Lola Tillayeva: "Davlat arbobi bo‘lish niyatim yo‘q"

Lola Karimova-Tillayeva Instragram da faol Image copyright instagram
Image caption Lola Karimova-Tillayeva Instragram da faol

Lola Karimova-Tillayeva Instragram dagi sahifasida hokimiyat tepasiga kelish niyati yo‘qligini bildirgan. Prezident Karimovning ikkinchi qizi nima uchun bunday bayonot bilan chiqqani noma‘lum.

Rus va o‘zbek tillarida qoldirilgan bildirishda Lola Karimova Tillayeva mansabga bo‘lgan munosabatini yoshligidanoq o‘zi uchun ifodalab olganini yozadi.

"Men hayotimda o‘z oldimga aniq qilib juda ham ko‘p vazifalarni qo‘yganman, ammo ularning orasida hokimiyatga erishish maqsadi yo‘qdir. Men hayotimni o‘zgartirib, davlat boshqaruv tizimlarida ishlab, davlat arbobi bo‘lish niyatim yo‘q".

Karimova-Tillayeva xonim hayotdagi asosiy maqsadi oilasi va o‘zining ma‘naviy o‘sishi ekanligini aytgan.

Prezident Islom Karimovning kenja qizi Lola Karimova-Tillayeva O‘zbekistonning UNESCOdagi elchisidir. "Sen yolg‘iz emassan" jamg‘armasining asoschisi.

Chorak asrdan beri hokimiyat tepasida qolayotgan Prezident Islom Karimovning vorisi mavzusi internet nashrlarida ko‘p muhokamalarga sabab bo‘ladi.

Bundan bir necha yil avval ijtimoiy va madaniy hayotda ancha faol bo‘lgan Gulnora Karimovaning o‘z otasi o‘rniga asosiy da‘vogarlardan biri sifatida ko‘rilgan edi.

Biroq 2013 yilning oktyabr oyida prezidentning qudratli qizi hukumat tomonidan turli bosimlar ostida qoldi. Unga tegishli deb ishoniladigan bir necha tele, radio kanallar o‘z faoliyatini to‘xtatdi.

Bosimlar kuchayganidan so‘ng Gulnora Karimova Twitterdagi sahifasi orqali hukumat tepasini do‘zaxiy joy deya ta‘riflab, unga intilmayotganini bildirgan.

Keyinchalik Gulnora Karimova xonaband etilib, uning ustidan mamlakat ichida jinoiy ish ochildi. Oldinroq Ovro‘po davlatlarida Gulnora Karimovaga noqonuniy pullarni o‘zlashtirish gumoni bilan tergov ochilgandi.

Lola-Karimova Tillayeva o‘z paytida BBC O‘zbek xizmatiga bergan intervyusida opasi Gulnora bilan 12 yildan beri muloqot qilmasligini bildirgan edi.

Opa-singil o‘rtasidagi oshkora adovat Lola Karimova-Tillayevaning opasini mahkamaga tortish tahdidigacha yetib borgan.

Karimova-Tillayeva xonim 2013 yilning dekabr oyida bayonot bilan chiqib, opasi unga qarshi bo‘hton qilganini da‘vo qilgan va ayni masala yuzasidan o‘z advokatlari bilan maslahatlashayotganini bildirgandi.

So‘nggi paytlarda o‘zbek muholifati saytlarida Lola Karimova-Tillayevaning o‘z otasi Prezident Islom Karimovga siyosiy merosxo‘r sifatida tanlangani haqidagi xabarlar chop etilgan edi. Lola Karimova-Tillayevaning ushbu Instragram bayonoti o‘sha rasman tasdiqlanmagan ovozalarga javobi bo‘lishi mumkin.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

Bu mavzuda batafsilroq