Yunoniston sohillarida kamida 22 muhojir cho‘kib ketgan

Image copyright AP

Turkiyadan qayiqlarda Egey dengizi orqali Yunoniston qirg‘oqlariga yetib olishga intilgan muhojirlar yana halokatga uchraganlar. Cho‘kib ketganlarning aksari bolalar bo‘lgan.

Payshanbadan jumaga o‘tar kechasi yog‘och qayiq ag‘darilib ketgan.

Oqibatda 19 kishi cho‘kib ketgan.

138 muhojirni qutqarib qolishga muvaffaq bo‘lingan.

Muhojirlar kemalarda Turkiyadan Yunonistonning Kalimnos oroliga o‘tib olmoqchi bo‘lganlar.

Yana bir halokat juma tongida Rodos oroli yaqinida ro‘y bergan.

U yerda uch inson halok bo‘lgan, olti kishi qutqarib qolingan. Yana uch inson bedarak ketgan.

Ushbu fojealar qochqinlar Ovro‘poga ommaviy o‘tishni boshlaganlaridan buyon Yunoniston suvlarida ro‘y bergan eng yirik halokatlar bo‘lgan.

21 oktyabr kuni ham muhojirlar o‘tirgan bir necha kema cho‘kib ketgan.

So‘nggi xabarlarga ko‘ra, 16 inson halok bo‘lgan, ularning yetti nafari norasidalar bo‘lganlar.

Qutqaruvchilar Lesbos oroli yaqinida 274 kishini qutqarib qolganlar.

Ovro‘po Ittifoqiga a‘zo Yunoniston muhojirlar Turkiyadan tezroq yetib olishga harakat qiladigan mamlakat hisoblanadi.

So‘nggi yarim yil ichida Turkiyadan Yunonistonga 500 mingdan ortiq qochqin kirib borgan.

Faqat oxirgi haftaning o‘zida kuniga Yunonistonga 9000 dan ziyod muhojir o‘tgan.

BMT hisob-kitoblariga ko‘ra, yil boshidan buyon qayiqlarda Ovro‘poga 700 mingdan ortiq qochqin kirib borgan.

Yunoniston Bosh vaziri Aleksis Tsipras Ovro‘po qochqinlar inqirozini hal etishning samarali yo‘lini topolmaganini uyatli deb atagan.

Ayni paytda Ispaniya qutqaruvchilari Marokashdan Ispaniyaga o‘tishga harakat qilgan paytlari kemasi buzilib qolgan 35 muhojirni qutqargan. To‘rt inson jasadi topilgan.

26 oktyabr kuni bo‘lib o‘tgan Ovro‘po Ittifoqining favqulodda sammitida qo‘shimcha 100 ming qochqinni qabul qilish markazlarini tashkil etishga kelishilgan.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

Bu mavzuda batafsilroq