Xalqaro Amnistiya: "Pardayevga qarshi ayblar siyosiy"

Image copyright none
Image caption O‘ktam Pardayev O‘zbekistondagi kam sonli inson huquqlari himoyachilaridan biri

Qarorgohi Londonda joylashgan Amnesty International tashkiloti jizzaxlik faol O‘ktam Pardayev inson huquqlarini himoya qilgani uchun jazolanayotganini aytgan.

Mustaqil O‘zbekiston Inson Huquqlari Jamiyati Jizzax viloyat bo‘limining raisi bo‘lgan Pardayev 10 yillik qamoq jazosiga yuz tutmoqda.

18 noyabr kuni unga nisbatan O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 168 va 211 moddalari - firibgarlik va pora olish bo‘yicha ayblov e‘lon qilingan.

O‘ktam Pardayev avvalroq mahalliy rasmiylarning o‘ziga chiqish vizasi bermaslik qarori yuzasidan mahkamaga shikoyat qilgan va OVIR bilan sudlashayotgan edi.

Xalqaro Amnistiyaning ishonishicha, Pardayevning hibsga olinishi O‘zbekiston hukumatining o‘zoq vaqtdan buyon davom etayotgan fuqaro jamiyati faollari va inson huquqlari himoyachilarini qo‘rqitish kampaniyasining bir qismidir.

O‘ktam Pardayev O‘zbekistondagi kam sonli mustaqil inson haqlari himoyachilaridan biridir.

Mamlakat ichkarisi va tashqarisidagi faollar bilan yaqin hamkorlikda ishlagan O‘ktam Pardayev Jizzaxdagi inson haqlarining poymol etilish hollari yuzasidan tekshiruvlar olib borgan va xalqaro matbuotda maqolalar chop etgan.

Hibsga olinganidan to‘rt kun o‘tib, 20 noyabr kuni u bilan uchrashishga muvaffaq bo‘lgan himoyachisiga ko‘ra, O‘ktam Pardayevga qarshi ayblar 9 kishining ko‘rsatmasiga asoslanadi.

Ular Pardayev yer olib berishga va‘da berib, o‘zlaridan pul olganini da‘vo qilishgan.

16 noyabr kuni militsiya Pardayevning Jizzaxdagi uyida tintuv o‘tkazgan va uning kamerasi, kompyuter, SD va fleshkalarini musodara qilgan.

Mahalliy huquq himoyachilarining aytishlaricha, Jizzaxdagi hokimiyat vakillari avvalroq Pardayevga "paxtadan keyin gaplashish" bilan tahdid qilganlar.

Pardayev paxta mavsumida majburiy mehnatga doir monitoring olib borgan edi.

U shu yilning yanvarida chiqish vizasi berilishini so‘rab, mahalliy OVIRga murojaat qilgan, ammo unga viza berilmagan.

O‘ktam Pardayev o‘zining do‘stlari, tashkiloti a‘zolari va hatto unga murojaat qilgan ayrim fuqarolarning Milliy Xavfsizlik Xizmatiga chaqirilib, so‘roqqa tutilgani, ayrimlarining do‘pposlanganliklarini aytgan.

Xalqaro Amnistiyaga ko‘ra, Pardayevga qarshi ilgari surilgan ayblar ortida siyosiy sabablar turibdi.

Tashkilot O‘zbekiston hukumatini o‘zi qabul qilgan va xalqaro qonunlar doirasida olgan majburiyatlarini hurmat qilish, inson haqlari faollariga qarshi taqiblarni to‘xtatishga chaqirmoqda.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

TELEGRAMDA ESA kanalimiz -telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio