Parij hujumlari qurbonlari kim edi?

Image copyright PA LinkedIn
Image caption Qurbonlar: Nik Aleksandr va Valentin Ribe

Parij hujumlarida nobud bo‘lgan 129 odam haqida ma‘lumotlar yuzaga chiqmoqda.

Frantsiya hukumati bu ma‘lumot uchun maxsus telefon raqamlarini e‘lon qildi - 0800 40 60 05. Bedarak ketgan shaxslar qayd etilishi uchun websayt ham ochilgan.

Ichki ishlar vazirligi ijtimoiy tarmoqlardagi qator shaxslarning sahifalari bilan ham o‘rtoqlashdi.

Britaniyalik Nik Aleksandr Bataklan kontsert zalida halok bo‘lgani tasdiqlandi. U Eagles of Death Metal musiqiy guruhining targ‘ibot mahsulotlarini sotish bilan shug‘ullangan. Uning yonida bo‘lgan qiz do‘sti ikki oyog‘idan yaralangan va Nikning nobud bo‘lganiga guvoh bo‘lgan.

#rechercheParis (Parijni qidirib) va #rechercheBataclan hashtaglari bedarak ketganlarning ismlari va suratlarini tarqatish uchun qo‘llanilmoqda.

Twitterda @recherche_Paris akkaunti ham ochilgan.

Qurbonlarning ismlari ijtimoiy tarmoqlar va mahalliy xabar agentliklari tomonidan tarqatilmoqda. Ular orasida quyidagi shaxslar bor:

Image copyright EPA
Image caption Parijda xavfsizlik choralari kuchaytirilgan

Djamila Hud, 41 yoshida, Parij g‘arbidagi Dryu tumanidan.

Tomas Ayad, 34 yoshida, Amyyen shahridan. U Universal Music France tashkilotida ishlagan va Bataklan kontsert zaliga ikki hamkasbi bilan borgandi.

Uning tashkilotida ishlaydigan yana ikki shaxs Twitterda Mari va Manu deya e‘lon qilindi, ammo familiyalari berilmadi.

Frantsiyalik futbolchi Lassana Diarra Twitterda o‘z amakivachchasi Asta Diakite otishmalarda halok bo‘lganini yozdi. U Asta unga "katta opadek" bo‘lganini aytdi. Diarraning o‘zi hujumlardan biriga sahna bo‘lgan Stade de France stadionida Olmoniyaga qarshi to‘p surayotgandi.

Sedrik Maudi Normandiya viloyatidagi Kalvados shahri hokimiyati xodimi bo‘lgan. U besh do‘sti bilan Bataklandagi kontsertga kelgandi.

Matyu Hosh France 24 telekanalida jurnalist bo‘lib ishlagan. Uning hamkasbi Matyu yosh bo‘lgani va bir olti yoshli o‘g‘ilning otasi bo‘lganini yozdi.

Lola Salines ham Bataklanda halok bo‘lgan. Uning otasi avvaliga uni Twitterda qidiruvga e‘lon qildi, so‘ngra qizi o‘lganini tasdiqladi.

Image copyright AP
Image caption Mamlakat bo‘ylab uch kunlik motam e‘lon qilindi

23 yoshli Elodi Bryul kontsertda do‘stlari bilan bo‘lgan va nobud bo‘lgan.

Londonning nufuzli LSE (London Iqtisod maktabi) oliygohi bitiruvchisi Valentin Ribe halok bo‘lganini sobiq kursdoshlari Twitterda e‘lon qilishdi.

Talafotlar orasida ko‘pgina xorijiy fuqarolar ham bor.

AQShning Kaliforniya shtatidan bo‘lgan 23 yoshli Nohemi Gonzalesning halok bo‘lgani universiteti tomonidan chiqarilgan bayonotda aytildi. U bir necha kun avval Facebookdagi sahifasida butkul notanish tilda 3D yasashni o‘rganayotgani naqadar qiyin ekani haqida yozgandi.

Belgiya ikki fuqarosi talafotlar orasida ekanini bildirdi, ammo ism-shariflarini ochiqlamadi.

Shvetsiya tashqi ishlar vazirligi o‘zining bir fuqarosi nobud bo‘lgani va yana bir nechasi jarohat olganini aytgan.

Ruminiya hukumati esa ikki fuqarosi jon berganini bildirdi.

Ikki meksikalik ayol halok bo‘lishganini Meksika hukumati e‘lon qildi.

Ispaniya gazetalari 29 yoshli ispan fuqarosi Alberto Gonzales Garrido Bataklandagi kontsertda hayotdan ko‘z yumganini xabar qilishdi.

Halok bo‘lganlar orasida o‘z do‘stlarining tug‘ilgan kunini nishonlashga chiqqan tunislik ikki opa-singillar ham bo‘lishgan. Ular 34 va 35 yoshlarda edilar.

Chili fuqarolari Luis Felipe Shox Valle, hamda Patritsiya San Martin va uning qizi Elsa Veronik Delplas San Martin ham nobud bo‘lganlar.

Portugaliyadan Parijga ko‘chib o‘tgan 63 yoshli portugal shaxs o‘lgani ham tasdiqlandi. U Stade de France yaqinidagi portlashlardan birida halok bo‘lgan.

Siz Parijdamisiz? O‘z munosabatingizni bildirmoqchi bo‘lsangiz, biz bilan bog‘laning.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio