Rossiyada o‘lgan chaqaloqning onasiga mamlakatni tark etish buyurildi

Image caption Umarali Nazarov

Sankt-Peterburg shahar mahkamasi Bolalar markazida jon bergan besh oylik chaqaloq Umarali Nazarovning onasiga nisbatan deportatsiya qarorini o‘z kuchida qoldirgan.

BBCning shahardagi muxbiriga ko‘ra, Oktyabr tuman sudi avvalroq Zarina Yunusovaga 5 ming rubllik jarima solib, muhojirlik qonunini buzgani uchun Rossiyani tark etishni so‘ragandi.

Uning advokatlari esa, Yunusova xonim hozirda o‘z o‘g‘lining o‘limi yuzasidan jabrlanuvchi o‘laroq tergovda qatnashayotganini aytishib, mijozlarining mamlakatda qoldirish uchun harakat qilishayotgandi.

Ammo hakam Yelena Shirokova keltirilgan dalillarni ishonarli emas, deb hukm chiqargan.

Besh oylik Umarali Nazarovning o‘limi ham Rossiya va ham Tojikistonda qizg‘in bahsu munozaralarga sabab bo‘lgan edi.

Chaqaloqning o‘limi yuzasidan bir necha madaniyat xodimlari, ziyolilar, jurnalistlar va davlat mulozimlari qatorida Kreml so‘zchisi Dmitriy Peskov ham fikr bildirgandi.

Peskovga ko‘ra, Rossiya prezidenti Putin ham hodisadan xabardor, ammo har bir tergov ishini o‘z nazorati ostiga olishi imkonsiz.

O‘tgan oy Tojikistonning Moskvadagi elchixonasi Sankt-Peterburg tumanlaridan biridagi federal muhojirlik xizmati xodimlari ikki nafar Tojikiston fuqarosini muhojirlik qonunini buzishda ayblab ushlagani haqida xabar qilgandi.

O‘shanba Daler Nazarov va Zarina Yunusova ismli ikki fuqaro hamda Zarinaning yosh bolasi mahalliy politsiya bo‘limiga olib borilgan.

Politsiya bo‘limida onadan yosh bolasini tortib olishgan. Zarinaning aytishicha, uning bolani buvisiga topshiringlar, degan iltimosiga politsiyachilar quloq solmagan.

Besh soatdan keyin Tojikiston fuqarolarini Rossiya hududidan chiqarib yuborish to‘g‘risidagi qaror chiqarilgan.

Shundan so‘ng ona o‘z bolasini olish uchun politsiya bo‘limiga kelgan. Lekin unga bolasini ko‘rsatishmagan va qayerda ekanligini aytishmagan.

Ertasi kuni tojikistonlik ayolga yosh bolasining vafot etgani haqida xabar berishgan.

Ayni ish bo‘yicha Sankt-Peterburg Ichki ishlar vazirligi bo‘linmasi allaqachon o‘z tergovini yakunlagan va politsiya xodimlari harakatida jinoyat unsurlarini topmagan.

Qaytaga, Tergov qo‘mitasi chaqaloqdagi yallig‘lanish jarayoni uzoq davom etgani va bu uchun ota-ona mas‘ul ko‘rilib, ularga qarshi ish ochgani xabar qilingan.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

Bu mavzuda batafsilroq