"Toshkentda benzin taqchilligi uzoq davom etadi"

Image caption Ba‘zi haydovchilar navbat chog‘i film tomosha qilishni tavsiya qilishayapti

Toshkentda yoqilg‘i taqchilligi bilan bog‘liq vaziyat davom etmoqda. Ba‘zi yoqilg‘i quyish shoxobchalarida benzin tijoriy narxlarda sotilayotgan bo‘lsa-da, shaharliklar uzundan-uzun navbatlarda qolib ketayotganlarida norozilar.

Hukumatdagi manbalarga yaqin bo‘lgan toshkentlik jurnalist Sergey Yejkovning yozishicha, bu kabi "kollaps" (inqiroz) poytaxtda 90-yillar boshidan beri kuzatilmagan.

"Rahbariyati o‘n yil avval energetik mustaqilligini e‘lon qilgan respublika poytaxtida shunday vaziyat yuzaga kelgan", - deb yozadi u Uzmetronom saytidagi maqolasida.

Ba‘zi iqtisodchilarga ko‘ra, benzin va dizel taqchilligi davlat g‘aznasida valyutaning yo‘qligi tufayli yomonlashib boradi.

BBC janob Yejkovni suhbatga tortib bu safargi taqchillik avvalgilaridan nimasi bilan farq qilishini so‘radi.

Yejkov: Bu safargi taqchillik uzoqqa cho‘zilishi bilan farq qiladi. Avvallari uch-to‘rt kun yoki ko‘pi bilan bir hafta davom etgan bo‘lsa, bu safar esa deyarli bir oydan beri davom etayapti. Butun tizimda uzilish yuz bergan. Gap shundaki, O‘zbekiston 2001 yilda 8,1 million tonna suyuq uglevodorodlarni qazib chiqarardi. Bugunda esa bu miqdor 2,7 million tonnaga tushgan. Ya‘ni suyuq uglevodorodlar qazib chiqarilishi uch barobar kamaygan. Bu, albatta, ichki iste‘mol imkoniyatlarida o‘z aksini topadi. Xorijdan olib kirishga qarasak, ha, 90 yillar o‘rtalarida xorijdan qator kompaniyalar yoqilg‘ini olib kelib sotishgan, lekin unda valyuta konvertatsiyasi bor edi. Bugun esa, bu yerda nafaqat foyda, balki o‘z pulingni chiqarib ola olmasligingni bila turib, hech kim benzin olib kirmaydi. Tabiiyki, bizda davlat monopoliyasi mavjud. Mashinalarning 20-30 foizi gazga o‘tkazilgan bo‘lishiga qaramay, katta qismi hali ham benzinda yuradi. Katta avtobuslar va yuk mashinalari esa dizel yoqilg‘isida ishlaydi. Dizel yoqilg‘isi esa O‘zbekistonda ko‘pdan beri yo‘q. Yuk mashinalari egalari dizelni tijoriy narxlarda sotib olishadi. Mana shu muammolar majmui yuzaga qalqib chiqayapti. Viloyatlarni aytmasa ham bo‘ladi, u yerda allaqachon benzin yo‘q. Benzin faqat Toshkentda bor bo‘lib qolayotgandi, endi esa Toshkentda ham shu manzara...

BBC: Nima uchun bu vaziyat yomonlashib boraveradi, deyapsiz?

Yejkov: Mening bashorat qilishimcha, shunday. Chunki, xorijdan olib kirish borasida hukumatning iqtisodiy siyosatida hech nima o‘zgarmaydi. Vaziyat yaxshilanishiga men hech qanday ishorani ko‘rmayapman.

BBC: Lekin, ijtimoiy tarmoqlarda yozayotgan toshkentliklar uzun navbatda turib bo‘lsa ham, benzin olishga muvaffaq bo‘layotganlarini yozishayapti, hamda qayerda benzin olish osonroq ekani borasida fikrlari bilan o‘rtoqlashishayapti. Demak, vaziyat siz aytganchalik fojeali emas.

Yejkov: Bu tijoriy benzin aslida qanaqa benzin ekanini tushunsangiz kerak. Bu davlatning spekulyatsiya yo‘llar bilan tijoratchilarga sotilgan benzini degan shubhalar bor. Bu, bilmadim, qandaydir fitnadir. Chunki odatda bu kabi uzun benzin inqirozi ortidan bir yo bir nechta neft bazalar rahbarlari qamaladi. Lekin, bu bilan muammoni hal qilib bo‘ladimi? Benzin umuman yo‘q, demayapman. Mana men bugun dachadaman, bu yerga go‘sht, sut olib keladigan odamlar bor. Shulardan biri menga kelib, iltimos ozgina benzin bering, deydi. Ozgina berdim, lekin, bilaman o‘zim yana ikki soat navbatda turishim kerak bo‘ladi uni olish uchun. Bu normal holatmi respublika uchun? Qirg‘izistonni oling, u yerda na neft, na gaz ishlab chiqariladi, lekin neft omborlari benzinga to‘ldirilgan. Umuman hech qanday uglevodorodi bo‘lmagan o‘sha mamlakatda benzin bizdagidan ancha arzon. Bizda nega bunday?

BBC: Ayting-chi, sizningcha, prezidentning o‘zi ogohmikan shu inqirozdan? U uzun navbatlarni ko‘rarmikan?

Yejkov: Men prezident uchun javob bera olmayman. Uning o‘zi bu borada fikr bildirishi kerak. Balki unga bu borada hisobot berib turishar. Bu yillab tomchilab yig‘ilib kelayotgan muammolar va ular qalqib chiqayapti. Chetdan benzinni sotib olish bo‘yicha siyosat o‘zgarishsiz qolayapti. Chetdan nimadir sotib olish uchun, nimanidir sotish kerak. Sotishga hech vaqong bo‘lmasa, unda hech narsa sotib ham ololmaysan.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio