Tojikiston Pokistonning energetika bozoriga kirmoqchi

Image copyright president.tj
Image caption Emomali Rahmon Pokiston Bosh vaziri Navoz Sharif bilan

Prezident Emomali Rahmon Pokistonga safarini boshlagan.

Maqsad SASA -1000 atalmish mintaqaviy energetika hamkorligi loyihasini jonlashtirish ekani aytilmoqda.

Ayni loyihada Tojikiston, Qirg‘iziston, Pokiston va Afg‘oniston ishtirok etadi.

Loyihaga ko‘ra, Pokiston Markaziy Osiyodan 1000 MW elektr energiyasini import qilishi kerak va yana 300 MW Afg‘oniston iste‘moli uchun ajratiladi.

Emomali Rahmonni Pokiston Bosh vaziri Navoz Sharif taklif qilgan, ikkala davlat ham energiya hamkorligi borasida 2000 yillarning boshlaridan beri muloqot qilib keladi.

Tojikiston Pokiston energetika bozori va ayni bozorning istiqboli bilan qiziqishi bejiz emas.

Markaziy Osiyoning eng kambag‘al davlati sanalgan Tojikiston suv zahiralaridan foydalanib, mintaqaning yirik elektr energiyasi eksportchisiga aylanish niyatida...

Ikkala mamlakat rahbarlari muqaddam o‘z uchrashuvlarida CASA-1000 loyihasini imkon qadar ertaroq amalga oshirish istaklarini izhor etishgandi.

CASA-1000

Image caption Tojikiston suv zahiralari bo‘yicha mintaqadagi eng boy mamlakat ekani aytiladi

CASA-1000 loyihasi yoz oylarida ortib qoladigan 1,300 MW elektr energiyasini Tojikiston va Qirg‘izistondan Afg‘oniston va Pokistonga eksport qilishni nazarda tutadi.

Tojikiston bu eksportdagi hissasi 70 foiz bo‘lsa, Qirg‘izistonniki 30 foiz ekani aytiladi.

Ayni loyiha mintaqada energetika bozorining shakllanishi va muntazam taraqqiyotga xizmat qilishi urg‘ulanadi.

Pokiston yangiliklar xizmati APPga ko‘ra, 1222 chaqirimga tortiladigan elektr simyo‘li 2020 yilning o‘rtalarida qurib bitkazilishi kerak.

Loyihaning narxi 1 milliard AQSh dollariga teng ekani aytiladi.

Ayni loyiha bo‘yicha elektr energiyasini eksport qilish faqat hozirda mavjud inshooatlar hisobidan bo‘lishi taxmin qilinadi.

Ammo ham Qirg‘iziston va ham Tojikiston qish oylari keskin energiya taqchilligi bilan ro‘para keladi.

Shuning uchun ham, ayrim mutaxassislarga ko‘ra, qishgi ichki taqchillik va eksport hajmi nazarda tutilib qo‘shimcha qurilishlarga ehtiyoj tug‘ilishi mumkin.

O‘zbekiston Qirg‘iziston va Tojikistonning qo‘shimcha energiya loyihalariga muxolif ekanini aytib keladi.

Daryolarning quyi oqimida joylashgan O‘zbekiston uchun yirik gidroelektr energiyasi qurilishlari, ayrim mutaxassislarga ko‘ra, suv ta‘minotida uzilishlarga sabab bo‘lishi mumkin.

Bu esa Sho‘rolar davridagi paxta yakkahokimligini deyarli saqlab qolgan O‘zbekiston uchun muammo yaratishi turgan gap.

Pokiston Bosh vaziri Navoz Sharif shu 17 noyabr O‘zbekistonga safar qilishi kutilmoqda.

Kuzatuvchilarga ko‘ra, prezident Islom Karimov bilan uchrashuvlarda Pokiston rahbari ko‘taradigan asosiy mavzulardan biri CASA-1000 bo‘lishi ehtimoldan xoli emas.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio