Turkiya Rossiya "qiruvchi uchog‘ini" urib tushirdi

Image copyright Reuters
Image caption Turkiyaning harbiy F16 uchog‘i

Turkiya harbiy uchoqlari Suriya bilan chegaraga yaqin o‘z hududida Rossiya qiruvchi SU- 24 uchog‘ini urib tushirgan.

Turkiya harbiy mulozimlari bu haqda ma‘lum qilar ekan, ayni uchoq mamlakat havo hududini buzgani va Turkiyaning F-16 harbiy uchoqlari yordamida urib tushirilganini aytgan.

Interfaks xabar agentligiga ko‘ra, ikki uchuvchi parashyutda uchoqni tark etishgan.

Mulozimlarga ko‘ra, uchuvchilar avvalroq ogohlantirilgan.

Ayrim xabarlarga ko‘ra, uchuvchilardan biri halok bo‘lgan, ikkinchisi esa mahalliy isyonkorlar tomonidan hibsga olingan.

Rossiya prezidenti Vladimir Putinga ko‘ra, Su-24 uchog‘i Suriya hududida, Turkiya chegarasidan bir chaqirim uzoqda bo‘lgan vaqti urib tushirilgan.

Putinning ta‘kidlashicha, uchoq Turkiyaga hech qanday xavf solmagan va bu "terrorchilarning sheriklari tomonidan orqadan pichoqlash"ga teng amaldir.

Rossiya prezidenti Turkiyani ayni hodisa jiddiy oqibatlarga olib kelishidan ogohlantirgan.

Turkiya ommaviy-axborot vositalarida bu noma‘lum uchoqning Latakiya viloyatidagi tog‘li mintaqaga qulagani aks etgan video joylashtirilgan.

Rossiya harbiy uchoqlari Suriya prezidenti Assadni dastaklab, ayni mintaqada jihodiy jangarilar qatorida G‘arb dastaklayotgan isyonkorlarni nishonga olib kelayotgandi.

Moskva o‘z harbiy uchoqlari faqat "terrorchilarni" nishonga olishini aytib keladi.

Ammo faollarga ko‘ra, Rossiya uchoqlari G‘arb dastaklayotgan isyonkor guruhlarga qarshi hujumlar uyushtirmoqda.

Turkiya Suriya prezidentining ashaddiy tanqidchilaridan biri o‘laroq, muqaddam Suriya va Rossiyani o‘z chegara hududlariga daxl qilmaslik bilan ogohlantirgan edi.

O‘tgan oy Anqara Turkiyaning F-16 uchoqlari mamlakat havo hududini Rossiya harbiy uchog‘i buzib kirganini ro‘yxatga olishganini ma‘lum qilgan edi.

Anqara Rossiya uchog‘i o‘z hududiga kirganini tasdiqlovchi havo xaritasiga egaligini aytmoqda.

Rossiya esa harbiy uchoq Turkiya hududiga kirmaganini urg‘ulamoqda.

Jonatan Markus, BBC Mudofaa masalalarida muxbiri:

"Rossiya Suriyada havo hujumlarini boshlashidan avval aksariyat aynan mana shunday bir holat bilan ro‘para kelishdan xavotirda edi.

Turkiya hududiga yaqin mintaqada harbiy amaliyotlar olib borish xatarli ekani ham ma‘lum edi.

Turkiya uchoqlari muqaddam Suriyaning harbiy uchog‘i va vertolyotini urib tushirgandi.

Rossiya o‘z uchog‘i Turkiya havo hududiga kirmaganini aytmoqda, ammo rus uchuvchisi noto‘g‘ri parvoz qilayotganmidi?

Turklarning o‘t ochishga qanchalar tayyor ekanligi borasida savollar ham o‘rtaga chiqishi mumkin.

Aftidan, Suriya osmonida turfa jangovar uchoqlar o‘rtasida bu kabi holatlarning oldini olishga doir qator mubohasalar va kelishuvlar ish bermagan.

Turkiya mulozimlari tabiiyki, bu kabi kelishuvlar xorijiy harbiy uchoqlar o‘z hududiga kirsa, mutlaqo ishlamasligini urg‘ulashadi.

Hozirda Rossiya uchog‘i yerdan urib tushirildimi va yoki Turkiya uchoqlari tomonidanmi, bu savolga turfa va qarama-qarshi xabarlar tarqalmoqda.

O‘rtada ayni holat yuzasidan diplomatik "mushakbozlik" bo‘lishi turgan gap".

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

TELEGRAMDA ESA kanalimiz -telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio