O‘zbekistonlik ayolga ikki bolasi qaytarib berilmayapti

O‘zbekiston fuqarosi Dilafro‘z Nabotova Rossiyaning Sankt-Peterburg shahri hukumatiga yosh bolalarini qaytarib berishni so‘rab murojaat qilgan.

Dilafro‘zni bolalaridan joriy yilning 7-sentyabrida ajratishgan. Ayolni Rossiyadan chiqarib yuboriladigan kishilar saqlanadigan maxsus ajratma-saqlagich(izolyator)ga joylashtirishgan. Dilafro‘zning yetti yashar qizi Mahbuba va sakkiz yashar o‘g‘li Sarvarbekni esa bolalar uyiga jo‘natishgan.

Dilafro‘zning aytishicha, u 2011 yilda moliyaviy qiyinchiliklar bois Rossiyada yashash va ishlash uchun zarur bo‘lgan hujjatlarni tayyorlay olmagan. Natijada u majbur bo‘lgan holda joriy yilgacha zarur hujjatlarsiz ishlab yuravergan.

O‘zbekistonlik ayolning so‘zlariga qaraganda, 7-sentyabr kuni u yashayotgan xonadonga Rossiyaning Federal muhojirlik xizmati nazoratchilari kirib kelishgan. Ular Dilafro‘zning erini olib ketishgan. Uning o‘zi Krasnoye Selodagi maxsus ajratma-saqlagichda bir yarim oy ushlab turilgan.

- Men bolalarimni oxirgi marta o‘sha 7-sentyabr kuni ko‘rganim. Ularning qayerda ekanliklarini ham bilmasdim. Bolalarim haqida so‘raganimda hech kim javob bermasdi. Nihoyat, bir tanishim orqali o‘g‘lim va kizimning qayerda ekanliklarini bilib oldim, - deydi Dilafro‘z.

Shundan so‘ng ayol o‘g‘li va qizi jo‘natilgan bolalar uyiga qo‘ng‘iroq qilgan. U yerdan agar zarur hujjatlarni rasmiylashtira olsa, bolalarini olib ketishi mumkinligini bildirishgan.

24-sentyabrda Dilafro‘zning uchinchi farzandi dunyoga kelgan. U besh kun tug‘ruqxonada yotgach, yana maxsus ajratma-saqlagichga qaytarib olib ketishgan. Bu muassasaning xodimlaridan biri Dilafro‘zga uch bolasi bilan birgalikda yurtiga qaytib ketishini aytgan.

- Lekin 7-oktyabr kuni izolyator boshlig‘i sening hujjatlaring va kichik bolangning hujjatlari tayyor, yaqinda uyingga ketasan, dedi. U qolgan bolalaringning hujjatlari keyinroq tayyor bo‘ladi. Ularni ikki haftadan so‘ng vataningga jo‘natamiz, deb aytdi,- deydi Dilafro‘z.

Lekin ayol uchovi bolasi bilan birga ketishini aytib turib olgan. Shunda maxsus ajratma-saqlagichning mansabdorlaridan biri unga tahdid qila boshlagan.

- U "agar uchib ketmasang, kichik bolangni ham tortib olamiz va bolalar uyiga jo‘natamiz", dedi. Pristavlar mening va kichik farzandimning hujjatlari tayyor bo‘lganligi va yurtimga uchib ketishim mumkinligini aytishdi. Men ular bilan uzoq tortishdim. Agar hamma bolalarim bilan birga ketmaydigan bo‘lsam, o‘zimni o‘ldirishimni aytdim. U mansabdor "kameraga bor va o‘ylab ko‘r", dedi. Menga chiptalar sotib olingani, pul o‘tkazishgach, ikki haftaga qolmasdan katta bolalarimni ortimdan jo‘natishlarini aytishdi, - deydi Dilafro‘z Nabotova.

U, shuningdek, bolalarini O‘zbekistonga jo‘natishga va‘da bergan advokatning so‘zlariga ishonganini ham aytdi.

