"Markaziy Osiyoda iqtisodiy o‘sish sekinlashmoqda"

Image copyright Getty
Image caption Rossiya rublining zaiflashishi milliy valyutalarga bosim o‘tkazmoqda

Ovro‘po Tiklanish va Taraqqiyot Bankiga ko‘ra, Rossiyada iqtisodiy o‘sishning sekinlashishi va xomashyo narxlarining pastligi Markaziy Osiyoga salbiy ta‘sir ko‘rsatmoqda.

Qarorgohi Londonda joylashgan bank 2016 yilda mintaqada o‘rtacha o‘sishning 3.9 foizni tashkil etishini bashorat qilmoqda.

Bank mutaxassislarining qayd etishlaricha, bu 2014 yildagi real yalpi ichki mahsulot hajmining o‘rtacha 6 foizlik o‘sishidan ancha past.

OTTB ning so‘nggi hisobotida aytilishicha, Rossiya rublining zaiflashishi va iqtisodiy retsessiyaning davom etayotgani, Sharqiy Ovro‘po va Qafqos bilan bir qatorda Markaziy Osiyo valyutalariga ham bosimni kuchaytirgan.

Bu birinchi navbatda, mintaqaning Rossiya bilan savdo-investitsiya va moliya sohasida uzviy bog‘liqligi natijasidir.

OTTBga ko‘ra, Rossiyadan mehnat muhojirlarining pul o‘tkazmalari hajmi 40 foizga kamaygan.

Ovro‘po Tiklanish va Taraqqiyot Banki 2016 yilda yalpi ichki mahsulot hajmining Qozog‘istonda 1.2%, Qirg‘iziston va Tojikistonda 5%, Turkmanistonda 8.5%, O‘zbekistonda esa 7.5% foizga o‘sishini bashorat qilmoqda.

Rasmiy raqamlar

OTTB bergan raqamlar O‘zbekiston hukumatining iqtisodiy bashoratlariga yaqin.

Hukumat 2016 yilda mamlakatda 8 foizlik iqtisodiy o‘sish sur‘ati saqlanib qolishini bashorat qilmoqda.

Ovro‘po Tiklanish va Taraqqiyot Banki mulozimining BBCga aytishicha, bank o‘z bashoratlarida O‘zbekiston hukumati bergan raqamlarga tayanmaydi.

"Bu raqamlarning birontasi ham rasmiy emas", - deb aytdi nomi tilga olinishini istamagan bank vakili.

Iqtisodiy o‘sish sur‘atining pasayishi haqidagi bashorat o‘zbek so‘mi qiymatining keskin tushib ketishi manzarasida yangramoqda.

Joriy hafta so‘mning rasmiy qiymati rekord darajada tushib, 2706.56 so‘mni tashkil qilgan.

Bu o‘tgan haftadagidan 14 so‘m 46 tiyinga ko‘p demakdir.

Milliy valyutaning qora bozordagi yoki real kursi esa seshanba kuni 5930 so‘mga teng bo‘lgan.

O‘zbek so‘mi joriy yil boshidan buyon 11 foizdan ko‘proqqa qadrsizlangan.

Tahlilchilarga ko‘ra, Rossiyadagi inqiroz va jahon bozorida xomashyo narxlarining tushib ketishi manzarasida O‘zbekiston iqtisodiyotida tizimga oid muammolar bo‘y ko‘rsatmoqda.

O‘zbekiston sobiq sovet hududida milliy valyutaning qora bozori amal qilayotgan yagona davlatdir.

Avvalroq Ovro‘po Tiklanish va Taraqqiyot Banki o‘zbek so‘mining erkin konvertatsiya qilinmasligini xorijiy sarmoyalar yo‘lidagi asosiy to‘siq, deb atagandi.

O‘tgan hafta Toshkentda o‘tgan investitsiyaviy forumda chiqish qilgan Bosh vazir o‘rinbosari Rustam Azimov xorijiy sarmoyadorlarni o‘ylantirayotgan konvertatsiya muammosini tilga olmagan.

O‘tgan oy Jahon Banki O‘zbekiston hukumatini erkin konvertatsiya tomon qadamlar qo‘yishga chiqargandi.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio