Qrim elektr quvvatisiz qoldi

Image copyright AP

Shanbadan yakshanbaga o‘tar kechasi butun Qrim yarim oroliga elektr quvvati uzatish to‘xtatib qo‘yilgan.

Shu munosabat bilan favqulodda vaziyat e‘lon qilingan.

21 noyabr kuni ertalab Qrimni elektr energiyasi bilan ta‘minlab turgan Ukrainaning Xerson viloyati hududidagi yuqori quvvatli elektr uzatish liniyasi portlagan.

Ukraina rasmiylari LEPning portlovchi modda bilan atayin portlatilgani haqida xabar qilganlar.

Oqibatda Qrim yarim orolining elektr ta‘minoti qisman izdan chiqqan.

Ukrainalik mutaxassislar elektr simlarini ta‘mirlashga kirishganlar.

Biroq Qrimning Rossiya tomonidan anneksiya etilishiga qarshi bo‘lgan faollar elektrchilarning ta‘mir ishlariga xalaqit qilishga uringanlar.

Hodisa joyiga Ukraina maxsus kuchlari bo‘linmasi yuborilgani, faollardan ayrimlari hibsga olingani haqida xabarlar tarqalgan.

Faollarga ko‘ra, Qrimni elektr energiyasi bilan Ukraina emas, o‘ziga qo‘shib olgan Rossiya ta‘minlashi lozim.

Yakshanba kuni ertalab Internet ijtimoiy tarmoqlarida noma‘lum shaxslar Qrimga uzangan Xerson viloyatidagi elektr uzatish tarmog‘ini yana portlatganlari haqida xabarlar tarqalgan.

Image copyright Reuters

Qrim mahalliy rasmiylari aytishlaricha, Sevastopol va Yalta shaharlariga elektr uzatish qisman qayta yo‘lga qo‘yilgan.

Simferopol aeroporti, Kerch parom vokzali va boshqa muhim inshootlar avvalgidek faoliyat yuritayotgani xabar qilingan.

Ammo ko‘plab inshootlar qo‘shimcha yoki zaxira elektr manbalariga ulangan.

Sevastopol shahar favqulodda vaziyatlar idorasidan xabar qilishlaricha, shahardagi uy-joy mavzelarini qisman elektr ta‘mnotidan uzib tejash tartibiga o‘tilgan.

Qrim bosh vaziri o‘rinbosari Mixail Sheremetning jurnalistlarga aytishicha, yarim orol o‘zining elektr quvvatiga bo‘lgan ehtiyojini o‘z manbalari bilan 50 foiz qondirishga qodirdir.

Qrim 2014 yil martida Rossiya tomonidan anneksiya qilingan edi.

Biroq shu paytgacha yarim orol Ukrainaning Xarkov viloyatidan keladigan elektr energiyasi bilan ta‘minlanadi.

Qrimni Ukraina va xalqaro hamjamiyat Ukrainaning tarkibiy qismi deb hisoblaydi.

Oktyabr oyida Ukraina Prezidenti Pyotr Poroshenkodan Qrimga elektr uzatishni to‘xtatish talabi ilgari surilgan petitsiya tashkillashtirilgandi

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

TELEGRAMDA ESA kanalimiz -telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

Bu mavzuda batafsilroq