"Islomiy Davlat da‘vosi bo‘lmag‘o‘r gap"

Image caption Misr prezidentiga ko‘ra, Islomiy Davlatning Rossiya uchog‘ini urib tushirgani haqidagi da‘volari bo‘lmag‘o‘r gap

Aerobus-321 yo‘lovchi uchog‘i Sinay osmonida ikkiga bo‘linib ketgan, degan faraz ilgari surilmoqda.

Kecha dushanba kuni esa "Kogalimavia" shirkati 224 inson umriga zomin bo‘lgan o‘z uchog‘i halokatiga "tashqi ta‘sirlar" sababchi bo‘lganini iddao qilgandi.

Ammo Rossiya aviatsiyasi mulozimlari "biron faktga asoslanmagan bu kabi da‘vlolarni o‘rtaga tashlashga hali erta" deb aytmoqdalar.

Negaki, oldinroq Islomiy Davlat guruhi Rossiya uchog‘ini urib tushirganini aytgan edi.

Misr prezidentiga ko‘ra, Sinay yarim oroli to‘liq hukumat nazorati ostida.

U, shuningdek, shoshqaloqlik bilan turli xulosalarga kelmasdan, balki tekshiruv ishlarida qatnashish kerak, deb ta‘kidladi.

"Islomiy Davlat uchoqni urib tushirdi, degan gap quruq tashviqot va Misr barqarorligi hamda xavfsizligiga darz yetkazadi" - dedi Abdul Fattoh as-Sisi.

"Menga ishoning, butun Sinay, xususan, halokat yuz bergan mintaqa to‘liq nazorat ostida".

AQSh josuslik mulozimlari esa Rossiya uchog‘i halokatini biron terror amaliga bog‘lashmayotganini, lekin ayni farazni butkul nazardan soqit qilib bo‘lmasligini ham urg‘ulashayotir.

2011 yili Prezident Husni Muborak hukumati ag‘darilishi ortidan jangarilar Sinayda bir qator zo‘ravonliklarga qo‘l urishgan.

Islomchi prezident Muhammad Mursiyni 2013 yili harbiylar iqtidordan ketkazisharkan, ushbu mintaqada jangarilik hujumlari yanada kuchaygandi.

Bir yil oldin isyonkorlar o‘z harakatlarini Sinay Mintaqasi, deb qayta nomlashgan va Islomiy Davlatga sodiqlikka qasamyod qilishgandi.

31 oktyabrda Rossiya uchog‘i qulashi ortidan ular bayonot bilan chiqib, halokat uchun mas‘uliyatni o‘z zimmalariga olishdi.

Lekin mutaxassislarga ko‘ra, ayni guruh tasarrufida ulkan uchoqni urib tushirishga qodir qurollar yo‘q.

Misrning Qizil dengiz bo‘yidagi Sharm ash-Shayx shahridan osmonga ko‘tarilgan Rossiya uchog‘i 23 daqiqadan keyin halokatga uchragandi.

Uchoqning qora qutilari hozir o‘rganilmoqda.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

Bu mavzuda batafsilroq