"Islomiy Davlat" "Kreml bilan Qavqozni olish"ga qodirmi?

Image copyright AFP

O‘zini "Islomiy Davlat", deya atovchi guruh Internet orqali video murojaat tarqatib, Rossiya hududida terrorchi hujumlarni amalga oshirish bilan po‘pisa qildi.

"Islomiy Davlat"ning matbuot vositasi - Al Hayat Media Centerda joylashtirilgan bayonotda, shuningdek, Qavqoz va Kremlni o‘z nazoratlari ostiga olish haqida aytishgan.

Sal avvalroq guruh Sinay uzra Rossiya uchog‘ining urib tushirilshi va Livandagi qonli bomba hujumlarini amalga oshirganlarini ham da‘vo qilgandi.

Bu da‘volarda ne qadar asos bor? Yoki bu shunchaki targ‘ibot urinishimi?

BBC bilan suhbatda radikal guruhlar faoliyatini tadqiq qiluvchi londonlik tadqiqotchi Joanna Parashukning aytishicha, oxirgi vaqtlarda o‘zini "Islomiy Davlat", deya taqdim etuvchi guruh jahonning turli nuqtalarida bo‘lgan turli guruhlarning o‘ziga sodiqligi va‘dalarini qabul qildi.

Joanna Parashuk: Ana shu nuqtai nazardan haqiqatan ham "Islomiy Davlat" jahon bo‘ylab o‘z faoliyati qamrovini kengaytirdi desak bo‘ladi. Xususan, bu mintaqalar Shimoliy Qavqoz, Misr va Yamanni o‘z ichiga oladi. Ana shu ma‘noda ularning faoliyati Suriya va Iroqdan tashqariga chiqdi, deya olamiz. Agarda, Sinay uzra hujum "Islomiy Davlat" ishi ekanligi tasdiqlansa, bu ulkan o‘zgarish bo‘lganligini anglatadi. Ya‘ni, ular Suriya va Iroqda hududiy qamrovlarini kengaytirish bilangina cheklanmay, fuqaroviy nishonlarga hujum qila boshlaganlarini anglatdi. Ana shu narsa xavotirli.

Image copyright Al Hayat Media Centre
Image caption "Kreml va Qavqozni olish" tahdidi yangragan videobayonotdan olingan surat

BBC: Jahonning turli nuqtalarida "Islomiy Davlat"ga bay‘at keltirgan guruhlarni tilga oldingiz, ularning aynan qayerda ekanligi va soni borasida ma‘lumotlar bormi?

Joanna Parashuk: Ulardan hozircha bir nechtasi bizga ma‘lum. Shimoliy Qavqozda avval Qavqoz Amirligiga tegishli, deya o‘zlarini taqdim etib kelgan jangarilar "Islomiy Davlat"ga bay‘at keltirganlar. Bundan tashqari, Sinay, Livan va Yamanda bu kabi guruhlar bor. Demak, asosan Yaqin Sharq mamlakatlarida bu kabi guruhlar bor va Shimoliy Qavqozda ham. Lekin aytish kerak u yerda hozircha "Islomiy Davlat"ning qadami anchayin zaif.

BBC: Sinaydagi hujumni "Islomiy Davlat" uyushtirgani haqida da‘vo bilan chiqqanda, dastlab ko‘plar bunga ishonmadilar. O‘zini targ‘ib qilish yo‘lida bundan foydalanyapti deb o‘yladilar. "Islomiy Davlat" targ‘ibot yo‘lida o‘zi qilmagan ishlarni ham qildik deb da‘vo qilishi tez-tez uchraydmimi?

Joanna Parashuk: Bu juda qiziqarli nuqta. Tan olish kerak Sinay uzra hujum ortidan "Islomiy Davlat" anchayin katta e‘tiborni o‘ziga torta oldi. Shuning uchun ular aslida bu hujumni qilganmi-yo‘qligidan qat‘i nazar ular o‘z manfaatlari yo‘lida foydalana oldilar. Demak, aslida hujum ularga tegishlimi-yo‘qmi odamlar bu haqda gapira boshladilar, bahslar qizidi, targ‘ibot maqsadiga erishildi.

