Taniqli imom Rashod Kamolov 10 yilga qamaldi

Qirg‘izistonlik asli o‘zbek taniqli imom Rashod Kamolov 10 yilga ozodlikdan mahrum etildi.

Diniy adovatni qo‘zg‘ash, taqiqlangan ma’lumotlarni saqlash va o‘z lavozimini suiste’mol qilib ularni tarqatishda aybdor deb topilgan imom o‘zining siyosiy buyruq qurboni bo‘lganini aytmoqda.

24 noyabrda O‘sh viloyat sudida qorasuvlik imom Rashod Kamolov ustidan bo‘lib o‘tgan sud jarayoni yakuniga etdi. Unda davlat qoralovchisi Gulnora Erkinboeva sudlanuvchini Qirg‘iziston jinoyat kodeksining 299-moddasi va 299-moddaning 2-bandi bilan aybdor deb topib 9 yillik qamoq jazosiga hukm etishni sud hakamlaridan so‘radi.

"Men sizlardan Rashod Kamolovni "diniy adovatni qo‘zg‘ash", hamda "taqiqlagan ma’lumotlarni saqlash va ularni o‘z lavozimini suistemol qilgan holda tarqatganlikda aybdor deb topib, umumiy 9 yillik qamoq jazosini kuchaytirilgan tartib qamoqxonasida o‘tashini tayinlashingizni so‘rayman", - dedi prokuror Erkinboeva.

Sud jarayonini olib borayotgan hakamlar sudlanuvchi Rashod Kamolovga o‘z fikrini aytish uchun so‘ngi so‘zni berdi.

"Hurmatli sud hakamlari, bir yil avval shu viloyat sudida meni o‘ldirmoqchi bo‘lib O‘zbekistondan kelgan killerni sudlab, unga o‘n etti yillik qamoq jazosini tayinlagansizlar. Lekin, u inson yaqinda tushunarsiz vaziyatda qamoqdan bo‘shatilib, O‘zbekistonga o‘tib ketibdi. Men esa bu erda o‘tiribman. Odamlarga haqiqatni tushuntiraman deb bugun qamoqdaman. Barcha aytilgan ma’lumotlarni inobatga olgan holda meni oqlashingizlarni iltimos qilaman" - deya murojaat qildi Rashod Kamolov.

Imomning advokatlari ham ayblanuvchi aybsiz ekanligini, unga nisbatan jinoiy ish mujmal qarorlar asosida qo‘zg‘atilganiga urg‘u berib o‘tdilar.

"Rashod Kamolovning ma’ruzalarini ekspertiza qilgan Davlat din ishlari bo‘yicha qo‘mita xodimi bu sohaga umuman aloqasi yo‘q inson ekanligi bo‘yicha biz etarlicha ma’lumot va dalillar to‘plaganmiz. Qolaversa, sud imomning uyidan topilgan diskni, joriy yil boshida O‘shda qo‘lga olingan amerikalik jurnalist Umar Farrux ishi buyicha ta’qiqlanganmagan deb topgan. Va na tuman sudi va na tergovchi yoki prokurorlar Kamolovni qay bir din bilan adovatni qo‘zg‘aganligini ayta olayaptilar. Shularning barchasini inobatga olgan xolda Rashod Kamolovni to‘liq oqlashingizni so‘raymiz", - dedi advokat Husanboy Soliev.

Tomonlar fikrini eshitganidan so‘ng, sud hakamlari muhokama xonasiga chiqib ketdilar va 10 daqiqadan so‘ng sud zaliga kirib hukmni o‘qidilar.

"Sudlanuvchi Rashod Kamolov Qirg‘iz Respublikasining 299-moddasi va 299-moddasining 2-bandi bilan aybdor deb topilsin va umumiy 10 yillik qamoq jazosiga hukm etilsin. Jazo kuchaytirilgan tartib qamoqxonasida o‘talsin", - dedi sud hakami.

Hukmdan norozi bo‘lgan Rashod Kamolovning adovakatlari apellyatsiya arizasi bilan Oliy sudga murojaat qilish niyatida ekanliklarini aytishdi.

O‘sh viloyatiga qarashli Qorasuv shahrida joylashgan "As-saraxsiy" masjidi imomi Rashod Kamolov joriy yilning fevralida ekstremizmda gumonlanib qo‘lga olingandi.

Uzoq davom etgan sud jarayonlaridan so‘ng, 7 oktyabrida Qorasuv tuman sudi Kamolovni 5 yillik qamoq jazosiga hukm etgan edi.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

TELEGRAMDA ESA kanalimiz -telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio