Nazarboyev Frantsiyadan ham 5 milliard dollarlik sarmoya undirdi

Image copyright Getty

Qozog‘iston prezidenti Nursulton Nazarboyevning Frantsiyaga safari davomida yirik shirkatlar bilan 5 milliard AQSh dollariga teng sarmoyalarga doir kelishuvlar imzolangan.

Nazarboyev Fransaning yirik shirkatlari, jumladan Total, Airbus va Areva rahbarlari bilan uchrashgan.

Hafta boshlarida esa Qozog‘iston rahbari Londonda bo‘lib, Britaniya Bosh vaziri Devid Kemeron bilan uchrashgan edi.

Britaniyaga safari davomida ham Nazarboyev 5 milliard dollarga teng sarmoya undirishga muvaffaq bo‘lgandi.

Barcha sarmoyalarning asosini neft va energetika sohasi tashkil qilishi aytiladi.

Dunyo bo‘ylab neft narxlari pastlab borar ekan, Qozog‘iston “qora oltin”ga asoslangan iqtisodini rang-baranglashtirish niyatida harakat qilmoqda.

Dunyo va Rossiyadagi iqtisodiy muammolar Markaziy Osiyodagi iqtisodi bo‘yicha eng ilg‘or mamlakat bo‘lmish Qozog‘istonni ham chetlab o‘tmadi.

Qozog‘iston rahbariyati mamlakat iqtisodiga bevosita sarmoyalar qidirishga tushdi.

Nufuzli Financial Times nashrining yozishicha, Qozog‘iston mustaqillik yillarida misli ko‘rilmagan darajada yirik privatizatsiya ( xususiylashtirish) rejasini oshkor etmoqda.

Bunda mamlakat iqtisodining nahanglari sanalgan sohalar bilan birga qator o‘rta va kichik davlatga qarashli shirkatlar ham kimoshdi savdosiga qo‘yilib, xorijiy sarmoyadorlar e‘tiboriga havola etiladi.

Ammo bu kabi “giperaktivlik” doim ham yaxshi natijalar bermasligi mumkin.

Ana shunday yirik rejalar qatorida 20 milliard dollarga teng “Nurli Yo‘l” loyihasi bor.

Unda mamlakatdagi avto, temir va havo yo‘llarini zamonaviylashtirish, Xitoydan tortib Rossiya, Eron va Ovro‘poni bog‘laydigan intratuzilmalarni barpo etish ko‘zda tutiladi.

Financial Times gazetasiga ko‘ra, bu kabi “olamshumul” g‘oyalarning bari Qozog‘iston hukumatining “tepasidan” kelmoqda.

Nazarboyev janoblari iqtisodiy, ijtimoiy va boshqa qator sohalarda bir necha loyihalarni boshlab bergan, mulozimlarga ko‘ra, ularning aksariyati kelasi besh yil ichida yakunlanishi kerak.

Ammo kuzatuvchilar orasida ayni rejalarga shubha bilan qarayotganlar ham talaygina.

Nashrning yozishicha, Qozog‘istonning hali to‘la shakllanmagan hokimiyat institutlari bu biri biriga bog‘langan yirik loyihalarni uddalay olmasligi mumkin.

Bi-bi-si O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram – BBC UZBEK

Twitter – BBC UZBEK

Odnoklassniki – BBC UZBEK

Facebook- BBC UZBEK

Google+ BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio