O‘zbekistonda boy bo‘lish jinoyatmi?

Image copyright china.org
Image caption Rustam Azimov "bizda milliarderlar bo‘lmaydi" deb O‘zbekiston qonunlari taqiqlamagan taqiqni takrorladi

"O‘zbekistondagi eng katta boylar - hokimiyatga yaqin odamlar" - deydi o‘z vaqtida O‘zbekiston strategik tadqiqotlar markazida ishlagan Kamoliddin Rabbimov.

"Lekin kimda qancha pul bor, degan savolga javob topish imkonsiz".

Tahlilchilarga ko‘ra, yirik xususiy mulk oliy hokimiyat bilan qorishib ketgan mamlakatda boshqacha bo‘lishini tasavvur ham etish qiyin.

"O‘zbekistonda 6-7 nafar milliarder bor desa hayratlanmasdim" - deydi mamlakatda bir necha yil ishlagan iqtisodiy jurnalist Jon Makkarti.

"Ammo mulkning egasi kimu rasman u kimning nomida, degan savollarga kelganda, buni na rad etish, na tasdiqlash mumkin bo‘ladi. Hamma narsa o‘rtada loydek chaplashib ketgan".

O‘zbekistonda o‘ta boy ham, o‘ta kambag‘al ham bo‘lmaydi, degan fikr aslida Prezident Karimov tilidan yangragan bo‘lib, bu - bugun kapitalizm, sotsializm, feodal boshqaruv va quldorlik qorishib ketgan O‘zbekiston iqtisodiy boshqaruv usulini akslantiradi.

O‘zbekiston rahbariyati bayonotlariga qaraganda, O‘zbekiston qonunan bo‘lmasa-da, ammo amalda Sovet davridan meros qolgan "Yo‘qolsin boylar!" shioridan voz kechmayotir.

Biroq bu shior hammaga birdek tegishlimi, degan savol ochiq qoladi.

Gulnora-chi?

Xullas, O‘zbekistonning dunyoda tilga tushgan boylari ham yo‘q emas.

"Gulnora Karimovaning keyingi 3 yilda muzlatilgan pullari umumiy hajmi bir yarim milliarddan oshadi" - deydi Kamoliddin Rabbimov.

"2009-2010 yillari O‘zbekistonning Rossiyadan keyingi yirik iqtisodiy hamkori Shveytsariya bo‘lgan" - fikrini davom ettiradi tahlilchi.

Image caption O‘zbekistonda oddiy odamlarning boyib ketishiga yo‘l qo‘yilmaydi, lekin Gulnora Karimovaning boyliklari G‘arbda tilga tushgan...

"O‘sha yillari O‘zbekiston tashqi iqtisodiy aloqalarining 12% Zeromaks shirkati ro‘yxatdan o‘tgan Shveytsariya hissasiga to‘g‘ri kelgan. Bu juda katta mablag‘ aylanganini ko‘rsatadi".

"Xullas, Gulnora Karimova - O‘zbekistondagi eng boy ayol" - fikrini xulosalaydi Kamoliddin Rabbimov.

Ammo aksar kuzatuvchilarning aytishicha, O‘zbekiston tanlagan hozirgi yo‘l uddaburon, tadbirkor va ishbilarmon insonlarning o‘z kuchi bilan qonunan boyishiga imkon bermaydi.

"Boyish uchun hokimiyatga yaqin bo‘lish kerak" - deyishadi kuzatuvchilar.

Darvoqe, ikki yil oldin Gulnora Karimovaning o‘zi ham yuqori martabali amaldorlar orasida milliarderlar borligini ta‘kidlab, xususan, hozir bizda milliarder yo‘q, deb aytayotgan Bosh vazir muovini nomini tilga olgan.

"Bu yerda yigitlar aytishyaptiki, 4 milliard dollar!!! Azimovda bor"- deb yozgandi Gulnora Karimova xonim.

Milliarderlar yo‘qligi uyatmi?

"Hozir O‘zbekistonda hatto 100-150 odam ishlovchi, yillik aylanishi 5-10 million dollarni tashkil etadigan o‘rta biznes ham deyarli yo‘q hisob" - deydi ishbilarmon va iqtisodiy tahlilchi Anvar Husainov.

Suhbatdoshimizga ko‘ra, O‘zbekiston tanlagan iqtisodiy model hozirgi global iqtisodiy taraqqiyotga mos emas va mazkur model bilan hali bironta davlat boyimagan.

"Milliarderlar yo‘qligi, dunyo tanigan ulkan uddaburon shaxs va shirkatlar yo‘qligi bois ham shu ahvolga tushib qoldik" - deydi tahlilchi.

O‘zbekistonda aksar korxonalar davlat tasarrufida bo‘lib, oz miqdordagi hissalarga ega davlat amaldorlari ham ertangi kunga umidlari katta emasligi aytiladi.

Mansabdorlar pulini tashqariga tashish yo yashirish bilan band. Iste‘dodli ishbilarmonlar esa nafaqat G‘arbga, hatto Qozog‘iston yo Rossiyaga borib, gullab-yashnashmoqda.

"Alisher Usmonov yo Iskandar Mahmudov kabi vatandoshlarimizni qaytarish, vatanga taklif qilish kerak, ular iqtisodni yuksaltirishga katta hissa qo‘sha oladilar" - deydi Anvar Husainov.

Image copyright rferl
Image caption Hozir yuz minglab o‘zbekni boylik emas, tappi-tezak terib, qishdan chiqib olish ko‘proq o‘ylantiradi

Shu nuqtai nazardan olganda, mutaxassislar O‘zbekistonda milliarderlar yo‘qligini aytish, aslida maqtanib bo‘lmaydigan holat ekanligini urg‘ulashadi.

Biroq nega O‘zbekiston milliardersiz iqtisod yaratmoqchi, degan savolga javob bir xil emas.

Anvar Husainovga ko‘ra, O‘zbekistonda jahondagi zamonaviy iqtisodni chuqur va obdon biladigan mutaxassislar yo‘qligi bunga sabab bo‘lishi mumkin.

Kamoliddin Rabbimovning o‘ylashicha, O‘zbekistondagi hokimiyat vakillari siyosiy tuzum tabiatini o‘zgartirmasdan, o‘zlariga foydali tarzda ba‘zi iqtisodiy islohotlarni o‘tkazishga urinishmoqda, ammo bu ish bermayapti.

"O‘zbekistondagi avtoritar boshqaruvga asoslangan iqtisod mavjud siyosiy tuzum bo‘lmasa, yashab qololmaydi" - deydi suhbatdoshimiz.

Bir burda non siyosati

O‘zbekiston nafaqat milliarder boylar yo‘qligini aytib keladi, balki mamlakatda allaqachon mustahkam o‘rta tabaqa shakllanganini ta‘kidlaydi.

O‘rtahol daromadga ega qatlamning kattaligi esa jamiyat farovonligi ramzidir.

Lekin hukumatning ayni fikrlarini ko‘pchilik savol ostiga oladi.

Avvalo, qanday qilib mustahkam o‘rta qatlam shakllangan davlatdan millionlab odamlar bir burda non topish uchun Qozog‘iston yo Rossiyaga borib ishlashmoqda, degan savollarni o‘rtaga qo‘yishadi.

To‘g‘ri, kichik tijorat qiyinchilik bilan bo‘lsa-da rivojlanayotgani, so‘nggi yillari soliq va boshqa tekshiruvchi idoralar ularni bir qadar tinch qo‘yishayotgani aytiladi.

Lekin O‘zbekistonlik ishbilarmon bir so‘mini ikki so‘m qilish yoki kattaroq loyihalarga qo‘l urish oldidan obdon o‘ylashi kerak.

Image copyright none
Image caption O‘zbekistonda bozor rastasi yo kichik do‘konda ish qilish mumkin, ammo "kryshang" bo‘lmasa, ulkan biznes rejalarini amalga oshirolmaysan

Avvalo, tadbirkor ustidan hokimiyat vakillari hukmronligi va boshqaruvi o‘ta kuchli.

Keyin, O‘zbekiston - dunyoning korruptsiya botqog‘iga eng chuqur botgan mamlakatlaridan biri.

"O‘zbekiston uchun liberal iqtisod yaratish, tadbirkor va fermerga esa erkinlik berish lozim" - deydi Anvar Husainov.

"Bugun fermerning ishini prokuror tekshiradi. Tadbirkor va dehqonga qo‘riqchi yo nazoratchi kerak emas".

"Axir davlat idoralari ularga xizmat qilishi kerak-ku?!"

Boshqaruv va buyruqbozlik usullari, iqtisod ustidan davlat nazorati O‘zbekistonda ish bermasligini ko‘pchilik mutaxassislar urg‘ulashadi.

Mamlakatda Saudiya Arabistoni, Quvayt yo Qozog‘iston kabi ulkan yonilg‘i zaxiralari yo‘q. Aholi soni esa katta.

Mustaqil kuzatuvchilarga ko‘ra, O‘zbekiston ataydan hozirgi iqtisodiy siyosatni tanlagan bo‘lib, aholi keng qatlami o‘ta boyib, keyin siyosiy hokimiyatga intilishini istamaydi.

Yopiqlik

O‘zbek hukumati o‘zi yuritayotgan iqtisodiy siyosat bois so‘nggi yillardagi moliyaviy inqirozlar mamlakatga bevosita ta‘sir etmaganini aytadi.

Biroq xalqaro inqirozlar bilvosita zarba bermoqda.

"Mana dollar 5 yarim ming so‘mga chiqdi, bu ta‘sir bo‘lmay nima?" - deydi Anvar Husainov.

Rossiyadagi yuz minglab o‘zbeklar shu kunlarda ishsiz qolib,vatanga qaytishga majbur bo‘lishmoqda.

O‘zbek hukumati hisobot uchun qog‘ozda ish o‘rinlari yaratsa-da, amalda normal yashashga yetarli maosh beradigan ishlar juda kam.

"O‘zbekistondagi majvud avtoritarizm insoniy kapitalga asoslangan iqtisodni yaratishga yo‘l bermayapti" - deydi Kamoliddin Rabbimov.

Image copyright RIA Novosti
Image caption Alisher Usmonov kabi ishbilarmonlar, asl vatanida emas, boshqa yurtlarda ulkan muvaffaqiyatlarga erishishmoqda

"Mamlakat esa faqat shu yo‘lni tanlab, iqtisodiy taraqqiyot va ijtimoiy barqarorlikka erisha oladi".

Yo‘qsillar yo‘qmi?

O‘zbekiston rahbarlari allaqachon mamlakatda yo‘qsillar yo kambag‘allar yo‘qligini ayta boshlashgan. Ular hatto vaqti-vaqti bilan xalqni qo‘lga kiritilgan yutuqlardan esankirab qolmaslikka ham chaqirib qoladilar.

Lekin bugun aholining kattagina qatlami xalqaro andazalar bo‘yicha amalda kambag‘al va hatto qashshoqlikda kun kechiradi.

To‘g‘ri, O‘zbekiston hukumati hech qachon mamlakatda qashshoqlik borligini tan olmaydi va rasmiy hisobotlar dunyoning uncha-muncha ilg‘or davlatlariga yetib qolgandek tasavvur paydo qilishi mumkin.

Masalan, o‘rtahol o‘qituvchi 300-400 ming so‘m maosh oladi. Bir yil oldin ham bu 100 dollar bo‘lsa, bugun 50-60 dollarga tushib ketgan. Rasman bu o‘zbek muallimi - qashshoq.

"Qashshoq-kambag‘al qatlam jiddiy masala, ular aholining 25-30% tashkil etadi" - deydi Kamoliddin Rabbimov. Bu - 10 million odam degani.

"Shuncha odamning asosiy muammosi oziq-ovqat, ya‘ni qornini to‘ydirish bo‘lib qolmoqda".

Boylar qora ro‘yxati

Yo‘qsillikni yo‘qotish uchun iste‘dod va mehnati bilan boyigan boylarni ko‘paytirish kerak, deyishadi mutaxassislar.

"Rossiyadan qaytgan yigitlarda muayyan ishbilarmonlik, mulk va biroz pul ham bor" - deydi Anvar Husainov - "Ularga ishonch bildirib, imkoniyat berishsa, sobiq muhojirlarning o‘zlari ish o‘rinlari yaratishadi. Kichik bizneslari kattarib, kelajakda millionerga va hatto milliarderga ham aylanishadi".

Image copyright none
Image caption O‘zbekistonda kambag‘allar hayotda bor, qog‘ozda yo‘q...

Ammo O‘zbekistonda ayni sharoitlar yo‘q va ishbilarmonlarga ko‘ra, tadbirkor hamon davlatdan qo‘rqadi.

"Tadbirkorlar hokimiyat haqiqiy xo‘jayin ekanligini bilishadi" - deydi Kamoliddin Rabbimov.

"Ularda boyligim qanchaga yetsa qora ro‘yxatga tushaman, 500 milliondan keyinmi, 100 milliondan keyinmi, ahvolim nima bo‘ladi, degan huquqiy savollar paydo bo‘ladi".

Suhbatdoshimizning aytishicha, hokimiyatdan qo‘rqqani uchun O‘zbekistonda hamma boyligini yashiradi va hatto shirkati yo mahsulotini reklama qilishni ham istashmaydi.

"Qudratli shaxslar, kuch tizimlari va davlat hokimiyati vakillari ishbilarmonning pul va biznesiga ko‘z olaytirsa, ularni tiyib qo‘yadigan biron kuch yo‘q".

Ammo so‘nggi ayrim qadamlar ahvol o‘zgarishi mumkin, degan umidlarni uyg‘otmoqda.

O‘zbekiston prezidenti Islom Karimov keyingi yillari bot-bot kichik tijoratlarni tinch qo‘ying, ularning ishlariga aralashmang, deb keladi.

Kuni-kecha O‘zbekiston iqtisodiga xorijiy sarmoyalarni jalb etishga qaratilgan ulkan biznes forum o‘tkazildi.

Biroq ko‘pchilik kuzatuvchilarga ko‘ra, oddiy valyuta almashtirish jinoyat sanaladigan O‘zbekistonda qo‘yilayotgan ayni qadamlar haqiqiy iqtisodiy islohotlar boshlandi, degan gapni aslo anglatmaydi.

"Ishbilarmon halol pul topib, qonunga mos ravishda milliarder bo‘lishdan qo‘rqadigan yurtda iqtisodiy islohotlar haqida gapirish mumkin emas".

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

Bu mavzuda batafsilroq