Ona qorni shakliga qarab homilaning jinsini aniqlash mumkinmi?

Image copyright PA
Image caption Qorin shaklining homila jinsiga aloqasi yo‘q ekan...

Qorinning shakli, to‘lg‘oqning og‘ir va yo yengil kelishi, nikoh uzukni osib ko‘rish…bularning bari, xalq orasida homilaning o‘g‘il va yo qizligidan darak berishiga ishoniladi, ammo BBC Future muxbiri Klaudia Xammondga ko‘ra, bu kabi turfa taxminlardan faqat bittasigina to‘g‘ri bo‘lishi mumkin ekan...

Agar homilador ayolning qorni do‘ppaygan va xuddi koptok yashirganday chiqib tursa, unda o‘g‘il, ammo qorin shakli tekisroq va do‘ppayish teng taqsimlangan holda bo‘lsa, qiz ko‘rishidan darak...har qalay, xalq orasida homilaning jinsini ana shunday aniqlashadi.

Har bir ona o‘z qarindoshlari, do‘stlari va yo tanishlari biror bir xalq irimi bilan homilasining jinsini aniqlab berishga harakat qilganiga guvoh bo‘lgan, buni ishonmasangiz onalarda so‘rang.

Hatto begona odamlar ham ayrim paytlarda homilador ayollarga qarab, o‘g‘ilmi yo qizmi degan, aslida hech kim bermagan savolga javob qidirib qolishadi.

Ammo hammasi bu qadar jo‘n va oddiy emas ekan.

Homilador ayolning qorni shakli va hajmi eng avvalo homilaning katta-kichikligi bilan bog‘liq bo‘ladi.

O‘g‘il bolalar rostdan ham qiz bolalarga nisbatan homilalik payti kattaroq bo‘lar ekan, ammo bu hech qachon homilador ayolning qorin shakliga ta‘sir qilmaydi.

Ikkinchidan, bachadon ichida homila joylashishi ham qorin shakliga ta‘sir qilar ekan.

Agar homila qoringa beli bilan turib qolsa, qorin kattaroq, ammo onaning beli bilan parallel bo‘lsa yassiroq ko‘rinishda bo‘ladi.

Homilaning bachadonda joylanishi esa uning jinsi bilan bog‘liq emas, shuning uchun ham qorinning shakli tug‘ilajak farzandning o‘g‘il yoki qizligini “aytib berolmaydi”.

Momojonlar ertaklari

Image copyright Thinkstock
Image caption Hozircha eng maqbul yo‘l - UZI yoki ultratovush tekshiruvlar

Demak, qorinning shakli homilaning jinsini aniqlab berolmaydi deb xulosa qildik, boshqa xalqona taxminlar nima deydi?

Qorin tashqarisida nikoh uzugini osib qo‘yib, u qaysi tarafga qarab og‘ishidan homilaning jinsini “aytishga” urinish esa, umuman ish bermaydi.

Homila tashqi nimarsalarga bachadondan turib ta‘sir qilolmaydi.

Ko‘zi yoradigan ayolning qanday taom yeyishi va yo nimalarga ko‘ngli ketishi ham homilaning jinsi bilan bog‘liq bo‘lmas ekan.

Ammo homilador ayol qiz ko‘radigan bo‘lsa, ertalablari qattiq qayt qilgisi keladi degan qarash qanchalar haqiqatga yaqin?

Ayrimlar buning sababi, ayol kishi ikki karra ayol garmonlarini hazm qilolmasdan, ko‘ngli ayniydi, deb o‘ylashadi.

Ammo bu qarash ham haqiqatdan uzoq.

Chunki ko‘ngil aynish, aynan gormonlar ko‘paymagan paytda, homiladorlikning birinchi 12 haftada ro‘y beradi.

Homilaning qiz yoki o‘g‘illigini bilishning aniq yo‘llari zamonaviy tibbiyotda, masalan, ultratovush tekshiruvlar ekan.

Shunda ham bir xalqona taxminda jon bor…

Og‘ir to‘lg‘oqlar

Image copyright THINKSTOCK
Image caption To‘lg‘oq og‘ir kechsa... bo‘lajak farzand o‘g‘il bo‘lishi mumkin

Asrlarki, buvilaru yangalar, opalaru xolalar, ammalaru onalar “to‘lg‘oq og‘ir kelsa, o‘g‘il bo‘ladi”, deb aytib kelishadi.

Ammo bu hazilomuz taxminda jon borga o‘xshaydi.

Irlandiya poytaxti Dublindagi bir tug‘ruqxonada 1997 yildan 2000 yilga qadar tadqiqot o‘tkazishgan.

Ana shu tadqiqot natijalari Britaniya Tibbiyot Jurnali (British Medical Journal) da nashr qilinadi.

Tadqiqotlar shuni ko‘rsatdiki, o‘g‘il bola tug‘ilishi jarayoni uzoqroq va mushkulroq kechgan.

Shundan kelib chiqib aytish mumkinki, agar to‘lg‘oq uzoq va og‘irroq kechsa, unda farzandingiz o‘g‘il bo‘lishi ehtimoli ko‘proq...

Ammo xalqona aytsak, qirqiga sabr qilgan, biriga ham toqat etsa, to‘lg‘oq tugashi bilan...farzandingizning qiz yoki o‘g‘illigini bilib olasiz...

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

Bu mavzuda batafsilroq