoniyatlar yaratgan. Xitoyning Markaziy Osiyodagi ta‘siri Pekin yuzaga kelgan har bir sarmoya imkoniyatini ishga solgani va ko‘plab sohalarda qo‘sha korxonalar barpo etishga erishganini namoyish etadi.

Bundan keyin ham Markaziy Osiyo davlatlari o‘zlariga bo‘lgan katta qiziqish, diqqat-e‘tibor, qisqa va o‘rta muddatga mo‘ljallangan sarmoyalar istiqbolidan manfaat ko‘raveradilar. Toshkentdagi bir Yapon diplomatiga ko‘ra, yaponiyalik tadbirkorlar Markaziy Osiyoda 17 milliard dollarga teng sheriklik bitimlarini qo‘lga kiritishni maqsad qilganlar. Bu loyihalar yoqilg‘i xomashyosini qayta ishlash, xususan, kimyoviy, plastik mahsulotlar ishlab chiqarishni ko‘zda tutadi. Yaponiyadagi Daily Nikkei yozishicha, yirik Yapon shirkatlari Markaziy Osiyodagi qator o‘ta muhim loyihalarga bosh qo‘shganlar. Jumladan, Sumitomo Investment Corporation Turkmanistonda 300 million dollarlik issiqlik elektr stantsiyasini barpo etish tanlovida yutib chiqqan. Toyo engineering Turkmanistonda 800 million dollarlik kimyoviy majmua barpo etish loyihasida ishtirok etadi, ushbu loyihani 2018 yili yakuniga yetkazish rejalashtirilgan. Kawasaki Heavy Industries shirkati esa "TurkmenChemya"dan gazdan gazolin olish zavodini qurib foydalanishga topshirish buyurtmasini olgan, bu loyihani ham 2018 yili tugatish mo‘ljallangan. Tokioda nashr qilinadigan Diplomat Magazinega ko‘ra, Yaponiyaning besh shirkati Qalqinish gaz konida gazni tozalash zavodini qurish bo‘yicha shartnomani yakuniga yetkazishni rejalamoqda. 8,3 milliard dollarga baholangan bu loyihani qisman Yaponiya banklari moliyalamoqda. Mitsubishi Heavy Industries O‘zbekistonda tabiiy gazdan o‘g‘it ishlab chiqarish zavodini barpo etish kelishuvlarini imzolagan. Toshiba Corporation esa Qozog‘istonga yadroviy quvvat texnologiyalarini eksport qilishni mo‘ljallamoqda.

Image copyright Reuters

Neft narxlarini tushib ketgani Markaziy Osiyo davlatlarini ko‘proq sarmoyalarni jalb etishga undagan bir paytda Yaponiya va‘da qilayotgan hamkorlik jozibali tuyulmoqda. Yaponiya mintaqadagi Xitoy yoki Rossiya ta‘siriga qarshi borishni istamaydi. Lekin o‘zini mintaqa muhtojlik sezayotgan texnik ko‘mak yo‘nalishida xush qarshilanadigan qo‘shimcha sherik sifatida ko‘rilishini yaxshi biladi. Yaponiyaning Markaziy Osiyo mamlakatlariga taklif qiladigan texnologiyalari hamon ko‘p. Kelayotgan yillarda mintaqaga Xitoy sarmoyasi yanada ko‘payishi kutilar ekan, Yaponiya ham zavodlar muhandisligi va sanoat yo‘nalishida o‘z o‘rnini topa oladi. Ayniqsa, mintaqa davlatlari o‘z gaz va neftini eksport qilish yo‘nalishlarini turfalashtirishni ko‘zlab turgan bir paytda bu ishlar qiyin kechmaydi. Bu davlatlarda Yaponiya energetika uchun texnologiya diplomatiyasini yo‘lga qo‘yishga intiladi. Markaziy Osiyoda Yaponiyaga jozibali sarmoyador sifatida qarashadi. O‘z tomonidan esa Yaponiya Markaziy Osiyodan Janubiy Osiyo mamlakatlariga kommunikatsiya, tijorat, energetikani yetkazishni yanada yaxshilaydigan infrastrukturaviy loyihalarda ishtirok etishni istaydi. Yaponiya o‘zining ushbu yondashuvini "ochiq mintaqaviy hamkorlik"ni yanada rag‘batlantiradigan "Tinchlik va barqarorlik yo‘lagi" deb ta‘riflaydi.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

Bu mavzuda batafsilroq