Putinning sobiq maslahatchisi AQShda o‘lik topildi

Image copyright Reuters

Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning sobiq maslahatchisi Vashingtonda o‘lik topilgan.

Rossiya rasmiylariga ko‘ra, sobiq matbuot vaziri va bir vaqtlar qudratli Gazprom-Mediya Xolding kompaniyasining rahbari bo‘lgan 57 yoshli Mixail Lesin payshanba kuni olamdan o‘tgan.

Uning oilasidan iqtibos keltirayotgan Rossiya matbuoti u yurak xurujidan o‘lganini yozmoqda.

Rossiya elchixonasiga ko‘ra, janob Lesinning jasadi Dyupont Serkl mehmonxonasidagi xonada topilgan.

Vashington Post yozishicha, politsiya bir erkak kishining o‘limini tekshirmoqda, ammo uning shaxsini rasman aniqlamagan.

O‘tgan yili Mississipi senatori Rojer Viker janob Lesinning boyligi "jiddiy savollarni uyg‘otadi" deya, uning tergov qilinishiga chaqirgandi.

AQSh Adliya vazirligiga yo‘llagan maktubida Senator Viker davlat mulozimi bo‘lib ishlagan janob Lesin qanday qilib Los Anjelesda o‘z oilasi uchun 28 million dollarga uy sotib olgani so‘ralgan.

Senatorning xavotiricha, mazkur uy savdosida AQSh sanktsiyalari ostiga tushgan shaxs yoki guruhlar turgan bo‘lishi mumkin.

Janob Lesin Rossiya matbuot bozori va hukumatidagi eng katta ta‘sirga ega bo‘lgan shaxslardan biri deb ko‘rilardi.

2004 va 2009 yillar orasida prezidentga maslahatchi bo‘lib ishlagan Lesin hukumatparast Russia Today telekanalining tashabbuskorlaridan biridir.

Tass xabariga ko‘ra, juma kuni Prezident Putin janob Lesinning "Rossiya matbuotiga qo‘shgan yirik hissasi"ni olqishladi.

O‘tgan yili janob Lesin o‘zi hissador bo‘lgan radio stantsiyada muxolifatchi Aleksey Navalny bilan suhbatni to‘xtatishga uringanlikda ayblangandi.

Senator Viker o‘z maktubida janob Lesin "Kremlning Rossiyadagi mustaqil televizion kanallarning ovozini o‘chirish harakatlariga boshchilik qilgan"ini da‘vo qilgan.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio