Rashod Kamolov: militsiya aybini aytganim uchun mendan o‘ch olishmoqda

Image copyright BBCUZBEK.COM

Qorasuv shahridagi "As-Saraxsiy" jo‘me masjidining sobiq imomi Rashod Kamolov aytishicha, Qirg‘iziston tinchligini saqlashga qo‘shgan hissasi uchun minnatdorlik olish o‘rniga ayrim kuchlarning siyosiy qurboniga aylangan.

12 noyabr kuni O‘sh viloyat sudida tomonlarning appelyatsiya arizasi ko‘rib chiqilgan.

Appelyatsiya mahkamasida gapirgan sobiq imom Rashod Kamolov, o‘zining aybsizligini ayta turib, bugungi kundagi muammo - Suriya masalasi bo‘yicha, nega odamlar u yerga ketayotganliklari sabablarini tushuntirib bergani uchun bugun temir panjara ortida o‘tirganini aytgan va hakamdan adolatni qaror chiqarib, uni oqlashni so‘ragan.

Image copyright BBCUZBEK.COM

"O‘tgan yilning oxirida O‘shda davlat xavfsizlik tuzilmalari rahbarlari, diniy arbob va oddiy odamlar ishtirokida bo‘lib o‘tgan yig‘inda Suriya masalasi bo‘yicha, u yerdagi hozirgi "Xalifalik" noto‘g‘ri ekanligini, noto‘g‘ri yo‘lga kirmaslik kerakligini aytganman va odamlar nega u yerga ketayotganligining sabablarini tushuntirib berganman. Ulardan biri, ayrim militsiya xodimlari bolalarni ushlab, ulardan pul undirish maqsadida qo‘l telefonlarini tekshirib, ularni qo‘rqitib, turli xil yo‘llar bilan pul olayotganliklarini aytganman. Va bunga e‘tibor qaratishni rasmiy idora rahbarlaridan iltimos qilganman. Hamma meni qo‘llagan" – deb aytgan Rashod Kamolov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, yig‘inda ishtirok etgan kuch tuzilmalarining rahbarlari imom aytgan gaplarni qo‘llab-quvvatlaganlar va bunday qonunbuzarliklarga chora ko‘rishlarini aytgan.

Lekin, Rashod Kamolov aytishicha, aytgan gaplari ayrim militsiya xodimlariga og‘ir botib, ularni ranjitgan bo‘lishi va qariyb bir yil davomida o‘zidan o‘ch olayotgan bo‘lishlari mumkin.

Image copyright BBCUZBEK.COM

Kamolov qo‘lga olinishidan avval uyida tintuv o‘tkazilganda topilgan imomni islomiy xalifalik to‘g‘risida qilgan ma‘ruzasi yozilgan disk, Qirg‘iziston Davlat diniy idorasining mutaxasisslari tarafidan "taqiqlangan" ma‘lumot deya topilgan.

Biroq bunga norozi bo‘lgan advokatlar bir nechta mustaqil ekspertizalar o‘tkazganlar va Rashod Kamolovning ma‘ruzasida na davlat tuzumini ag‘darish va na bir diniy adovatni qo‘zg‘ashga chaqiriqlarni topganlar.

Moskvada joylashgan "Memorial" huquqni himoya qilish tashkiloti vakili Vitaliy Ponomarev ham Rashod Kamolovning ma‘ruzasini ham mantiqiy va ham tahliliy ekspertiza qilgan.

Image copyright BBCUZBEK.COM

Ponomarevning aytishicha, imom xalifalikning tub ma‘nosini tushuntirgan va hech qanday chaqiriq qilmagan.

"Rashod Kamolov xalifalik to‘g‘risida, turli manbalarga asoslanib kengroq ma‘lumot berishga harakat qilgan. Uni bugungi kundagi misollar bilan ham tushuntirib bergan. Lekin Qirg‘iziston tuzumiga qarshi yoki Suriyaga odamlarni ketishga chaqiriq qilmagan" – deydi O‘rta Osiyodagi diniy vaziyatni yaqindan kuzatib kelayotgan mutaxassis Vitaliy Ponomareyo.

Bugungi sud jarayonida uning chiqish qilishiga, sud hakami tarafidan, prokurorning tavsiyanomasi inobatga olingan holda ruxsat berilmadi.

Eslatib o‘tamiz, 7 oktyabr kuni Qirg‘izistonning O‘sh viloyati Qorasuv tuman sudi imom Rashod qori Kamolovni "diniy adovat qo‘zg‘agash" hamda "ekstremistik materiallarni saqlash va tarqatish"da aybdor deb topib, 5 yilga ozodlikdan mahrum qilish haqida hukm chiqargan.

Image copyright BBCUZBEK.COM
Image caption Vitaliy Ponomarev aytishicha, Rashod qori Kamolov xalifalikning tub ma‘nosini tushuntirgan va hech qanday chaqiriq qilmagan

Qorasuv shahridagi yirik "As-Saraxsiy" masjidi imomi lavozimida ishlab kelgan Rashod Kamolov joriy yilning fevral oyida qo‘lga olingan edi.

Rashod Kamolov Qorasuv shahridagi "As-Saraxsiy" masjidiga 2006 yilning avgust oyidan beri imomlik qilib kelgan.

Uning otasi Muhammadrafiq Kamolov o‘sha yilning avgust oyida Qirg‘iziston va O‘zbekiston maxsus xizmatlarining O‘sh shahri chetida o‘tkazgan maxsus amaliyoti chog‘ida otib o‘ldirilgan.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

Bu mavzuda batafsilroq