Rossiya: "Islomiy Davlat" mintaqaga tahdid"

Bunday ogohlik bilan bu gal Rossiya Federal Xavfsizlik Byurosi rahbari muovini va milliy aksilterror qo‘mitasi boshlig‘i Yevgeniy Sisoyev chiqqan.

Rossiyalik yuqori martabali xavfsizlik mulozimiga ko‘ra, Yaqin Sharqdagi "Islomiy Davlat" guruhining Afg‘oniston shimolida o‘z viloyatlarini tashkil qilish rejasi Markaziy Osiyo, Eron va Xitoyga tahdid solmay qo‘ymaydi".

Janob Sisoyevning ta‘kidlashicha, boshqa terrorchi guruhlar qatorida "shu yil yil yanvar oyida Xuroson amirligini barpo etajagini e‘lon qilgan "Islomiy Davlat" ham Afg‘onistonda o‘z mavqe‘larini mustahkamlamoqda".

"IShIDning ushbu rejasiga muvofiq, Afg‘oniston islomiy kvazidavlatning yangi viloyatini tashkil etishda boshlang‘ich maydoncha vazifasini o‘tashi lozim. Uning tarkibiga esa, Afg‘onistondan tashqari, O‘zbekiston, Turkmaniston, Tojikiston, Eron va Xitoyning shimoliy-g‘arbiy viloyatlarini qo‘shib olish rejalangan", - deb aytgan janob Sisoyev.

Uning bu so‘zlari Markaziy va Sharqiy Ovro‘po, shu jumladan, Markaziy Osiyo davlatlari prokurorlari xalqaro uyushmasining Sochida bo‘lib o‘tgan 7-mintaqaviy anjumani chog‘ida yangragan.

Rossiyalik yuqori martabali xavfsizlik mulozimining nazdida, "Turkmaniston islomiy partiyasi" kabi Afg‘onistonda faoliyat yuritayotgan boshqa terrorchi guruhlarning ham "Islomiy Davlat" saflariga o‘tishi mavjud tahdidga asos solgan yana bir omilga aylangan.

Yevgeniy Sisoyevga ko‘ra, bu kabi holat Suriya, Iroq va Afg‘onistonga intilganlari doxil Markaziy Osiyo fuqarolari orasida ham terrorchilar tarafdorlari sonining ortishiga xizmat qilishi mumkin.

Rossiya milliy aksilterror qo‘mitasining rahbari, o‘z o‘rnida, Afg‘oniston Tolibon harakatining joriy paytda qanchalik faollashib borayotganiga ham diqqat qaratgan.

Harakat Afg‘onistonning janubi, janubi-sharqi, shimoli va markazidagi strategik jihatdan muhim tumanlarda o‘z mavqeini mustahkamlab olayotganini aytgan.

Sisoyev keltirib o‘tgan ma‘lumotlarga tayanilsa, "toliblarning soni joriy paytda 45-50 mingga yetadi. Ularning jangovarlik, qurollanganlik darajasi va intizomi yanada yaxshilangan. Bu esa, toliblarning afg‘on xavsfizlik kuchlariga qarshi hujumlarini faollashtirishlariga imkon bergan".

Rossiyalik yuqori martabali xavfsizlik mulozimi, xuddi shu manzarada, Afg‘onistonning, ayniqsa, Tojikiston va Turkmaniston bilan chegaradosh shimoliy viloyatlarida murakkab vaziyat yuzaga kelayotganini aytarkan, afg‘on-turkman chegarasidagi holatga alohida diqqat qilgan.

Yevgeniy Sisoyevning bayon qilishicha, Afg‘oniston shimolida kuchayib borayotgan jangarilik faoliyatining oldini olish yo‘lidagi sa‘y-harakatlar, hozircha, jiddiyroq bir samara bermagan.

Jangarilarning ekstremistik faoliyatlari esa, Afg‘onistonning Pokiston bilan chegaradosh janubiy va sharqiy viloyatlaridan mamlakat shimoliga ko‘chishda davom etmoqda.

Bu - Rossiya tomonining so‘nggi yillarda aksariyati Markaziy Osiyo davlatlariga tutash Afg‘oniston shimoli va shimoli-sharqida vujudga kelayotgan vaziyatdan ilk bor xavotir izhor etishi emas.

Image copyright AP

Yaqinda Rossiya Tashqi ishlar vazirligi ham bu xususda maxsus bayonot bilan chiqqan va afg‘on hukumatini ushbu mintaqa xavfsizligiga jiddiy e‘tibor qaratishga undagan, lozim bo‘lsa, o‘zlari ham yordam berishga tayyor ekanliklarini aytgandi.

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin esa, Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari bilan so‘nggi uchrashuvlari chog‘ida Afg‘onistondan kelayotgan "Islomiy Davlat" tahdidiga alohida to‘xtalib o‘tgan, Afg‘onistonning ikkinchi Iroqqa aylanishi ehtimolidan oshkora xavotirlarini izhor etgandi.

Prezident Bashar al-Assadning yaqinda Moskvaga qilgan kutilmagan safari chog‘ida esa, aynan Yaqin Sharqda jang qilayotgan sobiq Sho‘ro davlatlari fuqarolari sabab ham, Suriyadagi havo hujumlariga bosh qo‘shishga qaror qilganliklarini aytgandi.

Agar, Rossiya Federal Xavfsizlik Byurosi rahbari muovini Sochida keltirib o‘tgan ma‘lumotlarga tayanilsa, joriy paytda "Islomiy Davlat" saflarida rossiyaliklar doxil MDH davlatlaridan ja‘mi yetti mingga yaqin inson jang qiladi.

Xuddi shu o‘rinda Yevgeniy Sisoyevning qo‘shimcha qilishicha, birgina shu yilning o‘zida Dog‘iston, Ingushetiya va Kabardin-Bolqorda Yaqin Sharqdagi "Islomiy Davlat" guruhiga bay‘at keltirgan yetti jangari guruh yo‘q qilingan.

Shu yil iyun oyida MDH davlatlari aksilterror markazining rahbari Andrey Novikov "Islomiy Davlat" saflariga qo‘shilgan rossiyaliklar o‘zlarining soni besh ming nafar ekanini aytgandi.

O‘tgan yilgi ma‘lumotlar esa, ularning soni 800 dan 1500 tagacha bo‘lishi mumkinligiga dalolat qilgandi.

Rossiya "Islomiy Davlat"ni o‘tgan yili terrorchi tashkilot, deb e‘lon qilgan va o‘z hududini faoliyat yuritishini rasman taqiqlagan.

Sentyabr oyi oxirida Suriyada boshlagan havo hujumlari ortidan esa, "Islomiy Davlat" guruhi Rossiyaga qarshi jihod e‘lon qilgan.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

Bu mavzuda batafsilroq