BBC: Lekin bu kabi tashkilot qilmagan ishini qildik deb chiqsa va keyinchalik bu tasdiqlanmasa, odamlar ishonmay qo‘yadilar, bu holat keyinchalik ularning targ‘ibot maqsadlariga qarshi bo‘lib chiqishi mumkin-ku.

Joanna Parashuk: Ha bu ham to‘g‘ri. Masalan, yaqinda "Islomiy Davlat" Dog‘istonda qator Rossiya askarlari halok etilgan hujumni amalga oshirganligini da‘vo qilgandi. Lekin aytilgan hodisa yeriga muxbirlar borib, mahalliy odamlar bilan gaplashgan vaqtlari bu kabi hujum bo‘lmaganligini aniqladilar. Demak, "Islomiy Davlat" yolg‘on aytgan bo‘lib chiqdi. Lekin buning yolg‘on ekanligi aniqlanishidan avval odamlar orasida "Islomiy Davlat hujum qilibdi" degan gap-so‘zlar rosa urchidi. Demak, "Islomiy Davlat" o‘z targ‘ibot jabhasida muayyan nuqtalarni qo‘lga kiritib bo‘lgandi.

Image copyright ISIS

BBC: Kecha ular "Qavqozni qaytarib olamiz va Kremlni qo‘lga kiritamiz" degan bayonot tarqatishdi, bu da‘voni qanday izohlagan bo‘lardingiz?

Joanna Parashuk: Bu kabi da‘volarni "Islomiy Davlat" bir muncha vaqtdan beri qilib kelayotgandi. Lekin qaytarib aytaman, ularning Shimoliy Qavqozdagi "ittifoqchilari" juda zaif. Rossiya ularga qarshi amaliyotlarda anchayin qattiq qo‘l bo‘lgan va zaiflashtirishga muvaffaq bo‘lgan. Rossiya Xavfsizlik Xizmati Kabardin-Balkarda, Nalchik shahrida guruh rahbari deya aytilgan shaxsni o‘ldirishga muvaffaq bo‘lgandi. Shuning uchun aytishimiz mumkinki, bu guruhning samarali hujumlar olib borish qobiliyatiga zarar yetkazilgan va ularning da‘volarini shubha bilan qabul qilish kerak. Lekin targ‘ibot intilishlari masalasiga qaytsak, jahondagi ko‘plab axborot agentliklari kechagi bayonotni deyarli hammasi qaytaryabdi. Demak "Islomiy Davlat" o‘zi da‘vo qilayotgan amalni ne qadar bajara olishidan qat‘i nazar, "buni qilamiz" degan da‘vosi hamma yoqqa tarqalib bo‘ldi va targ‘ibot jabhasida intilgan maqsadiga erishmoqda demak.

BBC: Lekin "Islomiy Davlat"ning Rossiyadagi yollash amaliyotlari anchayin keng qamrovli va samarali, shundaymi?

Joanna Parashuk: Ha, qaysidir ma‘noda shunday. Lekin Rossiya rasmiylarining oxirgi oylarda "ular 7 mingga yaqin kishini yolladilar", degan da‘volarini ham men shubha ostiga olgan bo‘lardim. Menimcha bu bo‘rtirilgan ma‘lumot. Chunki bir necha oy avval ular bu sonni ikki ming deb taqdim qilishmoqda edi. Lekin ID targ‘ibot va yollash faoliyatini olib borayotgani aniq. Qator taniqli da‘vatchilarni Suriyaga chaqirib olishga muvaffaq bo‘lishgan va ular u yerdan turib ham yollash faoliyati bilan shug‘ullanmoqdalar. Ko‘plab Markaziy osiyoliklar ham aynan Rossiyada yollanganlari ham haqiqatga ancha yaqin. Muhojir bo‘lib kelib, keiynchalik yollanganlar haqida qator tasdiqlangan holatlar bor. Fikrimcha Markaziy Osiyoliklar mintaqada emas, ko‘proq Rossiyada yollanmoqdalar, bunisi haqiqatga yaqin.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio