"Murod Jo‘rayev ozodlikka chiqariladi"

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

O‘zbekiston qamoqxonasidagi eng keksa siyosiy mahbuslardan biri Murod Jo‘rayevning shu hafta ozodlikka chiqarilishi kutilmoqda.

Bu haqda "Ezgulik" inson huquqlari jamiyati xabar berdi.

Seshanba kuni Murod Jo‘rayevni Chirchiq shahridagi 64/6-sonli jazoni ijro etish muassasasida borib ko‘rgan jamiyat raisi Vasila Inoyatovaning BBCga aytishicha, Murod Jo‘rayevning ozodlikka chiqarilishidan xabari bor va "ruhi ko‘tarinki".

Murod Jo‘rayevning ozod qilinish ehtimoli haqidagi xabar AQSh Davlat Kotibi Jon Kerrining O‘zbekistonga tashrifi ortidan paydo bo‘lmoqda.

Samarqandda kechgan muzokaralarda Prezident Karimov ayrim siyosiy mahbuslar masalasini ko‘rib chiqishga tayyorligini bildirgani xabar qilingandi.

Vasila Inoyatovaning aytishicha, Murod Jo‘rayevning ortidan boshqa siyosiy mahbuslar ham ozod qilinishi mumkin.

Qo‘shma Shtatlar O‘zbekiston qamoqxonasidagi jurnalistlar Muhammad Bekjon, Solijon Abdurahmonov, Dilmurod Sayyid hamda A‘zam Farmonov va A‘zam Turg‘unov kabi huquq faollarini ozod etishga chaqirib keladi.

Eng uzoq o‘tirgan mahbus

Muxolifatdagi "Erk" partiyasi a‘zosi bo‘lgan 63 yoshli Murod Jo‘rayev 1995 yilda davlat hokimiyatini ag‘darishga urinishda ayblanib, 12 yilga mahkum etilgan.

Uning qamoq muddati uch marta uzaytirilgan.

Shu yil boshida Murod Jo‘rayevni Chirchiqdagi qamoqxonada borib ko‘rgan ayoli Xolbeka Jo‘rayeva turmush o‘rtog‘i sog‘ligi yomonlashgani sabab mehnatdan ozod qilinganini aytgan edi.

Ayoli uning doimiy bosh og‘rig‘i va holsizlikdan azob chekayotgani, hamma tishlari to‘kilib ketganini aytgan.

1980 yillarning ikkinchi yarmida Murod Jo‘rayev Qashqadaryo viloyatidagi Muborak shahar ijroiya qo‘mitasi raisi lavozimida ishlagan, bu yillarda Prezident Islom Karimov Qashqadaryo viloyatini boshqargan.

Murod Jo‘rayev hali Boris Yeltsindan ham ilgari kommunistik partiyaning Muborakdagi boshlang‘ich tashkilotini tarqatib yuborgan.

U 1990 yilda saylangan O‘zbekiston parlamenti deputati bo‘lgan.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio