Tojikistondagi Rossiya zobiti qotillik gumoni bilan ushlangan

Tojikiston huquq-tartibot organlari yosh ayolni o‘ldirishda gumon qilinayotgan Rossiya harbiy bazasi zobitini hibsga olgan.

Rossiya harbiylarining o‘zini tutishidan norozilik bildirib Tojikiston Tashqi ishlar vazirligi Rossiya elchisini chaqirgan.

Qotillik 4 noyabrdan 5 noyabrga o‘tar kechasi sodir bo‘lgan.

Dushanbe shahridagi qahvaxonalardan birida ishlagan 22 yoshli Shoira Jobirovaning jasadi Rossiyaning 201-harbiy diviziyasi bazasidan uzoq bo‘lmagan joydagi axlatxonada topilgan.

Tojik huquq-tartibot organlariga ko‘ra, yosh ayol o‘limidan oldin qattiq kaltaklangan va jinsiy zo‘rlangan.

26 yoshli Rossiya zobiti Ivan Sherbakov qotillikda gumon qilinib qo‘lga olingan, u o‘sha tunda qattiq mast bo‘lganini, hech narsani eslay olmasligini aytgan.

Rossiya harbiylari ushbu qotillik tergovida Tojik rasmiylari bilan hamkorlik qilayotganlarini aytganlar.

Tojikiston Tashqi ishlar vazirligiga ko‘ra, Rossiya tomoni o‘z harbiy xizmatchilarining "bunday harakatlar sodir etishiga yo‘l qo‘ymasligi uchun zudlik bilan choralarni ko‘rishi" lozim.

"Ro‘y bergan hodisa bizning ikki mamlakatimiz o‘rtasidagi an‘anaviy do‘stlik va strategik sheriklik ruhiga mos kelmaydi", deyilgan Tojikiston Tashqi ishlar vazirligi Rossiya elchisiga topshirgan notada.

Image caption Shoira Jobirova jasadi Rossiya harbiy bazasi yaqinida topilgan

Bu qotillik Tojikistondagi Rossiya harbiy bazasi xodimlari aybdor ko‘rilgan birinchi ish emas.

Shu yil avgust oyida ikki Rossiya harbiysi 17 va 13 yillik qamoq jazolariga mahkum etildilar.

Ikki harbiy o‘tgan yili tojik taksi haydovchisini o‘ldirishda aybdor deb topilganlar.

Taksichi va harbiylar o‘rtasida janjal harbiylarning qarzdorligi ustidan kelib chiqqani aytilgan.

Bundan tashqari ham rossiyalik harbiylarning mahalliy aholi bilan janjallari yuz berib turishi, Rossiya harbiylari mashq o‘tkazadigan Afg‘on chegarasiga yaqin Xatlon viloyatining Sho‘robod tumanidagi "Momirak" poligonida otiladigan haqiqiy o‘qlar yon-atrofda istiqomat qiladigan mahalliy aholi hayoti uchun xavf tug‘dirishi haqida xabar qilingan.

201-diviziya Rossiyaning mamlakat tashqarisidagi eng yirik bazasi hisoblanadi va Rossiya rasmiylari Afg‘on-Tojik chegarasidagi vaziyatdan xavotir bildirib turadilar.

Diviziya bo‘linmalari Dushanbe shahri, Ko‘lob va Qo‘rg‘ontepa shaharlarida joylashtirilgan.

Rossiya bazasi harbiylarining soni 7000 ga yaqin.

Rossiya harbiy bazasining Tojikistonda bo‘lishi muddati 2042 yilgacha uzaytirilgan.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

Bu mavzuda batafsilroq