Go‘dak Umarali jasadi Dushanbega keltirildi

Oktyabr oyi o‘rtalarida Sankt-Peterburgda shubhali sharoitda olamdan ko‘z yumgan besh oylik tojikistonlik Umarali Nazarov jasadi dafn uchun Dushanbega olib kelindi.

Umaralining qo‘lbola tobutga solingan jasadi onasi Zarina Yunusova hamrohligida olib kelingan.

Dushanbe qo‘nalg‘asida bo‘lgan BBC muxbirlariga ko‘ra, rasmiylar jasadni tekshiruvdan o‘tkazgunlariga qadar onasi va yaqinlari 5 soat kutishga majbur bo‘lganlar.

Tojikistonning Moskvadagi elchixonasi ma‘lumotlariga ko‘ra, oktyabr oyida Sankt-Peterburg tumanlaridan biridagi federal muhojirlik xizmati xodimlari ikki nafar Tojikiston fuqarosini muhojirlik qonunini buzishda ayblab ushlagan. Daler Nazarov va Zarina Yunusova ismli ikki fuqaro hamda ularning besh oylik yosh bolasi mahalliy politsiya bo‘limiga olib borilgan.

Politsiya bo‘limida onadan go‘dakni tortib olishgan. Zarinaning aytishicha, uning bolani buvisiga topshiringlar degan iltimosiga politsiyachilar quloq solmagan.

Besh soatdan keyin Tojikiston fuqarolarini Rossiya hududidan chiqarib yuborish to‘g‘risidagi qaror chiqarilgan. Shundan so‘ng ona o‘z bolasini olish uchun politsiya bo‘limiga kelgan. Lekin unga bolasini ko‘rsatishmagan va qayerda ekanligini aytishmagan. Ertasi kuni tojikistonlik ayolga yosh bolasining hayotdan ko‘z yumgani haqida xabar berishgan.

Dastlabki surishtiruvlarga ko‘ra, politsiya bolani Sankt-Peterburgdagi ota-onalar qarovisiz qolgan bolalar uchun mo‘ljallangan markazga olib kelishgan. Besh oylik bola Umarali Nazarovning o‘limiga uning bemorligi sabab bo‘lganligi aytilmoqda. Lekin Zarina Yunusova bolasining soppa-sog‘ bo‘lganligini aytgan.

Rasmiy ma‘lumotlarga ko‘ra, hozir Rossiyada ishlayotgan tojikistonlik mehnat muhojirlarining soni bir million ikki yuz ming nafardan ortgan. Garchi keyingi yillarda Rossiyadagi iqtisodiy inqiroz tufayli mehnat haqi kamaygan bo‘lsa-da, Tojikistondan tirikchilik vajida olis yurtga ketayotganlar soni kamaygan emas.

Ba‘zi raqamlarga ko‘ra, o‘tgan yili Tojikistonga Rossiyadan 870 taga yaqin tobut kelgan. Joriy yilning birinchi yarmida esa Rossiyada 430 nafardan ortiq tojikistonlik jon taslim qilgan.

Kuzatuvchilarga ko‘ra, bu o‘limlarning sababi bir xil emas.

Lekin politsiya zo‘ravonligi, taqirbosh millatchilar hujumi, ish beruvchi tomonidan zarur mehnat sharoitlari yaratilmagani bois yuz berayotgan o‘limlar ham oz emas. Bu o‘limlar sababi ko‘pincha aniqlanmasdan, aybdorlar tegishli jazoga tortilmasdan qoladi.

Rasmiylar nazorati ostida bo‘lgan vaqti besh oylik go‘dakning olamdan o‘tgani matbuot va ijtimoiy tarmoqlarda ko‘plab savollarni tug‘dirmoqda.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio