Jahon chempionati 2018: O‘zbekiston 3:1 Shimoliy Koreya

Image copyright epa

Ikki raqib milliy terma jamoa o‘rtasidagi futbol bo‘yicha 2018 yilgi jahon chempionatining Toshkentda bo‘lib o‘tgan navbatdagi tur guruh bosqich saralash uchrashuvi O‘zbekistonning g‘alabasi bilan yakunlandi.

O‘zbekiston-Shimoliy Koreya o‘rtasidagi "H" guruhi 2-davra guruh bosqich saralash bellashuvlarining 7-tur uchrashuvi Toshkent vaqti bilan kechki soat 18:00 da boshlandi va markaziy "Paxtakor" stadionida bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston mezbonlik qilgan o‘yinda hisobni dastlabki daqiqalardayoq birinchi bo‘lib shimoliy koreyalik futbolchilar ochishdi.

Uchrashuv 1-bo‘limining bor-yo‘g‘i 3-daqiqasida Ri Xyong Chol tezkor gol muallifiga aylandi va milliy terma jamoasini hisobda oldinga olib chiqdi.

O‘z maydonida to‘p surayotgan O‘zbekiston milliy terma jamoasi esa, oradan 20 daqiqa o‘tibgina o‘yinda hisobni tenglashtirishga muvaffaq bo‘ldi.

Jamoa hujumchisi Igor Sergeyev 23-daqiqada Shimoliy Koreya darvozasiga kiritilgan javob to‘pi muallifiga aylandi.

Har ikki raqib milliy terma jamoa har tomonlama tayyor ekanini aytgan Toshkentdagi uchrashuvning 1-bo‘limi 1:1 durang hisobi bilan yakunlandi.

Ammo uchrashuvning 50-daqiqasida Marat Bikmayev o‘rniga maydonga tushgan Aleksandr Geynrix 66-daqiqasida O‘zbekiston milliy terma jamoasini hisobda oldinga olib chiqdi.

Oradan 16 daqiqa o‘tib esa, Odil Ahmedov Toshkentdagi uchrashuvda hisobni 3:1 ga yetkazdi va O‘zbekiston milliy terma jamoasi 2-davra guruh bosqich saralash bellashuvlarining navbatdagi tur uchrashuvida muhim 3 ochkoni qo‘lga kiritdi.

Bu – "H" guruhida Shimoliy Koreya, Filippin, Bahrayn va Yamanga qarshi to‘p surayotgan o‘zbekistonlik futbolchilarning ilk mag‘lubiyatlari ortidan qayd etgan ketma-ket to‘rtinchi g‘alabalari bo‘ldi.

Milliy terma jamoa shu paytgacha o‘tkazgan beshta o‘yini natijasiga muvofiq ja‘mi 12 ochko bilan "H" guruhida ikkinchi o‘rindagi mavqeini yanada mustahkamlab oldi.

2-davra guruh bosqich saralash bellashuvlarida ilk mag‘lubiyatini qayd etgan Shimoliy Koreya esa, 13 ochko bilan hanuz guruhda peshqadamlik qilmoqda.

O‘zbekiston milliy terma jamoasi navbatdagi guruh bosqich saralash uchrashuvini 17 noyabr kuni safarda yamanlik raqiblariga qarshi o‘tkazadi.

Image copyright AFP

"60 ming so‘mga chipta olgandan ko‘ra, bozordan farzandlarim uchun 2 kg go‘sht olishni ma‘qul ko‘rdim...".

Kun.uz web sahifasining yozishicha, futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasining Shimoliy Koreyaga qarshi uchrashuvi oldidan Toshkentdagi chiptalar bilan bog‘liq ahvol, ayrim hollarda, xuddi ana shunday tus olgan.

Mazkur o‘yin uchun "chiptalar chayqovchilar tomonidan aslidagidan ikki barobar qimmat narxlarda sotilmoqda", "bugun esa, muxlislar tahririyatlariga qo‘ng‘iroq qilib, ahvol bundan ancha yomon tus olganini aytishgan", - deb yozmoqda bu internet nashri.

O‘zbekiston va Shimoliy Koreya o‘rtasidagi futbol bo‘yicha 2018 yilgi jahon chempionati guruh bosqich 2-davra saralash bellashuvlarining 7-tur uchrashuvi bugun Toshkent vaqti bilan kech soat 18:00 da boshlanadi.

"H" guruhi peshqadamlari bo‘lib turgan bu ikki milliy terma jamoa o‘rtasidagi o‘yin Toshkentning "Paxtakor" stadionida bo‘lib o‘tadi.

O‘zbekiston milliy terma jamoasi 2-davra guruh bosqich saralash bellashuvlarini Pxenyanda aynan Shimoliy Koreyaga qarshi boshlagan va yirik hisobda (4:2) mag‘lubiyatga uchragandi.

Bu – milliy terma jamoaning o‘z tarixida Shimoliy Koreyaga ikkinchi yutqizig‘i bo‘lgandi.

Bundan tashqari, shu paytgacha o‘tkazgan besh uchrashuvidan ja‘mi 13 ochko jamg‘arishga muvaffaq bo‘lgan Shimoliy Koreya joriy paytda "H" guruhi peshqadami bo‘lib turibdi.

Shimoliy Koreyadan bitta o‘yin kam o‘tkazgan O‘zbekiston esa, hisobidagi 9 ochko bilan ikkinchi o‘rinda bormoqda.

Bu guruh bosqich saralash bellashuvlarida esa, qit‘a milliy terma jamoalari futbol bo‘yicha 2018 yilgi jahon chempionatidan tashqari, 2019 yilgi Osiyo Kubogiga chiqish uchun ham kurash olib borishadi.

Har ikki yo‘llanma uchun o‘z kurashini davom ettirmoqchi bo‘lgan milliy terma jamoa esa, buning uchun eng avvalo 2-davra saralash bellashuvlarini o‘z guruhida peshqadam mavqe‘da yakunlashi shart bo‘ladi.

Bu – ularga keyingi guruh bosqich saralash bellashuvlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri chiqish imkoniyatini beradi.

Yakunida o‘z guruhida ikkinchi o‘rinni egallagan jamoa esa, bundayin imkoniyatni saqlab qolish uchun eng yaxshi natija ko‘rsatgan bo‘lishi taqozo etiladi.

Futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasiga esa, halicha jahon chempionatiga chiqish nasib etmagan.

Jamoa 2014 yilgi jahon chempionatiga yo‘llanmani eng so‘nggiga kelib boy bergan va bu o‘zbekistonlik futbol muxlislarining keskin noroziliklariga sabab bo‘lgandi.

Ayni shu omillar sabab, O‘zbekiston va Shimoliy Koreya o‘rtastdagi bugun Toshkentda bo‘lib o‘tajak uchrashuv mahalliy futbol muxlislari orasida katta qiziqishga sabab bo‘lgan.

Agar, O‘zbekistondagi futbolga ixtisoslashgan internet nashrlaridagi chiqishlarga tayanilsa, bu o‘yinga chipta sotib olish ishtiyoqida bo‘lgan muxlislar ozmuncha bo‘lmagan.

Ammo kun.uz web sahifasining yozishicha, "muxlislardan biri mavjud ahvoldan shikoyat qilib, chipta olish uchun 30 ming so‘m bilan "Paxtakor" stadioniga borgani, lekin o‘ziga kerakli chiptani ololmasdan qaytgani, 60 ming so‘mga (!) chipta olgandan ko‘ra, bozordan farzandlari uchun 2 kg go‘sht olishni ma‘qul ko‘rganini aytib bergan".

Kun.uz ning yozishicha, saytning turli ijtimoiy tarmoqlardagi akkauntlariga ham muxlislardan shu masala xususida murojaatlar yo‘llangan va ular mavjud vaziyatga e‘tibor qaratishni so‘rashgan.

BBC O‘zbek Xizmatining bu xususda mas‘ul idoralardan izoh olish urinishlari esa, hozircha, o‘z samarasini bergani yo‘q.

O‘zbekiston va Shimoliy Koreya shu paytgacha bir-birlariga qarshi yetti bor maydonga tushishgan.

Image copyright Reuters

Shundan to‘rttasida O‘zbekiston milliy terma jamoasi g‘alaba qozongan.

Bir marotaba Shimoliy Koreyaning qo‘li baland kelgan va ikki o‘yin durang natija bilan yakunlangan.

Ikkovlon o‘rtasidagi Toshkentda bo‘lib o‘tajak uchrashuvni Alirizo Farg‘oniy boshchiligidagi hakamlar brigadasi boshqarib boradi.

O‘zbekistonda katta qiziqishga sabab bo‘layotgan ushbu uchrashuvga chiptalar 6 noyabr kuni sotuvga chiqarilgan.

CIP toifadagi chiptalar qiymati 30.000 so‘m, qolgan barcha sektorlar uchun mo‘ljallanganlariniki 15.000 so‘mdan etib belgilangani xabar berilgandi.

O‘zbekiston milliy terma jamoasi ishtirokidagi xalqaro futbol uchrashuvlari chiptalari savdosi bilan bog‘liq vaziyat esa, bundan oldin ham bir necha bor muhokamalarga sabab bo‘lgan.

Ayrim hollarda chipta olish uchun kelgan muxlislarning maxsus militsiya xodimlari tomonidan kaltaklangani, chiptaxonalar oldida vujudga kelajak uzundan-uzoq navbatlar haqida ham xabarlar olingan.

Federatsiya esa, chiptalar savdosi bilan Terma jamoalar markazi shug‘ullanishini aytib keladi.

O‘zbekiston milliy terma jamoasi "H" guruhida yana Filippin, Bahrayn va Yamanga qarshi to‘p surmoqda.

Va joriy paytda guruhdagi raqiblaridan bitta o‘yin kam o‘tkazgan yagona jamoa bo‘lib turibdi.

Har ikki raqib milliy terma jamoa Bosh murabbiylari esa, Toshkentdagi uchrashuvga tayyor ekanliklarini bayon qilishmoqda.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

Bu mavzuda batafsilroq