- Men bolalarimni ko‘rmayotganimga uch oy bo‘lay dedi. Bolalarimni qaytarib berishlarini so‘rayman, - dedi Dilafro‘z.

Dilafro‘z Nabotovaning himoyachisi Yuriy Serovning aytishicha, ayolga bolalarini qaytarish masalasini hal qilish uchun Ovro‘po inson huquqlari mahkamasiga murojaat qilmoqchi. Shuningdek, himoyachi ayolni bolalaridan noqonuniy tarzda ajratishgani, izolyatorda onaga bosim ko‘rsatilganini aytgan.

"Tranzit" deb ataladigan bolalar uyi rahbariyati Dilafro‘z Nabotovaning ikki bolasi u yerda ekanligini tasdiqlagan. Lekin jurnalistlarni bolalar uyiga kirgizishmagan.

Life78 telekanali muxbiri ayolning videomurojaatini ko‘rsatganda, bolalar uyi direktori bu kabi iltimoslar jonlariga tegib ketganini aytgan.

- Bunday murojaatlar bilan bizning jonimizga tegib ketdi. U bolalar qanday yashayotganlarini hamma ko‘rgan. Biz ularning qarindoshlariga qachon pul topilsa, bolalarni vataniga jo‘natishimizni aytganmiz. Lekin bolalarni O‘zbekistonga jo‘natish uchun ozmuncha pul kerakmi, - degan "Tranzit" bolalar uyi direktori Marina Ryabko.

Shu o‘rinda ayni shu Sankt-Peterburg shahrida onani farzandidan ajratish fojiaga olib kelganini eslatish joiz. Bundan bir oy oldin tojikistonlik onadan tortib olinib, polistsya bo‘limida olib qolingan besh oylik Umarali Nazarov hayotdan ko‘z yumgandi.

Huquqshunoslarning aytishlaricha, yosh bolalarni onalaridan noqonuniy ajratish Birlashgan Millat tashkilotining Bolalar huquqlari Konventsiyasiga ziddir.

Hozirda Inson huquqlari bo‘yicha xalqaro federasiya (FIDH) va yana qator tashkilotlar Sankt-Peterburgdagi Bolalar huquqi bo‘yicha vakil Svetlana Agapitovaga ochiq xat yo‘llashgan. Bu ochiq xatda chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarni Rossiyadan chiqarib yuborishda bola, ona va homilador ayollar huquqlarini muntazam tarzda buzish hollariga chek qo‘yishga ko‘maklashish so‘ralgan.

Rasmiy ma‘lumotlarga qaraganda, ayniqsa keyingi oylarda terrorchilikka qarshi kurash bahonasida Rossiyada mehnat muhojirlarini tekshirish va turli vajlar bilan ularni mamlakatdan chiqarib yuborish avj olgan.

Rossiyadan chiqarib yuborilayotganlarning aksariyati O‘zbekiston va Tojikiston fuqarolari ekanligi aytilmoqda. Kuzatuvchilarning fikricha, hozirda Rossiyada ishlayotgan Tojikiston fuqarolarining soni bir million ikki yuz ming nafar atrofida. O‘zbekistonlik mehnat muhojirlarining soni esa, kamida uch million nafar ekanligi aytiladi.

Tojikiston fuqarolari o‘z huquqlari buzilganda Tojikistonning Moskvadagi elchixonasi uncha-muncha aralashayotganini aytishsa, o‘zbekistonlik mehnat muhojirlari unday hollarda o‘z mamlakatlari elchixonasining beparvo turishidan yozg‘irib kelishadi.

"Mamlakatimiz prezidentining o‘zi biz - halol ishlab pul topayotgan muhojirlarni "tekinxo‘r, dangasalar" deb aytgandan keyin boshqa mansabdorlardan nima kutish mumkin?", deydi aslida Qo‘qondan ekanligini aytgan 30 yoshli Murodjon.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

Bu mavzuda batafsilroq