Samarqand: Kerri keldi - gaz keldi

O‘zbekistonda gaz muntazam davom etuvchi muammoga aylangan
Image caption O‘zbekistonda gaz muntazam davom etuvchi muammoga aylangan

AQSh Davlat kotibi Jon Kerrining Samarqandga tashrifi arafasida shaharga gaz berilgan. Shaharliklar gaz "porillab yonayotgani va hamma xursand"ligini aytmoqda. Biroq Samarqand shahrining biqinida joylashgan Jomboyda haliyam gaz yo‘q.

29 oktyabr kechga yaqin Samarqand shahrida gaz bosimi ko‘tarilishi natijasida xonadonlarga gaz paydo bo‘lgan.

"Kechki payt to‘satdan gaz kelib qoldi. Hozir porillab yonayapti. Issiqina uyda o‘tiribmiz", - deydi samarqandlik jurnalist Toshpo‘lat Rahmatullayev.

Toshpo‘lat aka shaharda gaz yo‘qligi va gaz idorasi norozi odamlar bilan bilan to‘lib toshganligi haqida blogpost yozgan edi.

"Gazning Jon Kerri kelishi sharofati bilan berilganini aniqlashtirish kerak. Lekin gaz idorasi sizga nufuzli mehmon sabab gaz berildi, deb hech qachon aytmaydi. Respublikadan ko‘proq so‘radik va berishdi deb aytadi. 2-3 kun o‘tsinchi keyin ma‘lum bo‘ladi. Lekin shaharning chekka joylarida haliyam yo‘q", - deydi jurnalist.

Mintaqaga gaz bosimini ko‘tarishni so‘rab Samarqand shahri bilan viloyati ham "O‘ztransgaz" murojaat qilgani aytilgan edi. Biroq gaz bosimi hozircha Samarqand shahrida ko‘tarilgan. Samarqand viloyatining Jomboy tumanida har doimgidek gaz yo‘q.

"Gazdi yonishini qaranglar-ey! Bitta yomkost bo‘lsa, haydab qo‘yib, zapas qilsang-da. Bozor kuni -1 ga tusharmush kechasi)", - deydi samarqandlik Twitter foydalanuvchisi.

Unga javob bergan boshqa bir kishi gaz bosimi Jon Kerri kelib ketguncha sharoitlar yaxshi bo‘lishini yozdi.

"Jon Kerri kelib ketguncha xamma sharoit zur bup turadiëv shaxarda".

AQSh Davlat Kotibi Jon Kerrining Markaziy Osiyo davlatlariga safari boshlanish arafasida.

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligining xabar qilishicha, janob Kerri 1 noyabr kuni O‘zbekistonga keladi va Prezident Islom Karimov bilan uchrashadi.

AQSh Davlat Departamentining ma‘lum qilishicha, Jon Kerri Samarqandda mintaqa davlatlari Tashqi Ishlar vazirlari uchrashuvida qatnashadi.

Amerika rasmiylariga ko‘ra, bu uchrashuv C5+1 nomi ostida muloqotning yangi shaklidir.

AQSh Davlat kotibi shuningdek, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkmaniston va Tojikiston poytaxtlariga ham tashrif buyuradi va ikki tomonlama muloqotlar yuritadi.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

Bu mavzuda batafsilroq