Jon Kerrining yumshoq ohangi

Image copyright AFP Getty

AQSh Davlat kotibi Jon Kerrining Markaziy Osiyoga safari o‘z yakuniga yetmoqda.

3 noyabr kuni u Tojikiston va Turkmaniston rahbarlari bilan uchrashgan.

Uch kunlik safar tafsilotlari oshkor bo‘lgach, mintaqaviy xavfsizlik hamda mintaqaning iqtisodiy rivojlanishiga oid yangi dasturlar amalga oshirilishi masalalari ham muhokama qilingani ma‘lum bo‘lgan.

Kerri janoblarining safari arafasida AQSh Davlat departamenti chiqargan bayonotda katta e‘tibor mintaqaviy hamkorlikning yangi "C5+1" formatiga qaratilib, safarning yangi jihatlari haqida ko‘p aytilgan.

Bayonotga tayanilsa, Jon Kerri va O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimov uchrashuvi chog‘ida O‘zbekistondagi inson huquqlari bilan bog‘liq vaziyat ham kun tartibidagi masalalardan biri bo‘lishi kerak edi.

Biroq Samarqandda bo‘lib o‘tgan uchrashuvda, "Vashington Post" ro‘znomasining muxbiri O‘zbekistondagi inson huquqlari bilan bog‘liq bergan savoli uchun xonadan chiqarib yuborildi.

Umuman, mahalliy kuzatuvchilarga ko‘ra, amerikalik oliymaqom mehmon o‘ta murosali va yumshoq ohangda yangragan.

Jon Kerrining Marakaziy Osiyo bo‘ylab tashrifida eng katta yangilik nima bo‘ldi?

BBC O‘zbek xizmati rossiyalik sharhlovchi va tarixshunos Sergey Abashinni suhbatga chorladi.

Sergey Abashin: Ochig‘ini aytsam, ha, muloqotlar yangi formatda kechdi va buni inkor qilib bo‘lmaydi. Yangi format uchrashuvlarning ahamiyatini urg‘ulab, o‘ziga katta e‘tiborni jalb etadi. Biroq AQSh davlat kotibining so‘zlari va bayonotlariga qarasak, men olamshumul yoki qat‘iy nuqtalarni ko‘rolganim yo‘q. Muloqotlar, asosan, AQShning Afg‘on manfaatlari atrofida kechdi. Mintaqa rahbarlarini ham Amerikaning Yaqin va O‘rta Sharqda olib borayotgan siyosati va u yerlarda vujudga kelgan vaziyat so‘zsiz tashvishga soladi. Ya‘ni, Kerrining safari qanday qilib Markaziy Osiyo barqarorlik omili sifatida rol o‘ynashi mumkinligi atrofida markazlashgan. Ikkinchidan, "C5+1" formati doirasida ko‘tarilgan muhim masala bu –zahiralardan foydalanish masalasi bo‘lgan. Ehtimol, bugun Turkmanistondagi uchrashuvlarda ham bu savol ko‘tarilishi mumkin. Ya‘ni, qanday qilib mintaqa zaxiralari nafaqat Yaqin va O‘rta Sharq, balki Ovro‘poda ham istefoda qilinishi mumkin, degan savol.

BBC: Shuningdek, yangi format (C5+1) ko‘proq iqtisodiy tusga ega deb aytmoqchimisiz?

Sergey Abashin: Yo‘q, bu format siyosiy ma‘noga ham ega. Ba‘zi rossiyalik sharhlovchilar Amerika tashabbusi bilan tuzilgan yangi formatni aksilrossiya va aksilxitoy ma‘nosida ko‘rmoqdalar. Bundan tashqari, ushbu safar yaqinda Yaponiya bosh vaziri qilgan safari kontekstida ko‘rilmoqda. Ya‘ni AQSh ittifoqchilari bilan birgalikda mintaqada Rossiya va Xitoyning mavqe‘lariga javoban o‘z ta‘sirini kuchaytirmoqchi, degan ma‘noda talqin qilinmoqda. Biroq, men bunday keskin raqobatchilikni ko‘rmayapman. Aksincha, Davlat kotibi Kerri Rossiyani nazarda tutib murosali bayonotlar bilan chiqdi va Rossiyaga qarshi mavqe‘ini bo‘rttirib ko‘rsatgani yo‘q. Garchi, ikki mamlakat o‘rtasida bugungi munosabatlar o‘ta keskin bo‘lsa-da, Kerri aynan shu keskinlikni o‘z nutqlarida namoyon etmaslikka harakat qildi.

