"Xorazmda majburiy paxta yig‘imi hamon davom etmoqda"

Image copyright Reuters

Rasmiy Toshkent davlatga paxta topshirish yillik rejasi bajarilgani va Prezident Islom Karimov paxtakorlarni tabriklaganiga qaramasdan, Xorazm viloyatida tibbiyot va maorif muassasalari, davlat idora va tashkilotlari xodimlari paxta terishga majbur etilmoqdalar.

Bu haqda BBCga Xorazm viloyatida istiqomat qiladigan, lekin o‘zining shaxsi va qayerda ishlashi oshkor etilishini istamagan ayol xabar qildi.

O‘zbekiston rasmiylari davlatga paxta topshirish yillik rejasi bajarilgani haqida 15 oktyabr kuni e‘lon qildilar.

Biroq Xorazm viloyati yashovchilari hamon dalaga majburan olib chiqilmoqdalar, aftidan bu paxta rejasi faqat "qog‘ozda bajarilgani" bilan bog‘liq.

Xorazm viloyati yashovchilarining aytishlaricha, bu yil viloyatda paxta hosili ko‘ngildagidek bo‘lmagan.

Shu bois fermerlarning zimmalariga yuklangan rejalarini bajarishlari imkonsiz bo‘lgan.

Rejani bajarmagan fermerlarni tuman hokimlari va viloyat hokimligi amaldorlari haqoratlashlari va hatto kaltaklashi hollari bu yilgi mavsumda ham kuzatilgan.

BBC suhbatlashgan ayolning fermerlarga iqtibosan aytishicha, rejasini bajara olmagan fermerlar qo‘shni fermer dalasidan paxta terishga majbur bo‘lganlar.

Feodal zamon boylarining qulga nisbatan muomalasini eslatadigan hokim haqoratlaridan qutulish uchun paxta qabul qilish idorasidagilarga pora berib, kunlik "rejani bajargani" haqida "qog‘oz" olishga intilganlar.

Paxta teruvchilar bilan har kuni tergan paxtasi uchun hisob-kitob qilish talabi qo‘yilgan, bu talabni bajarishga qiynalgan fermerlar boshqalardan qarz so‘rashga majbur bo‘lganlar.

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

Rasmiylarga ko‘ra, bu yil O‘zbekistonda 3 million 350 ming tonnadan ortiq paxta yig‘ilgan.

O‘zbekiston o‘z paxtasini chetga asosan xomashyo sifatida sotayotgan mamlakat bo‘lib qolmoqda.

Paxta va don xarid narxlarini erkinlashtirish, fermerlarga erkinlik berish chaqiriqlarini hukumat rad etib keladi.

Buning natijasida paxta va g‘alla yetishtirish o‘zbekistonlik fermer uchun daromad keltiradigan emas, aksincha aksar dehqonlar moliyaviy ahvolini og‘irlashtiradigan soha hisoblanadi.

Paxta tannarxi arzonligini ta‘minlash maqsadida yoshu-qari bu yil ham paxta dalalariga "haydaldi".

Yo‘l qo‘yilayotgan majburiy mehnat tufayli Jahon Bankidan O‘zbekistonga moliyaviy yordamni to‘xtatish talablari ham yangradi.

Bu yil ham paxta terimi insonlar o‘limiga olib keldi.

Majburiy mehnat holatlarini aniqlashga qaror qilgan huquqbonlar tahqirona tekshirildilar.

O‘zbekiston hukumati SSSR zamoniga qiyos bo‘lmasin uchun "plan" so‘zini qo‘llashni taqiqlagan.

Ammo mohiyatan paxta kampaniyasi Sho‘ro zamonidanhech farq qilmaydi.

Tobora ko‘p kuzatuvchilar O‘zbekiston paxtasidan xalqqa emas, "yuqoridagi amaldor"ga foyda, degan xulosaga kelmoqdalar.

Bunday xulosaga biror marta ham O‘zbekiston parlamentida yillik byudjet muhokama qilinayotgan paytda paxtadan qancha daromad tushgani va bu daromad qaysi maqsadlarga sarflangani ko‘rsatilmagani undaydi.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

Bu mavzuda batafsilroq