"Akamni huquqbonligi uchun qamoqqa tashlashmoqchi"

Image copyright AFP
Image caption O‘zbekiston inson huquqlari faollari va mustaqil fikrlovchilarga toqat qilinmaydi

O‘zbekistonlik huquq faoli O‘ktam Pardayev Jizzax viloyatining Do‘stlik tumani Ichki ishlar bo‘limi hibsxonasida saqlanmoqda.

Uning ukasi Sharof Pardayev BBC bilan suhbatda o‘z akasi huquqbonligi uchun hokimiyatdagilarning "qahriga" uchraganini aytdi.

"Kecha uyga kelib, hammayoqni ag‘dar-to‘ntar qilishdi. Akamning barcha qog‘ozlari, kompyuter protsessori, fleshkalargacha olishdi. Biz orqasidan bordik. Yarim kechada zo‘rg‘a ovqat kiritishga muvaffaq bo‘ldik", deydi Sharof Pardayev.

O‘ktam Pardayev bir yildan beri o‘ziga chiqish vizasi berilmayotgani uchun mutasaddi organlar ustidan mahkamaga arz qilgan edi.

"Akam huquq faoli, jinoyatchi emas. Uning aynan huquqni himoya qilish faoliyati uchun jazolashmoqchi, buni boshqacha tushuntirib bo‘lmaydi", deydi Sharof Pardayev.

Anglashilicha, O‘ktam Pardayev ustidan "tovlamachilik" bo‘yicha ish ochilgan.

"Bizga telefon qilib, advokat olib kelishimizni so‘rashdi. Hozir shuning harakatidamiz", deydi O‘ktam Pardayevning ukasi.

O‘ktam Pardayev 2012 yilda ham hibsga olingandi.

Bundan bir yil avval BBC mehmoni bo‘lgan O‘ktam Pardayev, militsiya xodimlarining bedodligini tanqid ostiga olgandi.

"Asosan, mahkamalar va ichki ishlar idoralari tarafidan odamlarning haq-huquqlari poymol bo‘lmoqda. Ko‘proq mahkamalar tomonidan, desa bo‘ladi. Aksar oddiy, pulsiz va yoki qonunni tushunmaydigan, o‘z haq-huquqini bilmaydigan odamlarning haqlari toptalayapti. Lekin ularning huquqlarini tiklayotgan bironta davlat idorasini bilmayman. Davlat idoralari oddiy odamlarni himoya qilolmayapti. Viloyatdagi sharoit Toshkentdan farq qiladi. Poytaxtda xorijiy diplomatlar va elchixonalar bor. Biron faolga tazyiq bo‘lsa, elchixona vakillari yetib kelishadi va mahkamalarda qatnashishga intilishadi. Ammo tumanlar uzoq va u yerlarga diplomatlar kelmasligini bilishadi. Shu uchun ham organ xodimlari bemalol, ochiqchasiga odamlarga ham, huquq himoyachilariga ham zug‘um qilishadi, tazyiq o‘tkazishadi", degan edi jizzaxlik inson huquqlari faoli.

Image caption O‘ktam Pardayev

O‘zbekiston dunyoning inson huquqlari eng ko‘p toptaladigan mamlakatlaridan biri sanaladi.

O‘ktam Pardayev o‘ziga "chiqish vizasi" olish uchun kurashayotgani ma‘lum edi.

Ayni "chiqish vizasi" esa, faollarga ko‘ra, mamlakat konstitutsiyasiga xilof bir cheklovdir.

Bu kabi "chiqish vizasi" O‘zbekistondan tashqari dunyoning eng totalitar davlatlaridan biri sanalgan Shimoliy Koreyada saqlanib qolingan, xolos.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

Bu mavzuda batafsilroq