Ovro‘podagi radikalizm "poytaxti"

Image copyright Reuters
Image caption Molenbek aholisi turli etnik guruhlardan tashkil topgan

Fransa tekshiruvchilarining taxmin qilishlaricha, o‘tgan juma kuni Parijda amalga oshirilgan muvofiqlashtirilgan hujumlar Bryussel atrofidagi shaharchada rejalangan. Molenbek shahrida Parijdagi hujum qatnashchilaridan kamida bir nafari yashagan.

Belgiya Ichki Ishlar vaziri Yan Jambonning aytishicha, asosan ishchilar yashaydigan sokin Molenbek shahri "Ovro‘po qit‘asidagi siyosiy Islomning poytaxti"ga aylangan.

Belgiya politsiyasi Molenbekda qator reydlarni o‘tkazishgan.

BBCning Newsday programmasi ushbu shaharni yaxshi biladigan, Londonda chop etiladigan The Telegraph ro‘znomasi bosh muharriri Endryu Gilligan bilan suhbatlashdi.

Endryu Gilligan: Bu Bryussel hududiga kiruvchi anchayin kambag‘al mavze. Aholisi 100 ming kishi atrofida. Ulardan 25-30% musulmonlar. Ko‘plab terrorchilik rejalarining manbasi hozirda Molenbek ekanligi aytilmoqda.

Image copyright EPA
Image caption Parijdagi hujumlardan so‘ng politsiya Molenbekda qator reydlar o‘tkazdi

BBC: Belgiya rasmiylari ushbu mavze ustidan nazoratni yo‘qotganliklarini aytmoqdalar. Ular nimani nazarda tutmoqdalar?

E.G.: Shubhasiz, Belgiyaning ba‘zi mintaqalarida, jumladan, Molenbekda muammolar mavjud. Ko‘plab terrorchi amallar aynan shu yerda rejalangani aytiladi. Bunga fikrimcha, ikki sabab bor. Birinchisi, politsiyaning u yerda qo‘li ancha bog‘langan, chunki u yerda noqonunuiy iqtisod tizimi keng rivojlangan va aksar faoliyatlar -giyohvand moddalar, mayda jinoyat va qurol savdosi kabi amallar hamisha ham politsiya nazariga tushmaydi. Ikkinchi sabab, Molenbek mavzesi ikki mamlakat qonunchiligiga bo‘ysunadi: Belgiya va Gollandiya. Boshqa tomondan, mamlakat bir yil federal hukumatsiz bo‘ldi. Mamlakatda ko‘plab ishlarni mahalliy hokimiyat boshqaradi. Lekin, ba‘zi mintaqalarda aksilterror siyosati va radikallashishga qarshi kurash oqsagan. Shuning uchun bu kabi muammolar aynan Bryusel atrofida urchimoqda. Hozirda gap faqatgina oxirgi Parijdagi hujumlar haqida ketayotgani yo‘q. Amsterdamdan Parijga ketayotgan poyezdda o‘t ochishga uringan, Bryusseldagi yahudiy muzeyida to‘rt kishini o‘ldirgan ham shaxslar ham shu mavzedan edi. Madriddagi portlashlarni uyushtirganlardan biri ham. Xullas, kamida besh yirik terrorchi amal va yana o‘nlab kichik hujumlarning ildizi shu yerga kelib taqalyapti.

BBC: Bu kabi holat yuz berganda, ko‘pincha xavfsizlik xizmatlarini ayblashadi. Ayniqsa, hujumchilardan biri avvalroq xavfsizlik xizmati e‘tiboriga tushgan bo‘lsa. Bu gal ham shunday bo‘lyaptimi?

E.G.: Albatta, shunaqasi ham bo‘lib turadi. Kim nimaga qodir ekanligini avvaldan bilish juda mushkul vazifa. Xavfsizlik xizmati zahiralari cheklangan. Nazorat ostida bo‘lishi kerak bo‘lganlar esa yuzlab emas, minglab. Ana shu sharoitda kimni nazorat ostida ushlab turish kerak, kimning ketidan tushish kerak, degan qaror qabul qilinadi. Lekin hammaning ham orqasidan tushish bajarib bo‘lmas vazifa.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio