"Al-Qoida": Rossiyaga qarshi birlashing

Image copyright AFP

Bunday da‘vat bilan "al-Qoida" tarmog‘i lideri Ayman az-Zavohiriy chiqqan.

U Suriya va Iroqda Rossiya hamda G‘arb tahdidiga qarshi turish uchun musulmonlarni birlashishga chaqirgan.

Rossiyaning o‘zida "al-Qoida" xalqaro terrorchi tashkilot sifatida tan olingan va faoliyati rasman taqiqlangan.

"Amerikaliklar, ruslar, eronliklar, alaviylar va "Hizbulloh" bizga qarshi harbiy amaliyotlarini muvofiqlashtirishmoqda – bor kuchimizni ularga qarshi yo‘naltirish uchun nahotki biz o‘zaro ziddiyatlarimizga barham bera olmasak", - deya xitob qilgan Ayman az-Zavohiriy o‘zining audiomurojaatida.

Kuni-kecha internetda paydo bo‘lgan bu audiomurojaatning aniq qachon yozilgani ma‘lum emas.

Ammo Ayman az-Zavohiriyning o‘z murojaatida Rossiyaning nomini tilga olishi uning 30 sentyabrdan keyin yozilganiga dalolat qiladi.

Chunki Rossiya ayni shu sanada Suriyada o‘z havo hujumlarini amalga oshirishga kirishgandi.

Rasmiy Moskva esa, bu urushga Suriya Prezidenti Bashar al-Asadning iltimosiga muvofiq bosh qo‘shganini da‘vo qilgandi.

Prezident Vladimir Putin doxil Rossiya hukumati vakillari avvalboshdan o‘z havo hujumlarining Suriyadagi "Islomiy Davlat" bilan bog‘liq nishonlarga qarshi qaratilganini ta‘kidlab kelishadi.

Image copyright AP

Biroq Rossiyaning Suriyadagi amaliyotlari tanqidchilarining iddao qilishlaricha, bu qiruvchi uchoqlar prezident Bashar al-Asad tuzumiga qarshi mavqe‘da bo‘lgan mu‘tadil muxolifat va ularning ob‘ektlarini ham nishonga olmoqda.

"Al-Qoida" tarmog‘ining o‘zi shu yil sentyabr oyida "Islomiy Davlat" guruhi asos solgan xalifat va uning rahbari Abu Bakr al-Bag‘dodiyni tan olmasligini oshkora aytib chiqqandi.

O‘z navbatida, tarmoq "Islomiy Davlat" guruhi jangarilarini Iroq va Suriyadagi G‘arb boshchiligidagi ittifoqqa qarshi kurashish uchun o‘zlariga qo‘shilishga ham da‘vat etgandi.

"Islomiy Davlat" guruhi esa, Suriyadagi o‘zlariga qarshi qaratilgan havo hujumlari ortidan Rossiyaga qarshi jihod e‘lon qilgan.

O‘z o‘rnida eslatib o‘tish joiz, "Islomiy Davlat" guruhi ham yaqinda Rossiyada terrorchi tashkilot sifatida tan olingan va uning mamlakat hududida faoliyat yuritishi rasman taqiqlangan.

Agar, Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning o‘tgan oy prezident Basharning Moskvaga kutilmagan tashrifi chog‘ida keltirgan ma‘lumotlarga tayanilsa, joriy paytda sobiq Sho‘ro davlatlaridan to‘rt mingga yaqin odam Suriyada hukumat kuchlariga qarshi jang qilmoqda.

Ayni shu raqamlarga tayanarkan, janob Putin o‘shanda, boshqa tomondan, o‘z manfaatlarini himoya qilish uchun ham Suriyadagi harbiy amaliyotlarga bosh qo‘shishga qaror qilishganini iddao qilgandi.

O‘tgan yilgi rasmiy ma‘lumotlarda Yaqin Sharqda jang qilayotgan rossiyaliklar o‘zlarining soni 800 dan 1500 tagacha bo‘lishi mumkinligi aytilgandi.

Shu yil avgust oyida internetda e‘lon qilingan audio murojaatida esa, "al-Qoida" rahbari Ayman az-Zavohiriy Tolibonning yangi rahbari Mulla Axtar Muhammad Mansurga o‘z sadoqatini bayon qilgandi.

Bu Ayman az-Zavohiriyning o‘tgan yil sentyabr oyidan buyon e‘lon qilgan ilk murojaati bo‘lgandi.

Image copyright Reuters

"Al-Qoida" tarmog‘i o‘n yildan oshiqki, ham Afg‘oniston va ham Pokistondagi Tolibon harakatining yaqin ittifoqchisi sanaladi.

Sobiq lideri Usama bin Lodin Amerika maxsus kuchlari tomonidan Pokistonning Abbosobod shahrida o‘ldirilgan 2011 yildan buyon Ayman az-Zavohiriy "al-Qoida" tarmog‘iga boshchilik qilib keladi.

Tarmoq global xalifat qurish g‘oyasi bilan chiqqan birinchi jihodchi jangari tashkilot bo‘ladi va joriy paytda butun dunyo bo‘ylab kamida 30 ming jangarisining borligi taxmin qilinadi.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

Bu mavzuda batafsilroq