Tojikiston: Ijtimoiy tarmoqlar yana nishonga olindi

Image copyright Getty

Tojikiston hukumati Parij hujumlari ortidan ijtimoiy tarmoqlarni yana nishonga olmoqda.

Tez orada hukumat istalmagan websahifalar va mobil aloqalarni to‘sishni qonuniylashtirib ham oladi.

Qo‘shni Afg‘onistondan xavfsizlikka tahdid bo‘layotgani haqida gapirilarkan, Tojikiston hukumati bir necha kun oldin terrorga oid qonunga parlament tomonidan apil-tapil taqdim qilingan o‘zgartirishlarni ma‘qullab yubordi.

Mazkur qonun xavfsizlik xizmati mas‘ullariga zarur ko‘rilgan paytda internet va mobil aloqalarni bloklash iznini beradi.

Bundan oldin Tojikiston Strategik tadqiqotlar markazi rahbari Parijdagi hujumlarga munosabat bildirgan va ijtimoiy tarmoqlarga cheklovlar qo‘yishga chaqirgandi.

"Xitoydan o‘rnak oling"

Strategik tadqiqotlar markazi rahbari Xudoyberdi Xoliqnazar Facebook, Twitter va YouTube kabi ijtimoiy platformalar kirish cheklangan va yo taqiqlangan mamlakatlarda terrorchi guruhlar faol ishlay olmasligiga urg‘u berdi. Misol sifatida u Xitoyni keltirdi.

"Dunyodagi terror hujumlari va hatto, targ‘ibotlar, jumladan, terror propagandasi asosan internet orqali olib boriladi. Shuning uchun, men bu tarmoqlarni cheklash vaqti keldi, deb o‘ylayman", degandi Xudoyberdi Xoliqnazar davlat televizioni orqali chiqishida.

Uning qo‘shimcha qilishicha, "xuddi shu tarmoqlar orqali yoshlarni noto‘g‘ri yo‘lga boshlovchi, ularni yollovchi va yolg‘on va‘dalar beruvchi" ekstremist va radikal guruhlar faoliyatini shu yo‘l bilan to‘xtatish mumkin.

Janob Xoliqnazarning chiqishidan bir kun o‘tib, Tojikiston parlamenti "Terrorga qarshi kurash" qonuniga o‘zgartirishlar loyihasini ma‘qulladi va uni parlament qo‘mitasiga yo‘lladi.

Ayni o‘zgartirishlarga binoan internet, mobil aloqalari va boshqa elektron media muayyan mintaqalar, shu qatorda mamlakat bo‘ylab cheklanishi mumkin.

Muxolif saytlardan biri - Tajinfo.org ning aytishicha, hukumat turli internet sahifalariga to‘siq qo‘yish bilan muntazam ravishda qonunni buzib kelishayotgan edi.

"Ko‘rinishidan, hukumat bu kabi qonunsizlikka bir qadar mantiqli izoh bilan chiqib, bizning maslahatimizga quloq tutdi. Va Tojikiston parlamenti mamlakatda ushbu saytlarni bloklashni qonuniylashtirishga qaror qildi", deydi u.

"Taqiqlangan ma‘lumotlar"ga to‘siq qo‘yiladi

Tojikiston Aloqa xizmati rasmiysi Jonibek Dadomatovga ko‘ra, terrorni targ‘ib qiluvchi websahifalarga to‘siq qo‘yiladi.

"Qachonki, bunday websahifalar Oliy Mahkama qarori bilan bloklanar ekan, so‘z erkinligiga bosim haqida gapirish mumkinmi? Agar axborot sahifalari taqiqlangan ma‘lumotlarni tarqatsa, shubhasiz, to‘siq qo‘yiladi", deydi u.

Jonibek Dadomatov mazkur websahifalar qanday nazorat qilib borilishi haqidagi savolga javob berar ekan, Oliy mahkama va boshqa huquq-tartibot agentliklari qaysi bir ma‘lumot Tojikiston axborot xavfsizligiga tahdid ekanini belgilab berishini aytgan.

"Texnik muammolar"

Davlat nazorati va to‘lovlar yuqoriligi bois Tojikistonda internetdan foydalanish darajasi pastligicha qolmoqda. Bundan tashqari, mahalliy saytlar u qadar taraqqiy topmagan. Yosh tojikistonliklar asosan Rossiya ijtimoiy tarmoqlaridan foydalanadilar. Ular internetga asosan do‘stlari bilan bog‘lanish maqsadida kirishadi.

Yaqin yillar asnosida Markaziy Osiyoning ushbu mamlakatida matbuot ustidan nazorat kuchaytirildi, ayniqsa, muxolifat eng faol bo‘lgan saytlar nishonga olindi.

Ammo, hukumat rasmiylari websahifalarga to‘siq qo‘yayotganini har doim inkor qilgan va bu holatni "texnik muammolar" bilan izohlagan.

So‘nggi marta ijtimoiy tarmoqlar noyabr boshlarida AQSh Davlat kotibi Jon Kerrining Tojikistonga safari chog‘i bloklandi.

Tojikistondagi Shvetsiyaning TeliaSonera telekommunikatsiya kompaniyasiga qarashli mobil aloqa shirkati TSELL hukumat mulozimlarining talabiga binoan o‘nlab websahifalarga to‘siq o‘rnatganini tan olgan.

Muxolifat saytlari

Tojikistonda o‘nlab websahifalar rasman bloklangan. Aniqroq aytiladigan bo‘lsa, hukumat 300dan ortiq saytga vaqti-vaqti bilan to‘siq qo‘yib kelgan.

Ikki muxolif partiyaning ijtimoiy tarmoqdagi sahifalari ham ekstremizm va terrorizm ayblovlari bilan cheklab qo‘yilgandi.

29 sentyabr kuni Tojikiston Oliy mahkamasi muxolifatda Islom Uyg‘onish partiyasini terrorchi tashkilot deya e‘lon qildi va mamlakatdagi faoliyatiga taqiq qo‘ydi.

2014 yil 9 oktyabrida "Guruhi 24" ham Oliy mahkama qaroriga binoan man qilingandi.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

TELEGRAMDA ESA kanalimiz -telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

Bu mavzuda batafsilroq