Afg‘on qizi toshbo‘ron qilindi

Image copyright AFP
Image caption Zino uchun toshbo‘ron qilish Tolibondan beri ilk bora sodir bo‘ldi

Afg‘onistonning G‘or viloyati rasmiylariga ko‘ra, 19 yashar Ruxshona ismli qiz zino aybi bilan toshbo‘ron qilingan.

Toshbo‘ron jarayonini unda qatnashgan erkaklar yozib olib, internetga yuklaganlar.

Yarim daqiqali videoda yelkasigacha yerga ko‘mib qo‘yilgan qizni sallali erkaklar toshbo‘ron qilishgani tasvirlanadi.

Yoshgina qiz o‘ziga kelib tushayotgan toshlarga qaramasdan, o‘limi oldidan tinmasdan Shahodat kalimasini qaytarishga uringan.

Mahalliy telekanallarga ko‘ra, G‘or viloyati markazi Feruzko‘hdagi toshbo‘ron amali bir hafta oldin ijro etilgan. Mazkur hudud Tolibon nazorati ostida.

Qizning oh-nolalari atrofni qoplashiga qaramasdan, tosh otgan va tomoshabin bo‘lib turgan erkaklar jarayonni qo‘l telefonlarida tasvirga tushirishda davom etishgan.

Ma‘lum bo‘lishicha, Ruxshona va uning 23 yashar sevgilisining oila qurishlariga qizning oilasi rozilik bermagan.

Keyin ikki yosh nikoh o‘qib, turmush qurish niyatida uydan qochib ketishadi.

G‘or rasmiylariga ko‘ra, ikkovlonni go‘yo zino ustida ushlab olishgach, shariat mahkamasi asosida jazo tayinlangan.

Lekin yigitni faqat darralash bilan kifoyalanishgan.

Mulozimlarning aytishicha, Afg‘onistonning o‘ta mutaassib qishloqlarida ham toshbo‘ron amali so‘nggi yillari uchramagan edi.

Ammo ko‘pchilik bu oxirgisi bo‘lmasa kerak, degan qo‘rquvda.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

Bu mavzuda batafsilroq