Turkiya: Hukumatdagi AK partiya aksar ovozlarni oldi

Image copyright AFP

Turkiyada yakshanba kuni bo‘lib o‘tgan saylovlarda hukumatdagi AK partiya (Adolat va Taraqqiyot partiyasi) aksariyat ovozlarni olar ekan, mamlakat prezidenti butun dunyo bu natijalarni hurmat qilishi kerakligini aytdi.

Partiyaning asoschilaridan bo‘lgan Prezident Rajab Toyib Erdo‘g‘an ovoz beruvchilar barqarorlik yo‘lini tanlaganlarini bildirdi.

Deyarli barcha ovozlar sanab bo‘linar ekan, hukumatga tegishli Anado‘lu xabar agentligi AK partiya ovozlarning 49.4 foizini olgani, eng katta muxolifat partiyasi - Respublika Xalq Partiyasi esa 25.4 foiz ovozlarga erishganini ma‘lum qildi.

"Birlashaylik, birodar bo‘laylik va birgalikda Turkiya bo‘laylik", - dedi prezident.

Ayni damda u matbuotda o‘ziga qaratilgan tanqidlarni qoraladi.

"Mana endi ovozlarning 50 foiziga ega bo‘lgan partiya qudratga keldi... Buni butun jahon hurmat qilishi kerak, ammo bu kabi yetuklikka men guvoh bo‘lmayapman", - dedi u.

Janob Erdo‘g‘an AK partiya o‘tgan iyun oyida parlamentdagi aksar o‘rinlarni yo‘qotishi va koalitsion hukumat tuzish harakatlari barbod bo‘lishi ortidan, yangi saylovlarni belgilagandi.

Kurdparast Xalq Demokratik partiyasi bu safar ham parlamentdan o‘rin olish uchun zarur bo‘lgan 10 foizlik marradan o‘tishga muvaffaq bo‘ldi, ammo iyungi saylovlardan beri dastak ozayganiga guvoh bo‘ldi.

Millatchi Milliy Harakat Partiyasining ovozlari ham 12.5 foizga tushgan. Sharhlovchilarga ko‘ra, u o‘z saylovchilarini AK partiyasiga boy bergan.

Saylovlar, shuningdek, quyidagi natijalarni aks ettirdi:

  • 54 million qayd etilgan saylovchilardan 85 foizidan ortig‘i ovoz berganlar
  • Iyun oyidagi saylovlarga solishtirilsa, ayol deputatlarning soni keskin kamaygan
Image copyright Reuters

Ovozlar sanalayotgan vaqti asosan kurdlar yashovchi Diyorbakir shahrida to‘qnashuvlar bo‘lib o‘tgan. Xabarlarga ko‘ra, politsiya tosh otayotgan namoyishchilarga qarata ko‘zni yoshlantiruvchi gaz qo‘llagan.

Prezident vakolatlari

Bosh Vazir Ahmat Dovuto‘g‘lu endi yangi hukumatni tuzishga kirishadi.

AK partiya yakka o‘zi hukumat tuzishi uchun zarur bo‘lgan 276 o‘rindan ancha ko‘proq o‘rinlarni qo‘lga kiritishga muvaffaq bo‘ldi.

Lekin, u konstitutsiyani o‘zgartirish va prezident Erdo‘g‘an vakolatlarini oshirish yo‘lida referendum chaqirish uchun zarur bo‘lgan yana 14ta o‘rinni egallay olmadi.

Agar yana 60ta o‘rinni olishga muvaffaq bo‘lganida, AK partiya hech qanday referendumsiz o‘sha o‘zgarishlarni tadbiq qilishga muvaffaq bo‘lgan bo‘lar edi.

AK partiyaning tanqidchilari mazkur saylovlar janob Erdo‘g‘anning tobora oshib borayotgan avtokratik siyosatini jilovlashga imkon berishini aytgandilar.

AK partiya PKK kurd isyonchilari bilan haftalab davom etgan zo‘ravonliklar ortidan saylovchilarni tinchlik va‘dasi bilan o‘ziga og‘dirishga muvaffaq bo‘ldi.

Endi ikki tomon yana tinchlik muzokaralariga qaytishlariga umid bor.

Bir necha oydirki qiymati tushib borayotgan lira saylov ortidan biroz ko‘tarildi, ammo iqtisodiy inqiroz xavfi hali arimagan.

Prezident Erdo‘g‘anning o‘z siyosiy raqiblarini o‘chirish va so‘z erkinligini chegaralash harakatlari kuchayishidan xavotirlar uyg‘ongan.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio