"Davlat siyosatiga qarshi bo‘lgan" muharrir haydaldi

Jao Shinvey Bosh muharrirlik qilgan "Xinjiang Daily" kundalik davlat nashri asosiy e‘tiborini Xitoy g‘arbidagi beqaror Shinjon uyg‘ur muxtor bo‘lgasiga qaratib kelgan.

Faqat xitoychada chop etiluvchi bu gazeta, o‘z navbatida, Xitoydagi eng faollaridan biri sanaladi.

Xabarlarga ko‘ra, uning Bosh muharriri davlat siyosatiga amal qilmaganlikda tanqid qilingan.

Boshqaruvdagi Kommunistik partiyaning mas‘ul mulozimi esa, "intizomni jiddiy ravishda buzgani" uchun Jao Shinveyning javobgarlikka tortilishini ham va‘da qilgan.

Odatda, Xitoyda bu kabi ayblov "korruptsiya" bilan bog‘liqlikda ko‘riladi.

Nashrning diqqat-markazida bo‘lib kelgan muxtor bo‘lga esa, so‘nggi yillarda xitoylik xanlar, etnik uyg‘urlar va politsiya kuchlari o‘rtasidagi qonli to‘qnashuvlarga sahna bo‘lib keladi.

Qilinayotgan iddaolarga ko‘ra, janob Jao terrorchilikka qarshi kurash doxil boshqaruvdagi partiyaning mintaqadagi siyosatini "nomaqbul tahlil qilgan".

Kommunistik partiyaning bo‘lginchilik, din, ekstremizm va boshqa hassos masalalarda tutgan yo‘lidan bormagan.

"Uning so‘zlari va amallari markaziy hukumat va kommunistik partiyaning mintaqadagi qo‘mitasiga qarshi mavqe‘da bo‘lgan", - deyiladi mas‘ul tashkilotning web sahifasida bu xususda chop etilgan rasmiy bayonotda.

Hatto, bu bayonotda iddao qilinishicha, Bosh muharrir "o‘zining muxolifiy mazmundagi so‘zlarini oshkora aytib kelgan".

Xitoylik mas‘ullarga ko‘ra, Jao Shinvey allaqachon kommunistik partiya saflaridan chiqarilgan va "ishi" huquq-tartibot idoralariga ham oshirilgan.

Xitoy yaqinda davlat siyosatiga qarshi qaratilgan tanqidlarni jilovlovchi yangi tartib-qoidalarni joriy etgandi.

Uyg‘urlar va Shinjon

  • Shinjon uyg‘urlari etnik kelib chiqishi bo‘yicha turkiy musulmonlardir.
  • Uyg‘urlar mintaqa aholisining qariyb 45 foizini tashkil qilishadi.
  • Qolgan 40 foizi esa, xitoylik xanlar hissasiga to‘g‘ri keladi.
  • Xitoy yangi tashkil topgan Sharqiy Turkiston davlatini yo‘q qilib, 1949 yilda mintaqa ustidan o‘z nazoratini o‘rnatadi.
  • Orada kechgan vaqt davomida esa, katta sondagi xanlarni mintaqaga ko‘chirish siyosatini yuritib keladi.
  • Mahalliy uyg‘urlar buning oqibatida o‘z tarix, til va madaniyatlarining yo‘qolib ketishidan xavotirdalar.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

Bu mavzuda batafsilroq