BBC: Markaziy Osiyo mamlakatlarini Amerika bilan qanday umumiy manfaatlar birlashtirishi mumkin?

Sergey Abashin: Gap shundaki, mintaqaning barcha davlatlari Amerika bilan hamkorlikdan manfaatdor. Deyarli har biri ko‘p qutbli siyosatni olib bormoqda va ham Rossiya, ham Xitoy, ham Ovro‘po bilan hamkorlik qilishmoqda. AQShning Markaziy Osiyoga yangi dasturlari doirasida: mintaqa iqtisodini raqobatbardosh qilish, sarmoyalarni jalb etish, madaniy merosni tiklash va iqlim o‘zgarishlariga oid yangi loyihalarni amalga oshirish, shu bilan birga suv zaxiralaridan yangi uslubda foydalanish va ingliz tilini o‘rganish sohalarini Rossiyaga qarshi qaratilgan deb aytolmaymiz.

BBC: Siz rossiyalik sharhlovchi sifatida, Rossiya janob Kerrining mintaqaga qilgan tashrifidan cho‘chishi kerakmi, yoki nimalardan xavotirda bo‘lishi kerak deb o‘ylaysiz?

Image copyright bbc
Image caption Rossiyalik sharhlovchi va tarixshunos Sergey Abashin

Sergey Abashin: Rossiyada hozirda turli xil fikrlar mavjud, men ham bu qarashlarni kuzatib borayapman. Bugunga qadar, ehtiyotkorona va salbiy baholar yangramoqda. Ya‘ni Kerrining safari "Katta o‘yin"ning yana bir misoli sifatida talqin qilinmoqda. Lekin men shaxsan o‘zim, bunday qaramaqarshilikni ko‘rmayapman. Aksincha, Markaziy Osiyoga kelganda Rossiya, AQSh va Ovro‘poning mavqe‘lari bir xil deb o‘ylayman. Chunki ham Rossiya, ham AQSh Afg‘onistonda vaziyat barqarorlashidan manfaatdor bo‘ladi. Va barcha tomonlar Markaziy Osiyo mintaqasi o‘sha barqarorlovchi omil sifatida rol o‘ynashini istaydi. Shuning uchun Rossiya bilan AQSh bu yo‘nalishda bevosita va to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamkorlik qilishmasa ham, ularning manfaatlari bir deb o‘ylayman. Rossiya iqtisodiy va ijtimoiy sohada bu mintaqaning rivojlanishini xohlaydi. Biz turli qirralar orqali bu regionga bog‘liqmiz. U yerdan mehnat muhojirlari oqimi kelib turadi. Shuning uchun, biz ham iqtisodiy nuqtai nazardan bu mintaqa barqaror bo‘lishidan manfaatdormiz.

BBC: Kerri janoblarining mintaqaga qilgan safari chog‘ida, u xuddi rahbarlarning jig‘iga tegmaslik maqsadida, butun mintaqa bo‘ylab abgor deb sanalgan inson huquqlari masalasini ko‘tarmaslikka harakat qildi, degan tasavvur paydo bo‘ldi. Siz bu haqda nima deysiz?

Sergey Abashin: Ha, to‘ppa-to‘g‘ri, men ham ahamiyat berdim. Uning nutqlari tinchlantiruvchi ohangda yangradi. Juda yumshoq iboralardan foydalandi. Masalan, Qirg‘izistonda, Amerika bazasidan voz kechib, siyosiy mahbus Azimjon Asqarovga AQSh mukofot berganidan so‘ng Qirg‘iz rasmiylari AQSh bilan eski kelishuvni bekor qilganlariga qaramasdan , biz deyarli do‘stona uchrashuvga guvoh bo‘ldik. Jon Kerri murosali bayonot bilan chiqib, "Siz bizni noto‘g‘ri tushungansizlar" deb aytdi va hamorlikni davom ettirishga tayyor ekanligini bildirib, yirik mablag‘ ajratiladi, deb bir necha bor ta‘kidladi. Ya‘ni Amerika mintaqa bilan yaxshi aloqalarni saqlab kolmoqchi. Bu galgi safar AQSh Markaziy Osiyo mintaqasini Rossiya va Xitoyga qarshi jang maydoniga aylantirmoqchi emasliklarini namoyon qilayotganini ko‘rsatadi.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio