O‘zbekiston iqtisodiga sarmoya yotqizadigan dovyurak bormi?

5-6 noyabr kunlari Toshkentda O‘zbekiston iqtisodiga xalqaro sarmoyalarni rag‘batlantirishga qaratilgan Xalqaro Investitsiyalar Forumi bo‘lib o‘tmoqda.

O‘zbek hukumati tadbirga katta tayyorgarlik ko‘rgan va yuzlab xorijiy shirkatlarga taklifnomalar yo‘llagan. Xabarlarda 250 shirkatdan 500 ortiq vakil ishtirok etishi aytilmoqda.

Forum ishtirokchilari xorijiy valyutaga o‘ta ehtiyojmand Farg‘ona, Samarqand, Xorazm, Navoiy viloyatlarida joylashgan o‘ttizga yaqin korxonalarni borib ko‘rishadi.

O‘zbek hukumati forum oldidan uzinfoinvest saytida savdoga qo‘yilgan 68 korxona ro‘yxatini e‘lon qilgan.

Mazkur saytda sarmoyadorlarni jalb etish uchun barcha sharoit va majburiyatlar ham ma‘lumot berilgan. Shu bilan birga mamlakatda xorijiy shirkatning faoliyat yurgizishida tashkiliy yoki qonuniy to‘sqinlar yo‘qligi ta‘kidlanadi.

Umuman, uzinfoinvest saytida O‘zbekiston haqida, jumladan, uning madaniyati, tabiiy zahiralari, milliy taomlari haqida shu qadar batafsil ma‘lumotlar keltirilganki, bularning bari hukumat xorijiy sarmoyadorlarni jalb etish uchun anchayin ter to‘kayotganini namoyish etadi.

Mahalliy kuzatuvchilarga ko‘ra esa, uzoq yillik tajriba xorijiy biznesga davlatning reyderlik amallari bois ko‘plab shirkatlar O‘zbekistondan chiqib ketishga majbur bo‘lishganini ko‘rsatadi.

Xo‘sh, shunday bir sharoitda o‘zbek iqtisodiga pul yotqizish uchun jur‘at qila oladiganlar bormi? Bi-bi-si ushbu savolni Markaziy Osiyo masalalari bo‘yicha tahlilchi Joanna Lillisga berdi.

Joanna Lillis: So‘nggi oylar O‘zbek hukumati va Prezident Islom Karimov ma‘muriyati mamlakat iqtisodiga xorijiy sarmoyalarni jalb etish uchun qattiq harakat qilayotganini aniq ko‘rish mumkin. Albatta, o‘zbek tomoni sarmoyalarga hamisha qiziqish ko‘rsatgan, biroq bugungi kunda sarmoyalarni rag‘batlantirish jarayoni jadallashgan. Xalqaro biznes forumining ham o‘tkazilayotgani O‘zbekiston hukumati iqtisodni oldinlatish uchun xorijiy mablag‘larga o‘ta ehtiyoj sezayotganini ko‘rsatadi, deyish mumkin. Aytish lozimki, Turkmaniston istisno, mintaqa mamlakatlarida joriy yilgi iqtisodiy o‘sish anchayin pasaygan. Xususan, neftga boy Qozog‘istonda mazkur o‘sish bor-yo‘g‘i 1,5 foiz deb bashorat qilinmoqda. Bu qozoq iqtisodi uchun juda ham past ko‘rsatkich sanaladi. O‘zbekistonda esa, rasmiylar iqtisodiy o‘sishni 8 foiz deya bashorat qilishda davom etishmoqda. Yilning uch choragida o‘zbek iqtisodi sakkiz foiz bilan rivojlangan. Bu juda katta raqam. Ya‘ni, o‘zbek hukumati butun mintaqani domiga tortgan iqtisodiy inqiroz O‘zbekistonga ta‘sir qilmaganini namoyish etmoqchiligi ko‘rinadi bunda. Lekin, sarmoyadorlarni jalb etish yo‘lida qattiq harakat qilar ekan, hukumat iqtisodiy inqiroz bosimi ostiga qolayotganini anglab yetayotganidan dalolat qilishi mumkin. Albatta, bu oshkora tan olinmasa-da, O‘zbekiston mamlakat ichkarisiga yirik mablag‘, dollar va boshqa xorijiy valyutalarni kiritishga tayyor, deyish mumkin.

Bi-bi-si: Ya‘ni, O‘zbekiston rasmiylari xorijiy sarmoyalarsiz kelajak iqtisodiy farovonlikka yo‘l yo‘qligini anglagan holda haqiqiy voqelikka ko‘z ochishmoqda, deb aytmoqchimisiz?

Joanna Lillis: Ha, iqtisodning katta qismi mamlakat bozor iqtisodini to‘la qabul qilmagani sabab, ichki mahsulot ishlab chiqarish orqali o‘sgan xolos. Davlat iqtisodiy hayotni boshqaradi va bu sohaga aralashuvi juda katta. Agar biz O‘zbekiston butun mintaqa kabi tashqi bosimlardan azob chekayotganini qabul qilsak, garchi hukumat buni jamoatchilik qarshisida tan olmasa ham, Xalqaro Valyuta Jamg‘armasi kabi nufuzli tashkilotlar raqamlariga tayanilsa, O‘zbekiston gaz, oltin va metal narxlarini pasaytirishi kerak edi. Davlat g‘aznasiga tushum kamaygani bois o‘zbek rasmiylari mamlakatga mablag‘ olib kelish ilinjida xorijiy sarmoyadorlarni izlashga urinishlari mumkin.

Bi-bi-si: Biroq, yillarki, O‘zbekiston va xususan, Prezident Karimov "o‘zbek modeli"ni misol keltirib, “biz kelajak avlodlarimizni o‘ylab “iqtisodimizni xorijliklarga sotmaymiz”, tariqasida aytib kelgan. Ayniqsa, bu so‘zlar Qozog‘iston bilan solishtirilib aytilgan. Endi ayni dasturdan umuman voz kechiladimi?

Joanna Lillis: To‘ppa-to‘g‘ri, bu Islom Karimov ma‘muriyatining tub siyosati bo‘lgan. O‘zbek muassasalarini xorijiy shirkatlarga sotmaymiz va shuning uchun, davlat iqtisodga faol aralashadi va ana shu orqali iqtisodiy mustaqilligimizni saqlab qolamiz qabilidagi bayonotlar yangragani rost. Ushbu siyosatni ilgari surish maqsadida "o‘zbek modeli" dasturi ham ishlab chiqarilgandi. Ushbu dastur xorijiy shirkatlarning kamdan-kam ishtirokini nazarda tutgan. Biroq, rasmiylar xorijiy shirkatlar o‘z pullarini o‘zbek iqtisodiga yotqizishni istamaganlarini yashirish uchun shu taxlit bayonotlar bilan chiqishga majbur bo‘lishgandir, degan fikr ham kechadi xayoldan. Xorijliklar sarmoya muhiti abgor bo‘lgani uchun o‘z mablag‘larini xatar ostiga qo‘yishni istashmaydi.

Image caption O‘zbek rahbari "kelajak avlodlarimizni o‘ylab, iqtisodimizni xorijliklarga sotmaymiz" deb aytgan.

Bi-bi-si: So‘zlaringizga ilova tarzda muhim bir savol tug‘iladi: bugun o‘zbek iqtisodiga kim sarmoya yotqizishi mumkin?

Joanna Lillis: Ehtimol, o‘z mablag‘larini o‘zbek iqtisodiga yotqizishga botina oladigan dovyurak sarmoyadorlar bordir. Biroq, investorlar O‘zbekistonda juda katta risk bilan hisoblashishlariga to‘g‘ri kelganiga guvoh bo‘lganmiz. Shuni aytish kerakki, katta xavflar barcha sobiq Sho‘ro mamlakatlarda, Markaziy Osiyo mintaqasida, jumladan, qo‘shni Qozog‘istonda ham bor. Korruptsiya tufayli ularning barchasidagi sarmoya muhiti qulay deb hisoblanmaydi. Ammo, O‘zbekistondagi vaziyat ulardan o‘tib tushadi. U yerda biznes qilish favquloda darajada qiyin. Oxirgi yillarda O‘zbekistonda xorijiy shirkatlar o‘z bizneslaridan ayrilishgan. Ularni davlat o‘z tasarrufiga o‘tkazgan, biror bir tovon to‘lanmagan. Buning yorqin misoli sifatida Rossiyaning MTS shirkati bilan kechgan mojaroni keltirish mumkin. Mazkur ro‘yxatni davom ettirsak, AQShning Newmont oltin qazib chiqarish shirkati, Britaniyaning Oxus Gold shirkati va boshqalarni tilga olamiz. Ularning barchasi O‘zbekistondan majburan ketkizilganlari va mol-mulklarini qoldirishga majbur bo‘lganliklarini da‘vo qiladilar. Xorijiy sarmoyadorlar duch keladigan boshqa mushkulotlar sirasiga O‘zbekiston bozor iqtisodiga to‘la o‘tmagani bois daromad olish imkonsizligi va valyuta ayirboshlash erkin emasligi tufayli o‘zbek so‘mini dollarga aylantirish imkonsiz bo‘lgani kiradi.

Bi-bi-si: Sizning nazaringizda, O‘zbek hukumati bu galgi forum ham boshqa xalqaro anjumanlar kabi mahalliy matbuotda "o‘zbek modeli"ni ulug‘laydigan, lekin aslida soxta dabdababozlikdan xoli bo‘lishi uchun nima qilmog‘i lozim?

Joanna Lillis: Bu juda ham o‘rinli savol, deb o‘ylayman. Nazarimda, bir forum bilan xorijiy sarmoyadorlarni jalb qilib bo‘lmaydi. Xorijdan kelgan mehmonlar sarmoya muhitini sinchkovlik bilan o‘rganishadi. Ya‘ni, ular qonun hukm so‘radimi, mol-mulkka bo‘lgan haqlari qanday bo‘ladi degan savollarga javob izlashlari mumkin. O‘ylaymanki, xorijiy sarmoyadorlar O‘zbekistonga pul yotqizishdan oldin butun sarmoya muhitida radikal o‘zgarishlar ro‘y berishini ko‘rishni istashadi.

Bi-bi-si O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram – BBC UZBEK

Twitter – BBC UZBEK

Odnoklassniki – BBC UZBEK

Facebook- BBC UZBEK

Google+ BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio