Aun San Su Chi: saylov "asosan erkin" o‘tdi

8 noyabrdagi Myanmardagi parlament saylovidan keyingi BBC bilan ilk suhbatida "Demokratiya uchun Milliy Liga" yetakchisi Aun San Su Chi aytishicha, ovoz berish "asosan erkin" bo‘lgan.

Su Chi xonim so‘zlariga ko‘ra, saylovni butkul adolatli, deb bo‘lmasa-da, ayrim qonun buzilishi holatlari yuz bergan bo‘lsa-da, erkin deb atash mumkin.

Birma saylov komissiyasiga ko‘ra, Su Chi xonim nomzodi ilgari surilgan okrugda ko‘p ovoz to‘plagan.

U endi to‘laqonli parlament a‘zosi sifatida "Demokratiya uchun Milliy Liga"ning parlamentda o‘ringa ega bo‘lgan deputatlarini boshqara oladi.

Myanmar saylov komissiyasi asta-sekin hisoblab chiqilgan byulletenlar haqidagi raqamlarni e‘lon qilib kelmoqda, natijalar Aun San Su Chi partiyasi hamma partiyalardan ham ancha oldinda ekanini ko‘rsatmoqda.

Birma parlamenti 664 o‘ringa ega.

Shundan 491 o‘rinni kim egallagani ma‘lum bo‘lgan.

"Demokratiya uchun Milliy Liga" 163 o‘rinni egallagani aniq bo‘lgan.

2011 yildan buyon qudratda bo‘lgan harbiylar dastaklagan "Ittifoq birdamligi Taraqqiyot partiyasi" atigi 10 o‘ringa ega bo‘lgan.

Birma parlamentining chorak qismini harbiylar tashkil etishi shart.

Mamlakat prezidentini tayinlash imkoniyatiga ega bo‘lish uchun parlamentdagi jami o‘rinlarning uchdan ikki qismi "Demokratiya uchun Milliy Liga"ga tegishli bo‘lishi lozim.

Myanmar konstitutsiyasida xorijda qarindoshi bor insonning prezident lavozimini egallashi taqiqlangan.

Shu bois Aun San Su Chi prezidentlik lavozimini egallay olmaydi, biroq u "bu narsa hamma qarorlarni mening o‘zim qabul qilishimdan to‘xtatolmaydi", deb aytgan.

Birmada 30 millionga yaqin saylovchi ro‘yxatga olingan.

Yakshanba kungi saylovda jami saylovchilarning 80 foizchasi ishtirok etgani xabar qilingan.

Mamlakatda 1 million Rohinga musulmonlari istiqomat qiladi.

Myanmar hukumati Rohingalarni mamlakat fuqarosi deb tan olmaydi, shu bois yuz minglab insonlar ovoz berishdan mahrum etilganlar.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

Bu mavzuda batafsilroq