"Navoz Sharif O‘zbekistonda alohida olqishlandi"

Image copyright AFP

Pokiston ommaviy axborot vositalari Bosh vazir Navoz Sharifga Toshkent va Samarqandda alohida ehtirom ko‘rsatilganiga e‘tibor qaratmoqdalar.

Toshkentda Afg‘onistondagi vaziyat va Pokistonning Shanxay Hamkorlik tashkilotiga qo‘shilishi bilan bog‘liq masalalar muhokama qilingan.

"O‘zbekiston Pokistonga nafaqat yaqin qo‘shni mamlakat, balki ulkan siyosiy-iqtisodiy, harbiy-texnikaviy va insoniy salohiyati, qulay geosiyosiy o‘rni va vazmin tashqi siyosati tufayli mintaqada, muhim xalqaro masalalarni hal etishda yetakchi rol o‘ynayotgan davlat sifatida qaraydi", deya Prezident Islom Karimovdan iqtibos keltirgan ommaviy axborot vositalari.

Afg‘oniston mavzusi Bosh vazir Navoz Sharif va O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimov o‘rtasidagi rasmiy muzokaralarda, shuningdek, Pokiston bosh vaziri sharafiga O‘zbekiston prezidentining "Ko‘ksaroy" qarorgohida uyushtirilgan ziyofat payti ham tilga olingan.

"Afg‘onistonda xalqaro yakdillik asosidagi tinchlik muzokaralari yo‘li bilan tinchlik va barqarorlikni o‘rnatish - bizning umumiy fikrimiz. Afg‘oniston shunday geosiyosiy huduki, u nafaqat yaqin atrofi, balki uzoqdagilarga ham ta‘sir qiladi", deb aytgan Prezident Islom Karimov muzokaralar yakunida jurnalistlar bilan uchrashuv payti.

Pokiston Bosh vaziri Navoz Sharif aytishicha, O‘zbekiston ham, Pokiston ham mintaqaviy loyihalarni hayotga tatbiq etish orqali Afg‘oniston va Markaziy Osiyoda barqarorlikni ta‘minlash istagidadir.

Prezident Karimovning jurnalistlarga aytishicha, hozir Shanxay tashkilotiga raislik qilayotgan O‘zbekiston Pokiston bilan Hindistonni tashkilotga qabul qilishni boshlashga oid "yo‘l xaritasi"ni ishlab chiqqan.

"Hujjat barcha manfaatdor tomonlar ko‘rib chiqishi uchun tayyor", deb aytgan Prezident Karimov.

Bosh vazir Navoz Sharif O‘zbekiston Pokistonni ShOS sherigi sifatida dastaklayotgani uchun minnatdorlik bildirgan.

Rasmiylar xabar qilishlaricha, o‘rtada savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar sohalarda hamkorlikni yanada kuchaytirish yo‘llari muhokama qilingan.

Janob Sharif O‘zbekistonga Tojikiston bilan energetika bitimlarini muhokama qilganidan bir necha kun o‘tib tashrif buyurgan.

Tojikiston Prezidenti Emomali Rahmonning Islomobodga safari payti SASA -1000 mintaqaviy energetika hamkorligi loyihasini jonlashtirish masalasi muhokama etilgani xabar qilindi.

Tog‘li o‘lka Tojikiston o‘zining suv zaxiralaridan foydalanib, mintaqaning yirik elektr energiyasi eksportchisiga aylanishni istaydi, ammo O‘zbekiston Tojikistonning Rog‘undek yirik suv ombori barpo etish g‘oyasiga qarshilik qilib keladi.

Pokiston Bosh vaziri Navoz Sharifning O‘zbekistonga safari ikkinchi kunini Samarqandda o‘tkazgan.

Janob Sharif Registon majmuasini, Bibixonim masjidi, Amir Temur va Imom Buxoriy maqbaralarini ziyorat qilgan, Pokiston bosh vaziriga O‘zbekiston Bosh vaziri Shavkat Mirziyoyev hamrohlik qilgan.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

Your contact details
Disclaimer

Bu mavzuda batafsilroq