Tojikiston: "IShID chilar soni 700 dan ortgan"

Image copyright APTN

Agar, Tojikiston Milliy Xavfsizlik Davlat qo‘mitasi vakili keltirgan yangi raqamlarga tayanilsa, bu – o‘tgan yarim yil ichida "Islomiy Davlat" saflarida jang qilayotgan tojik fuqarolarining soni qariyb ikki barobarga ortganini anglatadi.

Tojikiston Ichki ishlar vaziri Ramazon Rahimzoda shu yil may oyida joriy paytda Iroq va Suriyada bo‘lgan fuqarolarining soni 386 kishini tashkil etishini aytgandi.

Ammo vazir janoblari ularning sirasiga Suriya va Iroqdan tashqari, Pokiston va Afg‘onistonda ham jang qilayotgan fuqarolari kirishini bildirgandi.

Tojikiston Ichki ishlar vaziri, o‘z o‘rnida, jangarilikda gumon qilinayotgan shaxslarga nisbatan 150 ta jinoiy ish ochilganini ham ma‘lum qilgan.

Suriya va Iroqda halok bo‘lgan fuqarolarining soni 50 nafar ekanini ham qo‘shimcha qilgandi.

Qo‘mitaning Dushanbe boshqarmasi xodimi Bahriddin Mahmadovning shu kunlarda bayon qilishicha esa, hozirga kelib bu raqamlar 700 dan ham ortgan.

Asia-Plus mustaqil axborot agentligi xabariga ko‘ra, xavfsizlik qo‘mitasi xodimi yangi ma‘lumotlarni Tojikiston poytaxtida bo‘lib o‘tgan va yoshlar radikallashuvining oldini olishga qaratilgan xalqaro anjuman chog‘ida oshkor qilgan.

Ammo, Bahriddin Mahmadovga ko‘ra, ulardan 300 nafari allaqachon halok ham bo‘lishgan.

Tojikiston Milliy Xavsfizlik Davlat qo‘mitasi vakilining chiqishidan ma‘lum bo‘lishicha, "Islomiy Davlat" saflarida jang qilayotgan 417 fuqarolarining kimlar ekanini aniqlashgan: Ulardan 90 ga yaqini poytaxt dushanbelik bo‘lib chiqqan.

Agar, uning so‘zlariga tayanilsa, Yaqin Sharqdagi qurolli mojarolarda bevosita ishtirok etgan 394 tojikistonlikka nisbatan 370 ta jinoiy ish ham ochilgan.

Tojikiston prezidenti yaqinda qilgan chiqishlaridan birida yoshlarni mo‘maygina pul ilinji "Islomiy Davlat" saflariga tortayotganini bayon qilgandi.

Mahalliy kuzatuvchilarga ko‘ra esa, tojikistonlik fuqarolar ko‘proq Yaqin Sharqdagi bu guruhning global islomiy xalifat qurish g‘oyasiga uchishmoqda.

Bundan tashqari, Tojikistondagi ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy vaziyat va so‘nggi yillarga kelib, dindorlarga nisbatan kuchayib borayotgan turli ko‘rinishdagi bosimlar ham bu masalada o‘z so‘zini aytmay qolmayotir, deyishadi ular.

Image copyright

Yaqinda Tojikiston Ichki ishlar vazirligi maxsus tezkor bo‘linmasi (OMON) rahbari polkovnik Gulmurod Halimov Yaqin Sharqdagi "Islomiy Davlat" guruhi saflariga qo‘shilgan eng yuqori martabali Tojikiston fuqarosi bo‘lgandi.

Suriya va Iroqda jang qilayotgan tojikistonliklar orasida sobiq mehnat muhojirlari ham oz emasligi, ularning guruh saflariga Rossiyadan yollanganliklari aytiladi.

Shu yil may oyida Tojikiston Ichki ishlar vazirligi kutilmagan bayonot bilan chiqqan: Iroq va Suriyada jang qilayotgan fuqarolari ortga qaytishsa, ularni afv etishga va‘da bergan, qaytishlariga, hatto, o‘zlari ko‘mak berishlarini ham bildirgandi.

O‘z o‘rnida ta‘kidlash joiz, Tojikiston chetda jang qilayotgan fuqarolariga rasman afv taklif qilgan birinchi Markaziy Osiyo davlati bo‘ladi.

Agar, Xalqaro Inqiroz guruhi yaqinda e‘lon qilgan ma‘lumotlarga tayanilsa, hozirga kelib, Suriya va Iroqda jang qilayotgan markaziy osiyoliklarning soni ikki mingdan-to‘rt ming nafargacha bo‘lishi mumkin. Ularning orasida eng ko‘pini o‘zbeklar tashkil etishi aytiladi.

Qirg‘iziston esa, o‘z hududida "Islomiy Davlat" guruhining faoliyatini rasman taqiqlangan mintaqadagi birinchi davlat bo‘lgandi.

Buning ortidan, Tojikiston ham dunyodagi eng qudratli va badavlat bu jangari guruhni ekstremistik va terrorchi, deya e‘lon qilgandi.

Shu yil avgust oyida esa, Tojikiston Prezidenti Emomali Rahmon "Islomiy davlat" va boshqa terrorchi guruhlarga aloqadorligi aniqlangan shaxslarning avtomatik ravishda mamlakat fuqaroligidan chiqarib yuborilishiga oid yangi farmonga imzo chekkandi.

So‘nggi oylarda Markaziy Osiyoning aksariyat davlatlariga bevosita chegaradosh Afg‘onistonda "Islomiy Davlat" guruhi o‘zining ham anchayin faollashgani kuzatiladi.

Image copyright BBC World Service

Shundoq biqinlarida kechayotgan qaqshatqich janglar Tojikiston tomonini ham jiddiy xavotirga solmay qo‘ymagan, ularni Afg‘oniston bilan o‘zaro chegarani yanada mustahkamlash uchun qator qo‘shimcha chora-tadbirlarga qo‘l urishga ham undagan.

Ammo ICSR va AQSh Markaziy Josuslik Xizmatining shu yil mart oyida e‘lon qilgan rasmiy ma‘lumotlari "Islomiy Davlat" safidagi markaziy osiyolik jangarilarning eng katta sondagisi o‘zbekistonliklar ekaniga dalolat qilgandi.

Davlatlar ro‘yxatining yuqori 13 taligidan sobiq Sho‘ro Respublikalari orasidan faqat Rossiya va O‘zbekiston joy olgandi.

1.500 ta ekani aytilgan jangarilarining soni bo‘yicha Rossiya ro‘yxatda uchinchi o‘rinni egallagan.

"Islomiy Davlat" safidagi "500 nafar jangarisi" bilan O‘zbekiston eng quyi o‘rinda kelgandi.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

TELEGRAMDA ESA kanalimiz -telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

Bu mavzuda batafsilroq