Afg‘oniston: O‘zbek jangarilari kim bilan va kimga qarshi?

Image copyright videodan

Afg‘onistonning Pokistonga bevosita chegaradosh janubiy Zobul viloyatidagi ikki raqib Tolibon guruhi o‘rtasidagi qaqshatqich janglar va o‘nga yaqin hazora tutquni bo‘g‘ziga pichoq tortilishi yana kun tartibiga o‘zbek jangarilari masalasini olib chiqqan.

Yetti nafar hazora ayni shu janglar ortidan o‘ldirilgan. Ammo ularni kim bo‘g‘izlagani, hozircha, aniq ma‘lum emas.

Ammo ayrim xabarlarda bu – yaqinda Afg‘oniston Tolibon harakati saflaridan ajralib chiqqan guruhga tarafdorlik qiluvchi va o‘zbekistonlik ekanliklari gumon etilgan xorijiy jangarilarning ishi ekaniga oid taxminlar ham yangradi.

Ta‘kidlash joiz, bu kabi xabarlar ortidan, Afg‘oniston Tolibon harakatining Mulla Muhammad Rasul boshchilik qiluvchi ushbu guruhi hazoralarning o‘ldirilishiga o‘zlarining hech bir aloqalari yo‘qligini aytib chiqdi.

Lekin, shunga qaramay, qotilliklardan ikki kun o‘tib, Zobul viloyatida xorijiy jangarilar tutib turganliklari ishonilgan o‘nga yaqin hazora qo‘yib yuborildi.

Ozodlikka chiqqan ana shu hazoralardan birining BBCga aytishicha, o‘zlarini garovda tutib turgan xorijiy jangarilar o‘zbekzabon bo‘lishgan.

Bu esa, hazoralarning olib qochilishi bilan bog‘liq so‘nggi voqealar va qatllarga xorijiy jangarilar mas‘ul ekaniga oid taxminlarni kuchaytiradi.

Mintaqada bo‘lgan muxbirimiz Ma‘mun Durroniyning aytishicha, joriy paytda janubiy Zobul viloyatidan boshpana topgan xorijiy jangarilar oilalarining soni mingga yetadi.

Ular aksariyatining so‘nggi ikki yil ichida Pokistonning Afg‘onistonga bevosita chegaradosh qavmlar yashovchi Vaziriston mintaqasidan qochib o‘tishga muvaffaq bo‘lgan O‘zbekiston Islomiy Harakati a‘zolari ekanliklari ishoniladi.

Ularning orasida markaziy osiyoliklaridan tashqari, chechen, arab va uyg‘ur jangarilarining ham borliklari aytiladi.

Xorijiy jangrilar kim?

Image copyright videodan

Mahalliy mas‘ullar bu jangarilarni "Islomiy Davlat" guruhiga nisbat berishsa-da, ulardan ayrimlari BBC bilan suhbatda bu kabi bayonotlarni rad etishgan.

Ham Afg‘oniston va ham Pokiston Tolibon harakati so‘nggi o‘n yilliklarda O‘zbekiston Islomiy Harakatining mintaqadagi eng yaqin ittifoqchisi sifatida ko‘rib kelingan.

Ammo O‘zbekiston Islomiy Harakati o‘tgan yil sentyabr oyida Yaqin Sharqdagi "Islomiy Davlat" guruhiga rasman bay‘at keltirgan va yaqinda Tolibon harakatini ham xuddi shunday yo‘l tutishga undab chiqqandi.

Shu yil iyul oyida uzoq yillik lideri Mulla Muhammad Umarning bundan ikki yil burun qazo qilgani ma‘lum bo‘larkan, Afg‘oniston Tolibon harakatining rahbari etib Mulla Axtar Muhammad Mansur tayin etilgan, bu esa, toliblar saflarida parchalanishga sabab bo‘lgandi.

O‘tgan hafta Afg‘oniston Tolibon harakati saflaridan ajralib chiqqan guruh o‘zlariga yangi rahbar etib Mulla Muhammad Rasulni tayin etarkan, oradan bir necha kun o‘tmay, janubiy Zobul viloyatida ikki raqib guruh tarafdorlari bir-birlari bilan to‘qnashishganiga oid xabarlar olingandi.

Mintaqadagi muxbirimiz Ma‘mun Durroniyning aytishicha, Zobul viloyatidan boshpana topgan o‘zbekistonliklari doxil qolgan xorijiy jangarilar Afg‘oniston Tolibon harakatining aynan Mulla Muhammad Rasul boshchiligi ostidagi guruhiga tarafdorlik qilishadi.

"Chunki bu xorijiy jangarilar Mulla Muhammad Rasulning muovinlaridan biri, taniqli Tolibon qo‘mondoni Mulla Dodullohga juda yaqin. Mulla Dodullohning esa, "al-Qoida" tarmog‘i bilan aloqalari yaxshi. Mulla Dodulloh o‘zining "al-Qoida" bilan yaqinligidan foydalanib, ularni har tomonlama dastaklashi, qurol-yarog‘ va boshpana bilan ta‘minlashi mumkin. Shu bois ham, ular Mulla Muhammad Rasul va Mulla Dodulloh bilan ittifoqchilikdan mamnun", - deydi muxbirimiz.

Uning mahalliy qavm oqsoqollaridan birining so‘zlariga tayanib aytishicha, O‘zbekiston Islomiy Harakatining lideri Usmon G‘oziyning o‘zi ham Afg‘onistonning janubiy Zobul viloyatida va u yerdagi xorijiy jangarilarning yuzlab oilalariga aynan uning o‘zi boshchilik qilmoqda.

Ammo BBC, hozircha, bu xabarni mustaqil manbalardan tasdiqlatishga imkonli bo‘lganicha yo‘q.

Xorijiy jangarilar istagi

Muxbirimizga ko‘ra, ikki raqib Tolibon guruhi o‘rtasidagi kutilmagan qaqshatqich janglarga Zobulga qo‘shni sharqiy G‘azniy viloyatidagi Mulla Axtar Muhammad Mansurga yaqin ko‘riluvchi hazora jangarilarining o‘zbekistonliklari doxil qolgan xorijiy jangarilardan hududni bo‘shatib qo‘yishlariga oid talabi sabab bo‘lgan.

Uning aytishicha, bundan tashqari, bu hazora jangarilarining Mulla Axtar Muhammad Mansur guruhi bilan bir ittifoqqa kirishayotgani va go‘yoki, Erondan ko‘mak olib, kuchlanishayotganiga oid ayrim gap-so‘zlar ham harakatning Mulla Muhammad Rasul boshchiligi ostidagi guruhini xavotirga solgan bo‘lishi mumkin.

Muxbirimiz janubiy Zobul viloyatidagi janglarning hanuz davom etayotgani, o‘zbekistonliklari doxil xorijiy jangarilarning Pokiston bilan ikki o‘rtadagi tog‘larga chekinishga majbur bo‘lishayotganiga oid ayrim tasdiqlanmagan xabarlarning ham borligini aytadi.

Birgina janubiy Zobul va sharqiy G‘azniy viloyatidagi vaziyatni tahlil etarkan, muxbirimiz Ma‘mun Durroniy u yerdagi xorijiy jangarilarni aniq mana bu guruhga tegishli, deb aytish xato bo‘lishini ta‘kidlaydi.

Unga ko‘ra, birlari Afg‘oniston shimoli, boshqalari janubida bo‘lishsa-da, bu xorijiy jangarilar doimo o‘zaro aloqada, ammo manfaatlariga qarab, goh birgalikda, goh mustaqil va Tolibon hamda "Islomiy Davlat" doxil Afg‘onistonda faoliyat yurituvchi boshqa yirik jangari guruhlar bilan hamkorlikda faoliyat yuritishadi.

O‘z o‘rnida eslatib o‘tish joiz, afg‘onistonlik mas‘ullar tomonidan "Islomiy Davlat" guruhiga nisbat berilgan va aksariyati O‘zbekiston Islomiy Harakati jangarilari ekani taxmin etilgan xorijiy jangarilar yaqinda Tolibon bilan bir safda Afg‘onistonning qo‘shni Tojikistonga bevosita chegaradosh shimoliy-sharqiy Qunduz va Badaxshon viloyatlarida ketma-ket yirik hujumlar uyushtirishga muvaffaq bo‘lishgan va afg‘on hukumatini og‘ir ahvolda qoldirishgandi.

Boshqa muhim sabablar ham bor...

Afg‘oniston janubida bo‘lgan muxbirimiz Ma‘mun Durroniyning aytishicha, ketma-ket hazora mazhabiga mansub odamlarni o‘g‘irlash bilan o‘zbekistonliklar doxil Zobul va G‘azniydagi o‘zbekistonliklari doxil boshqa xorijiy jangarilar, bir yildirki, afg‘on hukumatining qamoqxonasida qolayotgan safdoshlari va ular oilalarining ozod qilinishini istashadi.

Afg‘onistonning yangi milliy birdamlik hukumati shu yil may oyi boshida O‘zbekiston Islomiy Harakati bilan muzokaralarga borgan va 19 nafar hazoraning qo‘yib yuborilishi evaziga jangarilarning yigirmadan ortiq farzandini ozod etishga majbur bo‘lgandi.

Bu – O‘zbekiston Islomiy Harakatining Yaqin Sharqdagi "Islomiy Davlat" guruhining yangi a‘zosi sifatida Markaziy Osiyoning shundoqqina biqinida qo‘lga kiritgan birinchi jiddiy yutug‘i bo‘lgandi.

Harakat undan bir oy avval Afg‘onistondagi kallakesarligiga oid ilk videolavhasini e‘lon qilgan va unda afg‘on hukumatidan o‘zi tutib turgan o‘nlab hazoraning ziyon-zahmatsiz qo‘yib yuborilishi evaziga yaqinda mamlakatning shimoliy Taxor va shimoliy-sharqiy Badaxshon viloyatida qo‘lga olingan a‘zolarining qo‘yib yuborilishini talab qilgandi.

Afg‘oniston hukumati orada tutqundagilarni ozod qilish uchun janubiy Zobul viloyatida yirik harbiy amaliyotlarga qo‘l urgan, ammo bir necha kunlik qaqshatqich janglar ortidan ham, hech narsaga muvaffaq bo‘la olmagandi.

Afg‘oniston janubidagi muxbirimiz Ma‘mun Durroniy o‘sha paytda O‘zbekiston Islomiy Harakati orada yana qator talablarining afg‘on hukumati tomonidan ado etilishiga muvaffaq bo‘lganini ham aytgandi.

Uning so‘zlaridan ayon bo‘lishicha, bu muzokaralar ortidan, harakat hanuz o‘z ixtiyorida qolayotgan hazora tutqunlarini Afg‘onistonning Zobulga qo‘shni G‘azniy viloyatidagi butkul toliblar nazorati ostidagi Nova tumaniga ko‘chirgan. Afg‘oniston Qurolli kuchlarining Zobuldagi o‘zlariga qarshi qaratilgan harbiy amaliyotlarining to‘xtatilishiga ham erishgan.

Ammo, muxbirimizga ko‘ra, harakatning eng so‘nggi talabi, halicha, afg‘on hukumati tomonidan bajarilmagan.

Uning aytishicha, qolgan tutqunlarni ozod qilishi evaziga O‘zbekiston Islomiy Harakati oralarida bir qancha yuqori martabali qo‘mondonlari ham bo‘lgan o‘ndan ortiq jangarisining Afg‘oniston qamoqxonalaridan qo‘yib yuborilishini istagan.

Ammo, bugunga kelib ma‘lum bo‘lishicha, o‘sha paytda bu xususda afg‘on hukumati maxsus hay‘ati va O‘zbekiston Islomiy Harakati vakillari o‘rtasidagi muzokaralar biror bir samarasiz yakunlangan.

Garovgirlik

Janubiy Zobul viloyatida Erondan qaytayotgan paytlarida o‘ttizdan ortiq shia hazorasining olib qochilishi bilan bog‘liq hodisa shu yilning fevral oyida yuz bergan va O‘zbekiston Islomiy Harakatining orada e‘lon qilgan kallakesarligiga oid videolavhasiga qaramay, ushbu hodisaga mas‘uliyatni Afg‘onistonda faol bo‘lgan biror bir qurolli guruh rasman o‘z zimmasiga olmay kelayotgandi.

Bu – O‘zbekiston Islomiy Harakatining ishi ekani lideri Usmon G‘oziyning aprel oyi oxirlaridagi bayonotidan ma‘lum bo‘lgan va shundan ikki hafta o‘tib, o‘zaro kelishuv asosida yigirmaga yaqin hazoraning qo‘yib yuborilganiga oid xabar o‘rtaga chiqqandi.

Usmon G‘oziy o‘zining so‘nggi bayonotida janubiy Zobul viloyatidagi harbiy amaliyotlarga ham to‘xtalib o‘tgan, unda "afg‘on hukumat kuchlari jiddiy talofat ko‘rishgani, shahardagi kasalxonalar ularning yaradorlari bilan to‘lib ketgani, qolgan askarlarini ham zo‘rg‘a olib ketishgani"ni iddao qilgandi.

O‘nlab shia hazorasining olib qochilishi va oylab taqdirlarining noayon qolishi yangi milliy birdamlik hukumati boshqaruvi ostida Afg‘onistonda eng ko‘p aks-sado bergan voqealardan biriga aylangan, ushbu masala, hatto, mamlakat parlamentida ko‘tarilgan, qator norozilik namoyishlariga ham sabab bo‘lgandi.

Mavjud holat esa, o‘z navbatida, O‘zbekiston Islomiy Harakatining foydasiga xizmat qilmay qolmagan, oradan 14 yil o‘tib, harakatning nomi Afg‘onistonda yana alohida kun tartibiga chiqqandi.

AQSh boshchiligidagi ittifoq qo‘shinlarining Afg‘onistonda Tolibon tuzumining qulashi bilan yakun topgan 2001 yilgi harbiy amaliyotlari ortidan, O‘zbekiston Islomiy Harakati o‘zining yaqin ittifoqchilari bilan birga qo‘shni Pokistonga qochishga majbur bo‘lgan va o‘shandan buyon asosan quvg‘inda faoliyat yuritib kelayotgandi.

O‘tgan yil sentyabr oyida O‘zbekiston Islomiy Harakati Pokistonning Shimoliy Vaziriston mintaqasidan turib, joriy paytda dunyodagi eng qudratlisi va jangarisi sanaluvchi Yaqin Sharqdagi "Islomiy Davlat" guruhiga rasman bay‘at keltirgan va lideri Usmon G‘oziyning aprel oyidagi so‘nggi bayonotidan ularning to‘lig‘icha Afg‘onistonga qaytganliklari anglashilgandi.

So‘nggi oylarda olinayotgan xabarlardan esa, O‘zbekiston Islomiy Harakati a‘zolarining Afg‘oniston shimolidan tortib, janubiga qadar faollashishga muvaffaq bo‘lishayotgani aytiladi.

Mas‘ullarga ko‘ra, bu jangarilarning ayollari ham jang olib borish san‘atini puxta egallashgan, bundan tashqari, ular turli portlovchi moddalar yasash, josuslik ma‘lumotlari yig‘ish va mahalliy aholini urushga targ‘ib etish bilan ham shug‘ullanishadi.

Image copyright Getty

Pokiston Qurolli kuchlarining Afg‘oniston bilan bevosita chegaradosh Shimoliy Vaziriston mintaqasida o‘tgan yil yozidan buyon olib borayotgan keng ko‘lamli harbiy amaliyotlari ortidan, harakat a‘zolarining bugungi soni ma‘lum emas. Ammo afg‘onistonlik mas‘ullarning so‘nggi oylardagi chiqishlaridan ular jangarilarining soni yuzlab ekani anglashiladi.

Yaqinda aksariyati markaziy osiyolik katta sondagi xorijiy jangarilar Tolibon saflarida Afg‘onistonning Tojikistonga bevosita qo‘shni shimoliy-sharqiy Qunduz viloyatida ilk bor keng ko‘lamli hujumlarga qo‘l urishgan, bundan tashqari, ularning toliblarni yanada yirik va zamonaviy urushlarga tayyorlashayotgani ham ma‘lum bo‘lgandi.

Afg‘onistonlik mas‘ullar esa, bu chet ellik jangarilarni "Islomiy Davlat" guruhiga nisbat berishgandi.

Xavotirlar

Xalqaro harbiy tahlilchi suhbatdoshimiz Pol Rojersning aytishicha, O‘zbekiston Islomiy Harakatining faoliyati bilan bog‘liq voqealarning Qunduz, Badaxshon va Zobuldagi so‘nggi rivoji nafaqat Afg‘oniston hukumati, balki-da rasmiy Pentagonning xavotirlariga ham sabab bo‘lmay qolmaydi.

"Islomiy Davlat" guruhi Yaqin Sharqdagi islomiy xalifatini globallashtirib, aksariyat Markaziy Osiyo davlatlariga qo‘shni Eron va Afg‘onistonni ham o‘z ichiga oluvchi qadim Xurosonni qayta tiklash niyatida.

O‘zbekiston Islomiy Harakati esa, dastlab O‘zbekistondagi mavjud tuzumni ag‘darib, o‘rniga islomiy xalifat barpo etish niyati bilan dunyoga kelgan.

Kuni-kecha Natoning Afg‘onistondagi Bosh qo‘mondoni ham ilk bor Yaqin Sharqdagi "Islomiy Davlat" guruhining Afg‘onistonda faollik bilan o‘ziga yangi jangarilar yollayotganini oshkora va rasman e‘tirof etib chiqqandi.

Xalqaro harbiy tahlilchi suhbatdoshimiz Pol Rojersning aytishicha esa, birgina Qunduzning misoli O‘zbekiston Islomiy Harakati va Afg‘onistondagi unga aloqador guruhlarning qanchalik jiddiy tahdidga aylanishlari mumkinligini amalda ko‘rsatib qo‘ygan.

Unga ko‘ra, mavjud holat kamida AQSh tomonini bu yaqin yillar ichida Afg‘onistonni tark etmaslik qarorini qat‘iylashtirishiga olib keladi.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

Bu mavzuda batafsilroq