Turkiya: "ID"ga qo‘shilmoqchi bo‘lgan 38 kishi hibsga olingan

Image copyright Reuters

Turkiya rasmiylariga ko‘ra, qo‘lga olinganlar orasida Tojikiston, Qirg‘iziston va Ozarbayjon fuqarolari bor.

Turkiyaning "Onado‘li" axborot agentligining politsiyaga tayanib xabar tarqatishicha, xorijiy fuqarolar mamlakat janubidagi Adana viloyatida qo‘lga olinganlar.

Ular yetti mamlakat fuqarolaridir.

Ikki Afg‘oniston fuqarosi, ikki Tojikiston fuqarosi, uch Eron, besh Qirg‘iziston va besh Iroq, yetti nafar Indoneziya fuqarosi, 14 nafari esa Ozarbayjon fuqarosi ekani haqida xabar qilinmoqda.

Turkiya politsiyasiga ko‘ra, qo‘lga olinganlar orasida 10 ayol va 15 bola ham bor.

Yana ikki hibs qilingan, ular xorijliklarni o‘zini "Islomiy Davlat" deb ataydigan guruhning Suriyadagi nazorat ostidagi hududiga noqonuniy o‘tkazish bilan shug‘ullanishda gumon qilinmoqdalar.

Qo‘lga olinganlar Turkiya muhojirlik xizmati ixtiyoriga o‘tkazilganlar.

Endi xorijliklarning o‘z vatanlariga deportatsiya qilinishlari kutilmoqda.

Ko‘plab chet el fuqarolari Turkiya hududi orqali "ID"ga qo‘shilish uchun Suriyaga o‘tishlari xabar qilinadi.

Turkiya hukumatini esa jangari guruh safiga qo‘shilmoqchi bo‘lgan insonlar yo‘lini to‘smaganlikda tanqid qilib kelishadi.

Turkiya hukumati esa o‘zi "ID" nishoniga aylanganini aytadi, so‘nggi oylardagi qator xudkushlik hujumlarini uyushtirishda "Islomiy Davlat"ni ayblaydi.

Eng so‘nggi xudkushlik hujumi 10 oktyabr kuni poytaxt Anqarada kurdparast XDP partiyasi faollari marshini nishonga olgan.

Ikki xudkush hujumchi o‘zini portlatgani xabar qilingan zo‘ravonlikda 100 dan ortiq inson halok bo‘lgan.

Buning ortidan butun mamlakat bo‘ylab Turkiya xavfsizlik kuchlari reydlar uyushtirgan.

Reydlardan ayrimlari qurolli qarshiliklarga ham duch kelgan.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

Bu mavzuda batafsilroq