Katerina Tixonova Putinning qizimi?

Image copyright RIA Novosti

Katerina Tixonova Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning qizi yoki yo‘qligi bahs o‘rtaga chiqdi.

Dastlab "Reuters" axborot agentligi "Gazprombank" raisi Andrey Akimovga iqtibosan bu haqda xabar tarqatgan.

Ammo Prezident Putinning matbuot kotibi Dmitriy Peskov "Reuters" xabarini rad etishi haqida aytgan.

"Gazprombank" nomidan raddiya bayonot e‘lon qilingan, unda "Reuters" agentligi Katerina Tixonova Putinning qizi degan gapni Akimovniki deb taqdim qilgan, deyilgan.

"Bunday bayonotni janob Akimov qilgani yo‘q va shunday obro‘li nashrning jurnalistlari uning aytganlarini buzib ko‘rsatibgina qo‘ymasdan, to‘g‘ridan-to‘g‘ri soxtalashtirganlaridan juda hayron bo‘ldi. Gazprombank chindan ham "Innopraktika" bilan hamkorlik qiladi, shu yo‘l bilan ijtimoiy ahamiyatli tashabbuslar, xususan MDUning iste‘dodli bolalari uchun maktab-internat tashkil qilish, "Rossiyaning qadriyatlar atlasi" loyihasi, innovatsion va ilmiy konkurslarni qo‘llab-quvvatlaydi", deyilgan bank nomidan tarqatilgan bayonotda.

Rasmiy xabarlarga ko‘ra, Prezident Putinning ikki qizi bor.

Mariya 30 yoshda, Katerina 29 yoshda.

Image copyright Reuters
Image caption "Reuters" axborot agentligining Katerina Tixonova Prezident Putinning qizi ekaniga ishonchi komil

O‘tgan yili TASS axborot agentligi bilan intervyusida janob Putin qizlari Moskvada yashashlari va ular bilan har ikki haftada bir uchrashib turishi haqida aytgan.

Raddiyalar ortidan "Reuters" axborot agentligi o‘z axboroti to‘g‘ri ekanini aytib chiqdi.

"Reuters"ga ko‘ra, Katerina Tixonova Prezident Putinning qizi haqidagi xabarni Andrey Akimovdan tashqari yana ikki ishonchli manbadan tekshirgan va ikki manba ham tasdiqlagan.

10 noyabr kuni "Reuters" e‘lon qilgan materialda "Gazprombank" boshqaruvi raisi Andrey Akimov "Innopraktika" loyihasini boshqarayotgan Katerina Tixonova MDU ilmiy vodiysini barpo etish bilan shug‘ullanayotgani haqida aytgan.

"Reuters" janob Akimovning Katerina Tixonovani bolaligidan bilishini, oxirgi paytda u bilan muloqot qilganini aytgan. "Men uning Putinning qizi ekanini bilardim", degan janob Akimovning so‘zlaridan iqtibos keltirgan.

"Janob Akimov "Reuters" agentligi bilan ovozi yozib olinayotgan paytda gaplashgan. Biz o‘ylaymizki, u aytgan so‘zlarni biz hikoya qilgan shakli mutlaqo to‘g‘ri", deb aytgan axborot agentligi vakilasi.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

Your contact details
Disclaimer