Kerri: "Suriya urushi do‘zaxidan qutilish vaqti keldi"

Image copyright AP

Amerika Suriyadagi fuqarolar urushiga barham berish uchun siyosiy harakatlarni kuchaytirmoqda.

AQSh Davlat kotibi Jon Kerri Vena safari arafasida "bu do‘zaxdan" qutilishning vaqti keldi, degan. Avstriya poytaxtida Suriya inqirozidan chiqish yo‘llarini izlashdan manfaatdor davlat vakillari uchrashadi.

Uchrashuvda Buyuk Britaniya, Frantsiya, Olmoniya, Misr va Livan Tashqi ishlar vazirlari qatnashishi kutilmoqda. Bundan tashqari Ovro‘po Ittifoqi rahbariyatidan va mintaqada muhim rol o‘ynovchi davlatlar - Turkiya, Saudiya Arabistoni, Fors ko‘rfazi davlatlari va Rossiyadan vakillar ishtirok etadi. Bunday muzokaralarda ilk marotaba Eron ham qatnashadi.

Moskva va Tehron Suriya mojarosida prezident Asadni qo‘llamoqda. AQSh, Turkiya, Saudiya Arabistoni va Fors ko‘rfazi davlatlari esa uzoq muddatli istiqbolda Suriya siyosatida Asadga joy yo‘qligini ta‘kidlashmoqda.

"Do‘zaxdan chiqishga yo‘l"

Jon Kerriga ko‘ra, Vena konferentsiyasi ishtirokchilari oldida Suriyani do‘zaxdan chiqarishdek vazifa turibdi.

"Suriya kelajagi uchun yo‘l topish oson ish emas. Biroq hozir bu uchun eng qulay siyosiy vaziyat yuzaga keldi", degan Jon Kerri.

AQSh Davlat kotibining ta‘kidlashicha, IDga qarshi kurashda Suriyada hukumat almashishi va Bashar Asadning qudratdan olinishidan boshqa hech narsa bunchalik katta yordam bera olmaydi. Bu narsa davlatlarni ekstremizmga qarshi kurashishda birlashtirishi mumkin.

Jon Kerri o‘z chiqishida Rossiya va AQSh Suriya muammosini yechishda juda ko‘p umumiy yondashuvlarga ega ekanligini aytgan. Moskva va Vashington "birlashgan dunyoviy Suriyani" ko‘rishni istaydi.

O‘z navbatida, Kerrining o‘rinbosari Entoni Blinken France 24 telekanaliga bergan intervyusida "Rossiya Suriyada g‘alabaga erisha olmaydi" va mamlakat rahbariyatida o‘zgarishlar bo‘lishi Moskvaning ham manfaatlariga kirishini aytgan.

"Ular Asadning yutqazmasligi uchun yordam berishga qodir bo‘lishi mumkin, lekin yenga olishmaydi", - degan Blinkin.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

Bu mavzuda batafsilroq