Belgiyada "bir necha gumondor qidirilmoqda"

Image copyright EPA

Belgiya poytaxti Bryussel ikkinchi kunni xavfsizlik choralari o‘ta kuchaytirilgan holatda o‘tkazgan.

Bosh vazir Sharl Mishel aytishicha, o‘zlarida qurolli hujum rejalangani haqida ishonchli xabar bor.

"Portlovchi moddalar va o‘tochar qurollar bilan qurollangan bir necha kishi, ehtimolki, bir necha joyga hujum uyushtirishlari mumkinligi haqida ishonchli ma‘lumot bor", deb aytgan Belgiya bosh vaziri.

Ichki ishlar vaziri Yan Jambon aytishicha, qidirilayotgan shaxslar orasida yangi hujumlarni tayyorlashda gumon qilingan odamlar bor.

Bryussel shahri va atrofidagi ko‘chalarni harbiy patrul nazorat qilmoqda.

Shanba va yakshanba kunlari shahar metrosi butkul ishlamagan.

Jamoat transportining aksar qismi qatnovi to‘xtatilgan.

Bryuselliklarga odam gavjum bo‘ladigan joylarga to‘planmaslik maslahati berilgan.

Yakshanba kuni bozor tashkillashtiriladigan ko‘chalar bo‘m-bo‘sh bo‘lgan.

Har xil ko‘ngilochar tadbirlar, futbol o‘yinlari bekor qilingan.

Bundan oldin Saloh Abdusalom qidirilayotgani xabar qilingan.

Saloh Abdusalom 13 noyabr kuni Parij hujumlarida qatnashishda gumon qilinayotgan shaxs.

Bosh vazir Sharl Mishel aytishicha, hujumlarni rejalashtirishda gumon etilayotganlar bir-biri bilan, xususan Saloh Abdusalom bilan bog‘liqmi yoki yo‘qligi aniq emas.

Shu paytgacha Belgiya rasmiylari Parij hujumlariga ishtirok etish ayblovini uch kishiga nisbatan ilgari surganlar.

Bu uch shaxsning "ID" jangarilari ekani aytilgan.

Saloh Abdusalom do‘stlarining ABC telekanali bilan suhbatda aytishlaricha, u bilan Skayp orqali suhbatlashganlar.

Image copyright AP
Image caption Muhammad Abdusalom inisi Salohni taslim bo‘lishga chaqirgan

U Bryusselda yashirinayotganini va Suriyaga yetib olish yo‘lini qidirayotganini aytgan.

Do‘stlarining so‘zlariga ko‘ra, u qopqonga tushib qolganini aytgan.

Do‘stlari aytishicha, bir tomondan Belgiya xavfsizlik kuchlari uni qidirishmoqda, ikkinchi tomondan xudkushlik belbog‘ini ishga solmagani uchun "ID" undan norozi.

RBTF telekanali bilan suhbatda uning inisi Muhammad Abdusalom Salohni taslim bo‘lishga chaqirgan.

Men uni qabristonda emas, qamoqxonada ko‘rishni istardim, degan inisi.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

TELEGRAMDA ESA kanalimiz -telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio