Rossiya Suriyaga havo zarbalarini kuchaytirdi

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

Rossiya Suriyadagi o‘z ta‘biricha, "terrorchi nishonlar"ga qarshi havo zarbalarini kuchaytirgani va qiruvchi uchoqlari sonini 69 taga yetkazganini aytgan.

Ammo Prezident Putinning aytishicha, havo hujumlarining hozirgi darajasi "Islomiy davlat"ni yengish uchun yetarli emas.

Rossiya to‘rtinchi kundirki, ID nishonlariga qarshi qanotli raketalardan hujumlarni amalga oshirayotganini ma‘lum qilgan.

Uzoq masofaga mo‘ljallangan raketalar Kaspiy dengizidagi harbiy kemalardan otilgan.

Xabarlarga ko‘ra, ulardan ba‘zilari strategik jihatdan muhim Dayr al-Zaur mintaqasidagi ID jangarilarini nishonga olgan.

Suriya sharqida ID nazorat qilayotgan shahar jangarilar o‘zlarining poytaxti deb e‘lon qilgan Raqqa bilan Iroqdagi jihodchilar qo‘lidagi hudud o‘rtasida joylashgan.

Dayr al-Zaur neftga boy mintaqa ham hisoblanadi.

Rossiya harbiylari juma kuni 18 ta qanotli raketa otilgani va Raqqa, Idlib hamda Aleppo shaharlaridagi yettita "islomiy" nishonlar yo‘q qilinganini aytishgan.

AQSh Markaziy Qo‘mondonligi vakili Rossiyaning oxirgi kunlardagi havo hujumlari IDga tegishli ko‘proq mintaqalar, jumladan, guruhning neft infratuzilmalarini nishonga olganini aytgan.

Ammo polkovnik Patrik Rayderning so‘zlariga ko‘ra, "Rossiyaning aksariyat havo zarbalari hanuz Suriyaning mo‘‘tadil muxolifat kuchlariga qaratilgan va Prezident Bashar Asad rejimini dastaklamoqda".

BBCning Moskvadagi muxbiri Stiv Rozenbergning aytishicha, Rossiya Mudofaa vazirligi e‘lon qilgan videoda rus askarlari bombalarni uchoqqa joylashdan avval ularning ustiga "Bu biznikilar uchun qasos" va "Bu Parij uchun" degan iboralarni yozayotganlarini ko‘rish mumkin.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

TELEGRAMDA ESA kanalimiz -telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio