Mali: Barcha tutqunlar ozod qilindi

Image copyright EPA
Image caption Radisson Blu mehmonxonasida ko‘pincha xorijliklar qolishardi.

"Mehmonxonada bironta ham tutqun qolmadi".

Mali rasmiylari islomiy jangarilar mehmonxonada garovga olgan 170 kishining hammasi ozod etilganini aytishmoqda.

Garovga olish va qutqarish amaliyotlari jarayonida jami uch kishi halok bo‘lgan.

Ertalab soxta diplomatik raqamlar osilgan mashinada mehmonxonaga kirib kelgan qurolli jangarilar "Ollohu Akbar!" kalimasini qichqarib, u yerdagi mehmonlar va ishlovchilarni garovga olishgandi.

Keyinroq Mali maxsus kuchlari AQSh, BMT hamda Frantsiya askarlari qo‘llovida qutqaruv amaliyotlarini boshlashdi.

AQShga qarashli bu mehmonxonada ko‘pincha xorijiylar qolishadi.

Oldinroq garovga olinganlar orasida Frantsiya va Turkiya havo yo‘llarida ishlovchi xodimlar, Hindiston va Xitoy fuqarolari borligi aytilgandi.

Jangarilar Qur‘on oyatlarini yoddan bilgan tutqunlarni o‘sha zahotiyoq qo‘yib yuborishgani ham bildirilgan.

Hozircha jangarilarga nima bo‘lgani va qolgan tutqunlarning ahvoli borasida ma‘lumotlar yo‘q.

Radisson Blu mehmonxonasi bo‘yicha ma‘lumot olish uchun ochilgan maxsus telefon raqami: +33 170837437

Ayni damda, mazkur hujum Parijdagi o‘tgan hafta sodir etilgan zo‘ravonlikka aloqadormi yo yo‘qmi, degan savollar ham ochiq qolmoqda.

Mali - Frantsiyaning sobiq mustamlakasi va mamlakatda hamon Frantsiya kuchlari joylashgan.

Ular hatto mehmonxonadagi tutqunlarni qutqarish amaliyotida ham qatnashganlar.

Jangarilar kimlar?

Mali shimolida musulmonlar zich yashashadi.

Mahalliy aholi so‘fiy musulmonlari bo‘lishsa-da, ammo so‘nggi yillari "Al-Qoida" tizimiga aloqador jangari guruhlar hujumlari kuchaygan.

O‘tgan avgust oyida Malining Sevare shahridagi hujumda islomiy jangarilar BMT xodimlari doxil 13 kishini o‘ldirishgandi.

Bundan to‘rt yil burun Islomiy guruhlar Timbuktu, Kidal va Gao kabi shaharlarni Tuvareg isyonkorlari qo‘lidan tortib olishadi va u yerdagi so‘fiy qadamjolarini buzib, qadimiy qo‘lyozmalarni yo‘qotishdi.

Shu asno Mali shimolida shariat o‘rnatilgandi.

Keyin eng yirik shahar - Bamakoni ham qo‘lga olish niyatlarini aytishgach, Malining sobiq mustamlakachisi bo‘lgan Frantsiya ayni guruhlarga qarshi kurashga aralashdi.

Shimoliy Malini Frantsiya Islomiy kuchlar qo‘lidan tortib olgach, nazoratni BMT va Mali hukumati kuchlariga topshirgandi.

Biroq "Al-Qoida"ga aloqasi bor, deb ishoniladigan Mali jangarilari hamon o‘z faoliyatlarini to‘xtatishmagan.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

TELEGRAMDA ESA kanalimiz -telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

Bu mavzuda batafsilroq